O‘z uyiga qaytgan Baxtiyor Ashurmatov avvalgi omadsizliklardan qanday xulosa chiqardi?

  • 17 dekabr, 2019, 20:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Oxirgi paytlarda klublarni tez-tez o‘zgartirishga majbur bo‘layotgan murabbiy Baxtiyor Ashurmatov yaqinda «Qo‘qon-1912» klubiga bosh murabbiy etib tayinlandi. O‘zi qo‘qonlik bo‘lsa-da, hali murabbiy sifatida o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyda ishlamagandi. Shu bois uning «Qo‘qon-1912»ni boshqarishi e’tiborga molik holatdir. Shuni inobatga olganda, Baxtiyor A’zamovich bilan keng qamrovda suhbat uyushtirdik.

Tecno

«Bungacha Qo‘qondan 4-5 marta taklif bo‘lgan»

- Ochig‘ini aytganda, sizning «Qo‘qon-1912»ga bosh murabbiy etib tayinlanishingiz biz uchun kutilmagan yangilik bo‘lib tuyulgani yo‘q. Qachondir shunday bo‘lishini kutgandik. Negaki, bungacha bir necha bor sizni ushbu jamoani boshqarishingiz mumkinligi haqida ham eshitib kelardik. Voqealar rivoji shunday tus olishiga o‘zingiz ham tayyormidingiz?

- To‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz, bunga qadar menda «Qo‘qon-1912»ni boshqarishim uchun 4 yoki 5 marta imkoniyat bo‘lgandi. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra bu amalga oshmay kelayotgandi. Boshida taklif qilishganida qandaydir sabab tufayli u erda ish boshlay olmagandim. Keyin esa «Navbahor»da ishlayotganimda chaqarishdi. U paytda esa namanganliklarda mablag‘ tomonlama og‘ir vaziyat edi va bunday paytda ularni tashlab keta olmasdim.  Shuningdek, yana ikki marta Qo‘qondan taklif tushgan paytida u erda boshqa mutaxassislar ishlashayotgandi. Vaqti soati esa shu kunlarga to‘g‘ri kelgan ekan. O‘zim ham qachondir bu erda ishlashni niyat qilgandim. O‘zim Qo‘qon futboli tarbiyalanuvchisi hisoblanaman. Qachondir Qo‘qon xalqi oldida qarzimni uzaman va qo‘limdan kelganicha jamoani kuchaytirish yo‘lida o‘z hissamni qo‘shaman degan niyatda yurardim. Mana, menga ishonch bildirib taklif qilishdi va bundan minnatdorman. Endi muxlislarning ishonchini oqlashga harakat qilamiz.

- Chindan ham Qo‘qon futbolining tarbiyalanuvchisisiz. Ammo adashmasam, murabbiylik faoliyatingizda birinchi marta bu erda ishga kirishyapsiz. Qo‘qon farzandi sifatida esa sizga bu hol katta bosim yuklashi ham mumkin. Ayting-chi, boshqa klublardagi ish jarayoningizdan ko‘ra Qo‘qondagi faoliyatingizning farqi nimada bo‘lishi mumkin?

- To‘g‘ri, bu katta mas’uliyat. Bilib turibmanki, mendan muxlislarning ham, rahbarlarning ham umidlari katta. Oxirgi paytlarda Qo‘qonda ishlagan murabbiylar yomon jamoa tuzishmagan. Lekin qaerdadir ularga omad etishmadi yoki boshqa sabablar bo‘ldi va shu tufayli ular yuqori o‘rinlar uchun kurasha olishmayotgandi. Jamoa har yili asosan ligada qolish uchun kurashyapti. Bizning vazifamiz esa «Qo‘qon-1912»ni yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan klublar qatoriga qo‘shish. Endi oldin ishlagan jamoalarim bilan tenglashtiradigan bo‘lsam, faoliyatimning oldingi paytlarida turli qiyinchiliklarga duch kelganman, ba’zida esa oxirigacha kurashmasdan ketishni ma’qul ko‘rganman. Qo‘qon esa mening tug‘ilib o‘sgan shahrim. Qiyinchiliklar bo‘lsa, oxirigacha kurashib engib o‘taman. O‘ylaymanki, rahbariyat tomonidan oldimizga qo‘yiladigan vazifani uddalay olamiz.

ashurmatov_1

«Endi xato qilishga haqqim yo‘q»

- Murabbiylik faoliyatingizda oxirgi paytlarda yuz bergan omadsizliklardan so‘ng yangi ish joyiga ega bo‘lish borasida xavotirlar sizga ta’sir qilmadimi?

