O‘tkir Yusupov: "Asosiy maqsad "Navbahor"ni Osiyo Chempionlar ligasiga olib chiqish"

  • 11 may, 2019, 09:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Navbahor” jamoasining bu yilgi maqsadi ancha jiddiyligini hamma yaxshi bilsa kerak. Tarkib ham shunga yarasha imkon darajasida kuchaytirildi. Mavsum boshida esa jamoaga bir qator yangi o‘yinchilar taklif qilindi. Ularning orasida esa iqtidorli darvozabon O‘tkir Yusupov ham bor. U o‘tgan yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra chempionatimizdagi eng yaxshi darvozabonlardan biri bo‘ldi. Natijada O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosiga ham aylandi. “Navbahor” esa ushbu o‘yinchiga jiddiy qiziqish bildirdi va natijada uni o‘z safiga qo‘shib oldi. Ayni paytda Yusupovning Namangandagi faoliyati chakki emas. Uning jamoasi hozircha 3-o‘rinda boryapti. Nihoyat, “Navbahor” o‘z maydonida o‘ynashni ham boshladi. 7-turda Namanganda “So‘g‘diyona”ga qarshi bu mavsumdagi ochilish o‘yini bo‘lib o‘tdi va unda mezbonlar ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritishdi. O‘tkir Yusupov bilan suhbatimiz esa avvalo ushbu o‘yin bilan boshlandi.

Tecno

“Nazarimda, jizzaxliklar o‘yindan oldinoq yutqazib bo‘lishgandi”

- Namanganda futbolni juda yaxshi ko‘rishadi. Har bir uchrashuvda stadion muxlislar bilan mana shunday to‘lib ketadi. Bunday paytda taassurotlar ham boshqacha bo‘ladi. Muxlislarning tinimsiz qo‘llab-quvvatlashi natijasida charchaganingiz ham bilinmay ketadi, - deydi darvozabon.

- “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvda “Navbahor” birinchi bo‘limning o‘zidayoq uchta gol urib o‘yin taqdirini deyarli hal qilib qo‘ydi. Buning asosiy sababi qattiq tayyorgarlikmi yoki stadiondagi muxlislarning daldasimi?

- “Dinamo” bilan uchrashuvda biz ochko yo‘qotgandik. Ammo Samarqandda yutishimiz ham, yutqazishimiz ham mumkin edi. Shuning uchun bu safar ishqibozlarimiz ko‘z o‘ngida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritishimiz kerak edi. Biz maydonga Namangan xalqini xursand qilish uchun chiqqandik. Chunki bu o‘yin “Navbahor” stadionida ushbu mavsumdagi ochilish o‘yini edi. Menimcha, jizzaxlik futbolchilar ham stadiondagi muxlislarni va muhitni ko‘rib o‘yindan oldinoq yutqazib bo‘lishgandi deb o‘ylayman.

- “Nasaf” orqali katta futbolga qadam qo‘ygan bo‘lsangizda, keyinchalik faoliyatingizni asosan vodiyda davom ettirib, yanada tanildingiz. “Neftchi”, “Qo‘qon-1912” va mana endi “Navbahor”dasiz...

- Vodiyda futbolni juda sevishadi. Har bir o‘ynagan jamoamda o‘ziga yarasha iliq taassurotlar qolgan. Albatta, ushbu klublarda yaxshi va yomon kunlarimni o‘tkazdim. Lekin umumiy ma’noda aytganda, vodiyda to‘p surish juda yoqimli.

- Ko‘pchilik esa sizni “Qo‘qon-1912”dagi faoliyatingiz davomida ancha o‘sdi degan fikrlarni aytishadi. Bunga qanday qaraysiz?

- 2017 yili “Neftchi” bilan ko‘ngildagidek mavsumni o‘tkaza olmagandik. O‘shanda murabbiylarning almashinuvi ham ta’sir ko‘rsatgandi. 2018 yilgi chempionatni esa Qo‘qonda o‘tkazdim. U erga No‘’mon Hasanovning taklifiga ko‘ra borganman. No‘’mon aka menga katta ishonch bildirdi va hamma o‘yinlarda ishtirok etdim. Qo‘qonda ko‘plab muxlislar orttirdim deb o‘ylayman. Shuningdek, u erda o‘ynab milliy terma jamoa a’zosiga aylandim. Siz aytganingizdek, “Qo‘qon-1912”dagi faoliyatimda o‘sish bo‘ldi.

