
"O‘yinim yoqmayotgan bo‘lsa, bugunoq ketishga tayyorman". Og‘ir kunlarni o‘tkazayotgan Quvondiq Ro‘ziev Jalilovning gapidan so‘ng "yorildi" yoxud ofitsiantlikdan millionlargacha!
“Navbahor” klubi Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi o‘yinda garchi gol ura olmagan bo‘lsa ham o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Ushbu o‘yinda namanganliklarning asosiy futbolchilaridan biri Quvondiq Ro‘ziev kutilmaganda birinchi bo‘limning 39-daqiqasida murabbiylar tomonidan zaxiraga olindi. Uchrashuvdan keyin “Navbahor” bosh murabbiyi Viktor Jalilov Ro‘ziev haqida fikr bildirar ekan, uni o‘yin tempiga ulgura olmagani haqida gapirdi.
Shundan keyin Sports.uz muxbiri Quvondiq bilan bog‘landi. Aytish kerakki, futbolchi o‘yin va o‘zini zaxiraga olingani haqida munosabat bildirishdan tashqari qalbida to‘planib qolgan yana boshqa muhim gaplarni ham aytdi. U hali hech qaerda aytmagan...
“G‘alaba qozonmagan bo‘lsak ham bir ochko bilan qaytganimiz yaxshi bo‘ldi”
- Uchrashuvga kelsak, bir tomondan qaraganda, hisob qoniqarli bo‘ldi. “Paxtakor” maydonidan ochko oldik. Ikkinchi tomondan, turnir jadvaliga qaraydigan bo‘lsak, bizga g‘alaba kerak edi. G‘alaba qozona olmagan bo‘lsak ham ochko bilan qaytganimiz yaxshi bo‘ldi. Bu jamoaga ruhiy tomondan katta ta’sir qiladi. Keyingi uchrashuvlarda bundan ham yaxshiroq o‘ynashimizga turtki bo‘ladi. Chunki chempion jamoa maydonidan ochko olish oson ish emas. “Paxtakor”dek hujumkor jamoadan gol o‘tkazmasdan deyarli tengma-teng kurashish albatta “Navbahor”ga ruhiy tarafdan ijobiy ta’sir qiladi.
“Birgina vaziyat hammasini tubdan o‘zgartirib yubordi”
- O‘sha 30-daqiqada penalti belgilanib, so‘ng VARga murojaat qilib bekor qilingan vaziyatda men sheriklarimga pas uzatishda xatoga yo‘l qo‘ydim va raqib qarshi hujumda penalti ishladi. O‘sha holatda murabbiylar menga keskin tarzda e’tiroz bildirdi. Zaxiradagi o‘yinchiga murojaat qilib, tayyorlanishini aytganida, meni almashtirishlarini sezib turganman. E’tibor bergan bo‘lsangiz, ungacha yomon o‘ynamayotgandim. Exsoni zarba berganida ham unga men to‘pni uzatgandim. To‘p darvoza to‘siniga tegdi va bu jamoamizning eng xavfli hujumi edi. Menimcha, undan tashqari ham bir necha vaziyatlarda faol ishtirok etgandim. Ammo birgina vaziyat hammasini tubdan o‘zgartirib yubordi. Birgina xato uchun meni keskin tarzda jazoladilar, desam ham bo‘ladi.
