
Oxirgi 4 o‘yinning bittasini yutgan "Lokomotiv" bugun so‘nggi 4 uchrashuvni g‘alaba bilan yakunlagan "Qo‘qon-1912" mehmoni bo‘ladi
O‘zbekistonning amaldagi chempioni «Lokomotiv» safarda «Qo‘qon-1912» mehmoni bo‘ladi. Uchrashuv 16:15da start oladi. Bellashuv oldidan "Lokomotiv" matbuot xizmati o‘yinga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
«QO‘QON-1912»
Oxirgi turlarni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazayotgan «Qo‘qon-1912» bugun yana o‘z maydonida o‘ynaydi. Bu qo‘qonliklarning qatorasiga to‘rtinchi uy uchrashuvi bo‘ladi. Shuni aytish lozim, «Qo‘qon-1912» oxirgi paytlarda juda faol o‘yin ko‘rsatyapti va Superligada ketma-ket to‘rtta g‘alabaga erishdi.
«Qo‘qon-1912» navbati bilan «Dinamo» (1:0), «Surxon» (2:1), «Nasaf» (1:0) va «Bunyodkor» (3:0) klublarini mag‘lub etdi. Oxirgi to‘rtta o‘yindagi to‘plar nisbati 7:1. Albatta, birinchi davrada faqat bir marta yutgan «Qo‘qon-1912» uchun qatorasiga to‘rtta g‘alaba katta natija hisoblanadi.
«LOKOMOTIV»
«Lokomotiv» esa oxirgi to‘rtta uchrashuvdan bittasini g‘alaba bilan yakunlab, uch marta durang o‘ynadi. «Temiryo‘lchilar» uyda «Nasaf»ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lishsa, «Surxon», «Bunyodkor» va «Metallurg» bilan 1:1 natijasini qayd etishdi. Oxirgi to‘rtta o‘yindagi to‘plar nisbati 4-3.
«Lokomotiv» safarda to‘rtta o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayapti: ikki durang va ikki mag‘lubiyat. «Loko» oxirgi marta safarda Temurxo‘ja Abduxoliqov tomonidan kiritilgan gol evaziga «Nasaf»ni engib qaytgan.
O‘ZARO O‘YINLAR
Har ikki jamoa O‘zbekiston milliy chempionati doirasida o‘zaro 9 bor kuch sinashib, shundan beshtasida «Loko» g‘alaba qozongan va to‘rt marta durang qayd etilgan. «Qo‘qon-1912» hali «Lokomotiv»ni mag‘lub etmagan. Toshkentda kechgan birinchi davra uchrashuvi 2:2 hisobida yakun topgandi.
2018 y. «Qo‘qon-1912» - «Lokomotiv» 1:2
2017 y. «Qo‘qon-1912» - «Lokomotiv» 1:1
2016 y. «Qo‘qon-1912» - «Lokomotiv» 1:3
2015 y. «Qo‘qon-1912» - «Lokomotiv» 2:2
Jamoalar shu paytgacha Qo‘qonda to‘rt marta bahs olib borib, shundan ikkitasida «Lokomotiv»ning qo‘li baland kelgan va ikki bor durang qayd etilgan. To‘plar nisbati 5-8, «Loko» foydasiga. O‘tgan yil «Lokomotiv» Qo‘qondan 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan.
Fikrlar