“Namangandan jiddiy taklif bo‘lgani uchun ortiq kutib tura olmasdim”

- Futbolchining o‘sishida asosiy omil nima deb o‘ylaysiz? Murabbiyning ishonchimi yoki boshqa narsami?

- O‘yindan-o‘yinga maydonga tushib o‘ynaversangiz sizning amaliyotingiz ham oshib boraveradi. Bu orqali futbolchining o‘ziga bo‘lgan ishonchi ham ortadi. Hammasi o‘yindan-o‘yinga qo‘shilib borayotgan malakada deb hisoblayman.

- Lekin “Qo‘qon-1912”ni tark etganingizdan keyin bosh murabbiy No‘’mon Hasanov sizning jamoadan ketib qolganingizdan xafa bo‘lganini yashirib o‘tirmagandi. Bu borada o‘zingiz nima degan bo‘lardingiz?

- Ha, bundan xabarim bor. Bilasiz, men O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan Osiyo Kubogi musobaqasiga ketgandim. O‘sha paytlarda esa “Qo‘qon-1912” klubida ancha o‘zgarishlar bo‘lgandi. Bilasizmi, chempionat tugab, ta’tilga chiqib ketayotgan paytimizda ham rahbariyat hech bir futbolchi bilan yangi shartnoma masalasi bo‘yicha gaplashmagandi. To‘g‘risi, bu jarayon bir muncha cho‘zilib ham ketdi. Yangi mavsum boshlanishiga oz fursat qolganidagina “Qo‘qon-1912” futbolchilar bilan shartnomalar imzolashdi. Men esa kutib tura olmasdim. Boisi menga esa “Navbahor”dan yaxshi taklif tushgandi. Ularning maqsadi jiddiy bo‘lib, chempionlik uchun kurashishga ahd qilishgandi.

- Klubni tark etayotganingizda No‘’mon Hasanov bilan gaplashganmidingiz yoki yangi taklifni mustaqil qabul qildingizmi?

- No‘’mon aka bilan gaplashganman. Lekin shoshmay turgin deb aytgandi. “Navbahor” o‘zi uchun darvozabon qidirayotgandi va ular ham ortiq kutib tura olishmasdi. Osiyo Kubogida Avstraliyaga qarshi o‘yindan keyin mening masalam hal bo‘layotgandi. Men esa u paytda ham “Qo‘qon-1912”dagi o‘yinchilar bilan gaplashib turgandim va hali ular ham yangi shartnoma tuzishmagandi. O‘sha paytlarda biroz tushunmovchilik bo‘lib turgandi. Menga esa shu orada namanganliklardan jiddiy taklif bo‘layotgandi. Natijada Dubaydan to‘g‘ri Simferopolga borib, “Navbahor”ning yig‘iniga qo‘shilganman.

“Paxtakor”ga qarshi ajoyib o‘yin bo‘ladi”

- Sizni “Navbahor”ga aynan Andrey Kanchelskisning o‘zi taklif qilganmidi yoki boshqasimi?

- “Navbahor” rahbariyati mening nomzodimni Kanchelskisga berishgan. Natijada u men haqimda klubdagi darvozabonlar murabbiyi bilan maslahatlashgan. Pavel Sinelnikov bilan esa “Mash’al”da birga ishlagandik. Xullas, Sinelnikov mening nomzodimni Kanchelskisga ma’qullagan.

- Siz ham Andrey Kanchelskisni sobiq futbol yulduzlaridan biri sifatida bilardingiz. Ammo murabbiylikda nimalarga qodirligini bilmasdingiz. Xo‘sh, u bilan ishlash jarayonida murabbiy haqida sizda qanday tushunchalar paydo bo‘ldi?