“Murabbiy faoliyatimga qattiq ta’sir qilishini o‘ylamasdan gapirib yubordi”
- Murabbiyning meni o‘yin tempiga qo‘shilib keta olmadi, degan gapiga kelsak, bilmadim, men u yoshdan o‘tgan bo‘lsam kerak. Chunki futbolni endi o‘ynayotgan yosh bola emasman. O‘yinni takroran ko‘rgan odamlar bunga amin bo‘lishadi. O‘z pozitsiyamda o‘ynamayotgan bo‘lsam ham, murabbiylarning ko‘rsatmalarini qo‘limdan kelganicha bajarishga harakat qilyapman. Hozir aytib o‘tganimdek, men o‘yin tempiga tusha olmaslik yoshidan o‘tganman. Lekin murabbiy shunday fikr bildiribdi, demak, uning fikriga qo‘shilaman. Murabbiyning gapi biz uchun qonun. O‘sha vaziyatdan keyin meni chap qanotga olishdi va yoniga chaqirib, to‘pni oddiy vaziyatda yo‘qotmaslik kerak edi, deya qattiq gapirdi. Shunda men murabbiyga agar o‘yinim yoqmayotgan bo‘lsa, almashtirishini aytdim. Chunki o‘yinim ma’qul kelmayotgan va jamoaga qiyinchilik tug‘dirayotgan bo‘lsam, shunchaki qo‘limni ko‘taraman, taslim bo‘laman va maydondan chiqib ketaman. Ammo men doim o‘zimga ishonaman. Qaysi klublarda o‘ynagan bo‘lsam ham qo‘limdan kelganicha mehnat qilganman, maydonda 100 foiz kuchimni berganman. O‘yin tempiga tusha olmaslik yoki futbolda qo‘rqib o‘ynash – bu mening tabiatimda yo‘q. Hatto, jarohatlangan paytlarimda og‘riq qoldiruvchi ukollar yordamida maydonga chiqib, kuchim boricha o‘ynaganman. Xarakterimni har qanday murabbiy yaxshi biladi. O‘yindan keyin rosti, uxlamay chiqdim. Uydagilar xavotir olishdi. Oyog‘ingga nimadir bo‘ldimi, deb so‘rashdi. Chunki jarohatim bilan o‘ynayapman, ukollar yordamida. O‘zimni pozitsiyamga qo‘ymayotgani uchun e’tirozim yo‘q. Menimcha, murabbiy o‘yin tempiga tusha olmadi, deya bu futbolchining faoliyatiga qattiq ta’siri qilishini o‘ylamasdan gapirib yubordi. Mayli, aytib o‘tganimdek, murabbiyning gapi men uchun qonun. Faqat bitta narsani aytaman: nima bo‘lishidan qat’i nazar, har doim jamoam uchun jonimni berib o‘ynaganman. Buni futbolchilar ham, kerak bo‘lsa raqib o‘yinchilari ham biladi. Xudoga shukr, kimdan so‘rasangiz ham men haqimda yomon gap aytmaydi. O‘yinim o‘xshamasa, maydonda boshqa tomondan jamoamga yordam berishga harakat qilganman. Peshonamizga shu kunlar ham yozilgan ekan.
“Sizni jurnalistlikdan oshpazlikka o‘tkazsa qanday bo‘ladi?”
- Gapning ochig‘i, hozir faoliyatimdagi eng og‘ir kunlarni o‘tkazyapman. Hali bunday vaziyatga hech qachon tushmaganman. Lekin men bunday vaziyatlardan chiqib ketishga qodirman. Yonimda ota-onam, oila-a’zolarim dalda bo‘lib turishibdi. Qanday darajadagi o‘yinchiligimni isbotlaydigan kunlar ham keladi. Shunchaki, menga vaqt kerak. Muxlislar meni esdan chiqarib qo‘yishmasin. Men bundan-da kuchli bo‘lib qaytaman. Yuz bergan ishlar menga motivatsiya beradi, kuchliroq bo‘lishimga undaydi. Bitta xato bilan keskin jazolash noto‘g‘ri. Yana qaytaraman: men o‘zimning joyimda o‘ynamayapman, qanotga qo‘yyapti. Lekin futbolchi qaysi pozitsiyada bo‘lsa ham o‘ynashi kerak. Siz jurnalistsiz. Agar jurnalistlikdan oshpazlikka o‘tkazib qo‘ysa, qanday bo‘ladi? Bu ham xuddi shunaqa. Futbolda hammaning o‘z pozitsiyasi bo‘ladi. Markaziy yarim himoyada o‘ynab, Qo‘qonda ozroq bo‘lsa ham e’tiborga tushganman. Shuning uchun o‘zimni har doim markazda ko‘rganman.
