Otabek Valijonov: "Navbahor"da ajoyib yillarni o‘tkazganman"

Tajribali yarim himoyachi Otabek Valijonov ayni vaqtda faoliyatini Bangladesh chempionatida davom ettirmoqda. U BJMS klubida to‘p surmoqda. Kuni kecha biz futbolchi bilan bog‘landik va bir qator savollarimizga javob oldik.

- Dastlab Bangladeshga qay tariqa yo‘l olganingiz xususida aytib o‘tsangiz?

- Bangladeshga futbol agenti orqali yo‘l oldim. Ya’ni, agentim menga Bangladesh oliy divizionida to‘p surayotgan jamoadan taklif tushayotganini aytib o‘tdi. Shundan keyin bu taklifni o‘ylab, oila a’zolarim bilan maslahatlashgan holda Bangladeshga etib bordim va BJMS klubi bilan shartnoma imzoladim.

- Klub bilan shartnomangiz qachon yakunlanadi?

- Kelishuvimiz may oyiga qadar amalda bo‘ladi. Biroq chempionatning biroz kech start olganligi tufayli, shartnoma biroz uzaytirilishi ham mumkin.

- Jamoada sizdan boshqa legionerlar ham bormi? Klub sizlar uchun alohida kvartira berdimi?

- Klubimizda to‘rt nafar legioner to‘p suradi. Xabaringiz bor, Furqat Hasanboev ham BJMSda to‘p surmoqda. Ikki nafar o‘zbekistonlikdan tashqari, Nigeriya va Kamerundan futbolchilar ham bor. Bizga alohida kvartira berishgan.

- Umuman olganda, BJMS haqida nimalarni ayta olasiz? Har holda bu klub o‘zbekistonlik muxlislar uchun notanish

- Yaxshi sharoitlarga ega klub, moliyaviy tomondan ham barqaror hisoblanadi. Jamoamizga katta zavod homiylik qiladi. Ular vaqtida maoshlarimiz bermoqda. Shuningdek, barcha sharoitlarni yaratib berishayotganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Bangladeshda hamma klublarda moliyaviy tomonlama muammo yo‘q. Ayrim klublar juda ko‘p maosh to‘lashadi.

- Til masalasida qiynalmayapsizlarmi?

- Biroz qiyinchilik bor. Lekin biz imkon qadar til topishishga harakat qilmoqdamiz. Qolaversa, futbolning tili bir. Murabbiylarning ko‘rsatmalarini tushunish jarayonida qiyinchilikga duch kelganimiz yo‘q.

- Ob-havo qanday?

- Albatta, bu erning iqlimi juda issiq va dim. Bu esa albatta o‘ziga yarasha qiyinchilik keltirib chiqaradi. Biroq bu erga kelganimizga ko‘p vaqt bo‘ldi. Ancha moslashib keta oldik.

- Taom masalasi qanday?

- Oshpazlarimiz men va Furqat Hasanboevga alohida taom tayyorlab berishadi. Bu borada ham muammo yo‘q, hammasi joyida.

- Bangladeshda futbolga qiziqish yuqorimi?

- Ha, mahalliy aholi millionlar o‘yinini yaxshi ko‘rishadi. Bellashuvni tomosha qilish uchun stadionlarga tashrif buyurishadi. Yildan-yilga Bangladesh futbolida ijobiy tomonga o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Klublar evropalik futbolchi va mutaxassislarni olib kelishyapti. 

- Faoliyatingizning yorqin damlarini "Navbahor"da o‘tkazganmiz. Qachondir, sizga yana bu klubdan taklif tushsa, buni qabul qilarmidingiz?

- Albatta. Chunki "Navbahor"da ajoyib yillarni o‘tkazganman. Bu klubdagi o‘tkazgan yillarimni sog‘inaman. Namanganda bizni sevishardi. Yaxshi yoki yomon paytlarimizda ham muxlislarimiz bizni yolg‘izlatib qo‘ymasdi. Aksincha, dalda berib, jamoani qo‘llab-quvvatlardi. Qachonki, "Navbahor"dan taklif tushadigan bo‘lsa, buni albatta qabul qilaman. Sevimli jamoam uchun yordam berish istagidaman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!