Osiyo o‘yinlari. O‘zbekistonlik sportchilardan ketma-ket medallar
O‘zbekiston delegatsiyasi ilk medalini qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston delegatsiyasi XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida dastlabki medalini qo‘lga kiritdi. “Pochin” akademik eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasida engil vazn toifasidagi juftlik dasturida ishtirok etgan Luizaxon Islomova hamda Malika Tagmatova hisobiga yozildi.
Hamyurtlarimiz murosasiz kechgan final dasturida marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tishdi va kumush medalini qo‘lga kiritishdi.

Ikkinchi start, ikkinchi medal!
O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyo o‘yinlarida ikkinchi medalini qo‘lga kiritdi. Akademik eshkak eshish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida engil vaznli sportchilar bahsida Shahzod Nurmatov hamda Sobirjon Safaraliev bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Oltin va kumush medallari esa Xitoy hamda Hindiston jamoalariga nasib etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida uchinchi medal!
Akademik eshkak eshish bahslarida ishtirok etayotgan sportchilarimiz har bir startda shohsupaga ko‘tarilishmoqda. Bu gal M2x dasturida ishtirok etgan Shahboz Xolmirzaev hamda Mehrojbek Mamatqulov juftligi kumush medalini qo‘lga kiritdi. Mazkur startda oltin medal Xitoy, bronza medali esa Indoneziyaga nasib etdi.

O‘zbekiston terma jamosida yana bir kumush medal
M2- dasturida qatnashgan akademik eshkak eshuvchilarimiz Shehroz Hakimov hamda Dilshodjon Xudoyberdiev marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tishdi. Ushbu dasturda oltin medal Gonkong, bronza medali Hindiston jamoalariga nasib etdi.

Keldiyorova finalda, Nurillaev va Qurbonova bronza medali uchun kurashadi
"Xiaoshan Linpu Gymnasium" arenasida dzyudo bahslari start oldi. Ayni paytga kelib, Halima Qurbonova (-48 kg) ilk g‘abalasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Dilshod Baratov (-60 kg) imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Diyora Keldiyorova (-52 kg) final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Sardor Nurillaev (-66 kg) va Halima Qurbonova (-48 kg) bronza medali uchun bahs olib boradigan bo‘ldi. Kechki dasturdagi juftliklar quyidagicha:
Final:
-52 kg: Diyora Keldiyorova – Birshelt Xorlodoi (BAA)
Bronza medali uchun:
-66 kg: Sardor Nurillaev – Narmandax Bayanmunx (BAA)
-48 kg: Halima Qurbonova – Xekeong Li (Janubiy Koreya)

Stol tennischilarimizning ishtiroki yakunlandi
Stol tennisi bellashuvlarida qatnashayotgan qizlarimiz pley-of bosqichidagi yurushini chorak final ostonasida tugatishdi. Vetnamga qarshi bahs olib borgan Marhabo Magdieva, Rozalina Xajaeva hamda Asel Erkebaevadan iborat jamoamiz 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

Alise Faxrutdinova ikkinchi bor Olimpiadaga yo‘llanma oldi
Zamonaviy beshkurash bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslari yakunlandi. Unda ishtirok etgan Tokio-2020 Olimpiadasi qatnashchisi Alise Faxrutdinova musobaqani 1327 ochko bilan 7-o‘rinda tugatdi. Quvonarlisi, ushbu natija Faxrutdinovaga Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasini taqdim qildi.

Rapirachi yigitlarimiz ham ishtiroklarini tugatdi
Qilichbozlik bellashuvlarida medallar uchun kurashuvchi sportchilar nomi ma’lum bo‘lmoqda. Afsuski, erkaklar o‘rtasidagi rapira dasturida ishtirok etayotgan sportchilarimiz final bosqichiga yo‘l ola bilishmadi. Muhammad Yusuf Asranov 1/8 finalda, Doniyor Sa’dullaev esa guruh bosqichida ishtirokini yakunladi. Birozdan so‘ng shpagachi qizlarimiz ham bahslarga kirishadi.

Fikrlar