“Bu erda inson sifatida o‘sishga erishdim”
- “Navbahor” jamoasiga o‘tishimning o‘zi qiyin jarayon bo‘lgandi va bu hozirgacha davom etyapti. Meni chaqirgan murabbiyning birinchi turdayoq almashib ketishi, transfer haqidagi har xil xabarlar...Shuning uchun ham jamoaga moslashib ketishim qiyin bo‘lyapti. “Navbahor”ga o‘tayotganimda ko‘pchilik bu klubning bosimiga va o‘yiniga moslashishing qiyin, yaxshilab o‘ylab ko‘r, deyishgandi. Har doim o‘ylardim, “Navbahor”ning o‘yinlarida stadion to‘la muxlislar, qanaqa qilib bu klub turnir jadvalida o‘rtamiyona o‘rinlarda yurishi mumkin? Axir ashaddiy ishqibozlar qarshisida to‘p surish mazaku, bu futbolchilarga qo‘shimcha motivatsiya, zavq va kuch beradi, deb o‘ylardim. Lekin bu narsaning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor ekan. Hazm qilishim ozroq qiyin bo‘lyapti. Bu erda futbolchi sifatida o‘smayotgan bo‘lsam ham inson sifatida juda katta o‘sishga erishdim. Hayotda har xil vaziyat bo‘lishi mumkinligi, har bir holatga inson tayyor turishi kerakligi, bugun seni qarsaklar bilan kutib turganlar ertaga ortingdan yomon so‘zlar aytishini, umuman hamma narsaga guvoh bo‘ldim. Muxlislardan so‘rab qolardimki, meni hali unutishga erta. Agar jamoaga moslasha olmayotgan va o‘yinim yoqmayotgan bo‘lsa, shu bugunoq ketishga tayyorman, agar eplolmasam. Ammo meni eplay olishimga ko‘zim etadi. Faqat atrofdagilar ham meni ozgina bo‘lsa-da, qo‘llab-quvvatlab turishsa zo‘r bo‘lardi. Birgina xatoni deb...Bu – futbol. Biz yaratuvchimiz, yarim himoyachimiz. Men har doim yaratuvchanlik asosida hujumkor o‘ynab, raqiblarni aldab, sheriklarimni qulay vaziyatlarga olib chiqishga odatlanganman va shunaqa futbol o‘ynaganman. Bugun esa “Navbahor”ning o‘yin uslubi boshqacharoq. Himoyani mustahkamlagan holda oldingi chiziqdagi vaziyatdan maksimal foydalanish. Shuning uchun men hozirda ko‘proq kuchimni himoyaga sarflayapman. Bunga e’tirozim yo‘q, jamoa natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bundan xursandman. O‘yinim o‘z yo‘liga, eng muhimi, klubning yutug‘i birinchi o‘rinda turadi. Lekin bitta xatoimni kutib turib zaxiraga olishi, keskin fikr bildirishlari, qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri? Bilmadim. Yuqorida aytdim, o‘sha penalti belgilanganida murabbiy meni yoniga chaqirib e’tiroz bildirgach, o‘yinim yoqmayotgan bo‘lsa zaxiraga olishini aytganim bu normal holat. Lekin men hech qachon o‘yin tempiga tusha olmasdan qo‘rqoqlik qilib o‘ynaganim yo‘q. Futbol erkaklar o‘yini. Murabbiyning fikrini hurmat qilaman, ammo o‘zimni ham fikrim bor. Meni zaxiraga oldimi, demak, o‘yinim yoqmagan.