- To‘g‘ri aytasiz, bungacha uni faqat futbolchilik faoliyati orqali bilardik. Endi esa o‘zi bilan birga ishlayapman. Kanchelskis haqidagi taassurotlarim iliq. U yaxshi inson va yaxshi murabbiy. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, biz o‘yindan-o‘yinga kuchayib boryapmiz. Mashg‘ulotlarda ter to‘kib ishlayotganimiz va maydonda qilayotgan mehnatlarimiz yarasha o‘z o‘yinimizni topib boryapmiz.

- “Navbahor” keyingi o‘yinini Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi o‘tkazadi. Markaziy uchrashuvni hamma kutyapti. Chempionlik uchun kurashayotgan ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yin oldidan nima degan bo‘lardingiz?

- “Paxtakor”ga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. O‘z maydonimizdagi ishonchli g‘alabadan keyin Toshkentdan ham yaxshi natija bilan qaytamiz dega umiddaman. Biz ham muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishini istaymiz. O‘ylashimcha, juda qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. Muhimi, bizda o‘zimizga bo‘lgan ishonch katta.

“Men hozircha 8 ta emas, 5 ta gol o‘tkazdim”

- “Navbahor” hozirgacha 7 ta o‘yinda o‘z darvozasidan 8 ta gol o‘tkazib yubordi. Tabiiyki, ikki ustun orasini qo‘riqlayotganingiz uchun siz ham bunday statistik raqamlarga befarq emassiz. Bu raqam darvozabonlar uchun normalmi?

- Men 7 ta o‘yinning 6 tasida o‘ynadim. “Bunyodkor” bilan uchrashuvda zaxirada edim. Shunday ekan, uchta golni men o‘tkazib yubormadim. Shu sababli 6 ta uchrashuvda 5 ta gol o‘tkazib yuborilishini darvozabon uchun normal holat deb o‘ylayman. Aslida esa har bir darvozabon birinchi navbatda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga harakat qiladi.

- O‘shanda zaxirada qolishingiz tarkibdagi rotatsiya bilan bog‘liqmidi yoki boshqa sababi bormidi?

- “Qo‘qon-1912” bilan uchrashuvda xatoga yo‘l qo‘ygandim. Keyin “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng murabbiylar bilan gaplashdim va ular menga ruhiy tomondan o‘ziga kelib olsin deya xordiq berishimiz kerak degan fikrga kelishdi. Shuning uchun “Bunyodkor” bilan bahsda zaxirada qoldim. Lekin endilikda hammasi joyida.

- Namanganlik muxlislarning ham jamoaning g‘alabalariga katta hissa qo‘shishlariga ko‘p guvoh bo‘lamiz...

- Albatta, ozmi-ko‘pmi muxlislarnnig ham hissalari bo‘ladi. Biz esa har bir uchrashuvda g‘alaba qozonib ishqibozlarimizni xursand etishga harakat qilamiz.

- “Navbahor”ning chempionlik uchun kurashayotgani ma’lum. Ammo hozirdanoq “Paxtakor” bilan “Lokomotiv”ning ajralib turishibdi. Ulardan tashqari boshqa barcha jamoalarning saviyalari bir xil degan gaplarni esa ko‘p eshityapmiz.

- Yil boshida har bir jamoa o‘z oldiga maqsad qo‘yadi. Bizning oldimizga esa rahbariyat tomonidan chempionlikni qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa “Navbahor”ni Osiyo Chempionlar ligasiga olib chiqish. Shu bois agar chempionlik bo‘lmasa, O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritishimiz kerak. Chempionat yoki Kubok orqali bo‘ladimi, muhimi Osiyo maydonlarida ishtirok etish asosiy maqsadimiz. Bu orqali Namanganga Osiyo Chempionlar ligasi muhitini olib kirish.

- Ayting-chi, O‘zbekistonda birinchi raqamli darvozabon deb kimni ayta olasiz?

- Murabbiylar hammasini ko‘rib turishibdi. Men kimnidir alohida ajratib ko‘rsatmoqchi emasman. Hozirda barcha darvozabonlarni bir xil saviyada deb o‘ylayman. Qolaversa, chempionat ham yaqindagina boshlandi. Nazarimda yana 3-4 ta turdan keyin darvozabonlar borasida ham kuchlilari ajralib qolishadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!