“Meni “Navbahor”ga o‘tishimda hech qanday transfer summasi bo‘lmagan”
- Yana bir haqiqatni aytmoqchiman, klub meni hech qanday transfer qilib olmagan. Bu menga qo‘shimcha bosim beryapti. Hamma Quvondiqni shuncha pulga sotib oldi, u oqlay olmayapti, deb o‘ylayapti. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Meni hech qanaqa summaga sotib olishmagan. Shunchaki, o‘z peshona terim bilan topilgan pullarni Qo‘qon jamoasiga o‘tkazib berganman. “Navbahor”ga o‘tish uchun oylik maoshim kerak bo‘lsa pastlashishiga rozi bo‘ldim. Chunki men bu klubga kelib, medallar uchun kurashmoqchi edim. Shuning uchun rozi bo‘lganman. Futbol o‘ynashdan maqsad qandaydir yutuqqa erishish, iz qoldirish. Ertaga farzandlarimga o‘zimni o‘rnak qilib ko‘rsatmoqchi edim. Yutgan yutuqlarimni ko‘rsatishni istagandim, olgan pullarimni emas. Meni “Qo‘qon-1912” bilan shartnomam tugagandi. Shu bois ular bilan mutlaqo xayrlashgandik va bir-birimizdan haqqimiz qolmagandi. “Navbahor” bilan o‘zim kelishganman. Oylik maoshim ikki-uch barobar pasayishiga roziman, ammo Qo‘qon klubiga pul tashlab ketaman, o‘z hisobimdan, deb rozi bo‘lganman. Shuncha paytgacha indamay yurdim. Qo‘qonlik muxlislardan ham e’tiroz bo‘ldi. Erkakda lafz bo‘lishi kerak, qolaman degandi, kabi gaplar aytildi. Ashurmatov meni jamoada qolishimni xohladi. Buni o‘zidan ham so‘rashingiz mumkin. Lekin rahbariyat moliyaviy tomondan qiynalayotgandi. Ular bilan gaplashganimda ketishing ikki tomonga ham yaxshi bo‘ladi va moliyaviy tomondan ham yordam bo‘ladi, ammo sen uchun eshigimiz har doim ochiq degan. Shu bois u erdan ketib moliyaviy tarafdan yordam berishni xohladim. Chunki “Qo‘qon-1912”da salkam besh yil mehnat qildim. U erdan shunchaki keta olmasdim. Bunga g‘ururim yo‘l qo‘ymasdi. Biroq “Navbahor” muxlislari falon summaga sotib olib, oqlay olmayapti, qo‘qonlik ishqibozlar esa lafz berib ketib qoldi, degan gaplari og‘ir. Bunday gaplar bo‘lishi mumkin emas. Shuncha payt shu yukni ko‘tarib yurdim. Ammo endi buni o‘zimdan xolis qilmoqchiman. Yana qaytaraman: hech qanaqa transfer summasi bo‘lgani yo‘q, buni ochiqchasiga aytaman va kerak bo‘lsa isbotlab ham beraman.
“Babayanning effekti ko‘rinib turibdi”
- Samvel Babayanning effekti jamoada baribir ko‘rinib turibdi. Kelganidan so‘ng, natijalar ham yaxshilandi. Lekin har doim bilamizki, Jalilov bilan Babayan birgalikda ishlashgan. Ikkalasi ham teng fikr bildirishadi. Romanovichni o‘ziga yarasha katta tajribasi bor. Vyacheslavovich esa ruhiy tomonlama jamoani kuchli tayyorlay oladi.
“Qo‘qon-1912”dagi o‘yinimning 50 foizini ham “Navbahor”da ko‘rsata olmayapman”
- “Navbahor”ga kelib baxtlimanmi-yo‘qmi, bu unchalik muhim emas. Asosiysi, muxlislarga o‘z o‘yinim bilan qanchalik quvonch ulashyapman, mana shu eng muhimi. Menimcha, buning uddasidan chiqa olmadim. Negaki, “Qo‘qon-1912”da ko‘rsatgan o‘yinimning 50 foizini ham “Navbahor”da ko‘rsata olmayapman. Faqat bu erga kelganim shunda foyda bo‘ldiki, demak, men bundan ham kuchli bo‘lishim kerak, futbolchi emas, balki inson sifatida. Har qanday ruhiy zarbalar va turli gap-so‘zlarga tayyor bo‘lishim kerak ekan. Endi bu meni yanada kuchliroq qiladi, bunga 100 foiz ishonaman. Lekin klub prezidenti Otabek aka Samatovga alohida rahmat. U kishi doim meni qo‘llab turadi. Meni “Navbahor”ga kelishimni ikki yil davomida qattiq xohlagan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, mavsum boshida klubga kelgan yangi o‘yinchilardan bitta men asosiy tarkibda o‘ynardim. Serb legionerlari asta-sekin zaxiraga olindi. Bahrom Abdurahimovga to‘liq ishonch bildirilmadi. O‘tgan yilgi jamoa uchun asosiy tarkibga birgina men kirgandim. Shunday taassurot qoldirdiki, men keldim va jamoa o‘rtamiyonalar qatorida yuribdi. Vaholanki, “Navbahor” undan oldingi yillarda ham 7-8-o‘rinlarda edi. O‘ylaymanki, birgina mening kelishim bilan klub pastga sho‘ng‘igani yo‘q.
“Navbahor”ga kelganimdan keyin ko‘proq salbiy gaplar bo‘lyapti”
- Hamma qatori men ham oddiy insonman. Futbol faqat kasbimiz. Holbuki, siz va boshqalar kabi oddiy odamman. Mehnatkash oilaning farzandiman. Hamma narsani ichimga yutish va elkamda ko‘tarib yurish menga ham qiyin bo‘lyapti. Balki ichimdagilarni aytib biroz engil tortarman. Yoki sizga aytayotganlarimdan keyin boshqalarning men to‘g‘rimdagi fikrlari o‘zgarar. Shuncha yil o‘ynagan bo‘lsam, doim menga ijobiy fikrlar bildirilgan. “Navbahor”ga kelganimdan keyin ko‘proq salbiy gaplar bo‘lyapti. Bunga o‘zim aybdorman, buni tan olaman. Boshqani aybdor qilayotganim yo‘q. Faqat menga ham biroz yordam berishlarini, futbolchi emas, balki inson sifatida meni qo‘llab-quvvatlab turishlarini xohlayman. Buni rahbariyatdan ham, murabbiylardan ham, barchadan so‘rab qolaman. To‘g‘ri, birinchi davra o‘rtalarida markazda to‘p surib, o‘yinimda biroz pasayish paydo bo‘ldi. Oxirlariga kelib o‘zimga kelishni boshlagandim. Ikkinchi davrada qanotga o‘tkazildim. Hammasi jamoa manfaati uchun. Qaysi chiziqda bo‘lmasin bor kuchim bilan o‘ynayman. Balki 100 foiz o‘yinimni ko‘rsatishimga jarohat to‘sqinlik qilayotgandir. Lekin chempionat tugaganidan keyin albatta operatsiya stoliga yotib tizzamda jarrohlik amaliyotini o‘tkazishim kerak. Bu har doim menga xalaqit berib turadi. Shifokorlar bilan ham kelishdim. Buni to‘g‘ri tushunishlarini iltimos qilardim.
“Kimlarnidir kosasida qolib ketgan ovqatlarni eganman”
- Futbolchi bo‘lgunimga qadar qiyin kunlarni boshimdan kechirdim. Ofitsiant bo‘lib ishlaganman, kimlarnidir kosasida qolib ketgan ovqatlarni edim. Elkamdan ikki marta jarrohlik operatsiyasini o‘tkazganman. Elkamda salkam uch yil sim turgan. Allohga shukrki, marhamati bilan hammasini engib o‘tdim. Lekin shu paytgacha men hali hech qachon ruhiy zarbaga uchramagan ekanman. Bu zarbani “Navbahor”ga kelib qabul qilib oldim. O‘ylaymanki, bu sinovdan ham eson-omon o‘tib olaman. Kuchliroq futbolchi bo‘lishimga bu ishlar ham katta turtki beradi. Faoliyatim hali oldinda. Nimalar qila olishim mumkinligini, nimalarga kuchim etishini ich-ichimdan yaxshi his qilib turibman. Bu jamoada o‘z o‘rnimni topaman. Buning uchun qattiq mehnat qilaman. Menga hech qanaqa gap-so‘zlar xalaqit bera olmaydi.
“Ashurmatovning hurmati uchun millionlardan voz kechganman”
- Jamoa bilan ikki yilga mo‘ljallangan shartnoma tuzganman. Bu yilgi o‘yinim rahbariyatni qoniqtirmayotganligi tabiiy. Chindan qoniqtirmayotgan va muxlislar tarafidan e’tirozlar bo‘layotgan bo‘lsa, ikki tomonlama shartnomani bekor qilamiz. Rahbariyat bugun qo‘ng‘iroq qilib, kerak emassan desa ketishga tayyorman. Oylik maoshlarimdan ham voz kechishga tayyorman. Shu paytgacha futbolni pul uchun o‘ynamaganman. Bundan keyin ham shunaqa bo‘ladi. Bitta misol keltiraman: Baxtiyor Ashurmatov “Qo‘qon-1912”ni qabul qilib olganida menga xorijdan juda qulay taklif kelib tushgan, faqat qaysi mamlakatligini aytmayman. O‘shanda men terma jamoa a’zosi edim. Oylik maoshi ham juda baland edi. Baxtiyor Ashurmatov bilan gaplashganimda chempionat boshlanishiga bir hafta qoldi, menga yordam bergin, tug‘ilib o‘sgan shahrimga keldim, nima bo‘lganda ham bu erda natija qilishim kerak, bunda seni yordaming kerak ukajon, deb menga bir og‘iz aytgan gaplari, motivatsiyasi va hurmat qilib gapirgani uchun millionlab pullardan kechganman va Qo‘qon jamoasida qolganman. O‘shanda telefonimga yangi klubdan aniq taklif kelib tushgan. Vizalar ham yuborishgan. Agentlar mening o‘sha jamoaga o‘tishimga rosa harakat qilishgan. Ammo “Qo‘qon-1912” va Ashurmatov hurmati uchun qoldim va o‘tgan yili yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Mavsum boshida oltitalikka kirish vazifasi qo‘yildi, biz beshtalikka kirdik. Klub tarixida ikkinchi marta beshinchi o‘rinni oldik. Shuning uchun jamoada o‘z ishimni bajarib bo‘ldim, degan holatda ketdim.
“Navbahor” shu yo‘lda ketsa, kelasi yili sovrindorga aylanadi”
- Oxirgi gapim: muxlislarga har qanday vaziyatda ham sabrli bo‘lishlarini, “Navbahor”ni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rayman. Futbolda hech kim o‘z-o‘zidan chempion bo‘lib qolmaydi, g‘alaba bilan mag‘lubiyat doimo birga. Masalan, orada “Lokomotiv” ketma-ket chempionlikka erishgach, keyin “Paxtakor” hukmronlikni qaytarib oldi. Jamoa yillar o‘tib shakllanadi. Albatta, jonkuyar ishqibozlarimizga tashakkur aytaman. Qaerga borsak, ular biz bilan va kerak bo‘lsa, raqib jamoa muxlislaridan ko‘p bo‘lgan holda qo‘llab turadi. Bu muxlislarga faqatgina tasanno deyman. Aynan o‘sha ishqibozlar uchun sabr tilayman. “Navbahor” shu yo‘lda ketsa, kelasi yili bemalol sovrin yuta oladi.
Fikrlar