- To‘g‘ri gap bo‘ldi, oxirgi paytlardagi ishlarimni qandaydir muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz deyishim mumkin. Masalan, AGMK bilan O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdik. Bu klub tarixida bo‘lmagandi va o‘ylaymanki, AGMKning yana Kubokni qo‘lga kiritishi yaqin 10 yillikda ham takrorlanish ehtimoli juda kam. Albatta, o‘sha onlar murabbiylik hayotimdagi omadli damlar edi. Keyin «Buxoro»da ishladim va u erda yomon jamoa tuzmagandik. Natija bo‘lavermagach, bosim kuchaygandi va biroz nohaqlik ham bo‘lgandir, natijada ketishni ma’qul ko‘rgandim. Lekin shunga qaramasdan, klub rahbarlari bilan do‘stona xayrlashganmiz. To‘g‘risi, «Buxoro»ga oxirigacha muxlislik qildim va ularning Superligada qolgani meni quvontirdi. Chunki boshida qanday qiyinchiliklar bilan jamoa tuzganimizni klub rahbari Shuhrat Hamroev bilan ikkimiz yaxshi bilamiz. «Surxon»ga borishim esa o‘ylaymanki men uchun xato bo‘ldi. U erda qanday muammolar bo‘lganini aytmoqchi emasman. Ammo nohaqlik bo‘ldi deb aytishim mumkin. Chunki dunyoning istalgan jamoasida murabbiyning ishiga ikkita o‘yin orqali baho berib bo‘lmaydi. «Surxon»da bir oydan ortiqroq vaqt davomida vijdonan ishlagandik. «Surxon»ni faoliyatimdagi eng muvaffaqiyatsiz ishlagan jamoam deb aytishim mumkin. Bilasizmi, klubdan ketayotganimda tuzilgan shartnomadagi bandlarga amal qilib aytilgan pulni berishlaring kerak, degan talabni qo‘ymaganman. Qaerda bo‘lsam ham do‘stona holatda xayrlashishga harakat qilganman. «Qo‘qon-1912»dan tushgan taklifni qabul qildim va endilikda mahalliy muxlislarda men to‘g‘rimda ikkilamchi fikrlar bo‘lishi mumkin. Biri Ashurmatov yaxshi murabbiy, u Kubokni qo‘lga kiritgan desa, yana biri kam vaqt oralig‘ida uchta jamoada ishladi, degan fikrni bildirishi mumkin. Shu sababli Qo‘qonda uzoq yillar davomida ishlab murabbiy sifatidagi reytingimni yuqori darajaga ko‘tarmoqchiman. Mening ortimda esa o‘z shahrim rahbariyati va muxlislari bor. O‘ylaymanki, ular meni murakkab vaziyatlarda ham qo‘llab-quvvatlashadi va ishonishadi. Oxirgi paytlarda qo‘qonlik ishqibozlarning stadionga tashrifi ham kamayib ketgan. Ularni yana futbolga qaytarish uchun esa biz albatta yaxshi jamoa tuzishimiz kerak. «Buxoro»da yoki «Surxon»da yo‘l qo‘ygan xatolarimni endi takrorlamayman. Chunki bundan to‘g‘ri xulosa chiqardim. Masalan, «Buxoro»dan ketganim murabbiylikdagi noto‘g‘ri qarorlarimdan biri bo‘lgandi. Rahbarlarning orasida menga ishonib turganlari ko‘p edi. Afsuski, u erda osonroq taslim bo‘ldim deb o‘ylayman. «Surxon»dan ketgach, uyda farzandlarim uchun etarlicha vaqt ajratish va xatolarimni tahlil qilishga vaqt bo‘ldi. Albatta, menda qandaydir xavotir bo‘ldi. Chunki erkak kishi uchun uyda ishsiz o‘tirish qanchalik yomon va og‘ir ekanligiga o‘zim amin bo‘ldim. Endi ishdan osongina taslim bo‘lish noto‘g‘ri ekanligiga amin bo‘ldim.

- Lekin shuni ham aytishim kerakki, iste’foga chiqqan bo‘lsangizda, uzoq vaqt ishsiz qolib ketmagansiz. Bu nima bilan bog‘liq? Balki futbol jamoatchiligi oldidagi hurmat-e’tiboringiz tufaylimi yoki tanish-bilishingiz ko‘pligidanmi?

- Gapning ochig‘i, endi gapirishga ham qo‘rqib qoldim. «Surxon»ni qabul qilib olganimda  menga shunga o‘xshash savol berilgandi. O‘shanda o‘zimni omadli murabbiylardan biri deb hisoblayman, chunki tezda yana klub boshqaruviga ega bo‘lyapman deb aytgandim. Shundan so‘ng ko‘p bo‘lmasa-da, yana ishsiz qolishga majbur bo‘ldim. Shuning uchun endi omadli murabbiyman yoki shunga o‘xshash boshqa fikr bildirishni xohlamayman. Ammo qaerda ishlagan bo‘lsam ham hech qachon tanish-bilishlarni o‘rtaga qo‘yib yoki qandaydir yo‘llar bilan murabbiy bo‘lishga harakat qilmaganman. Afsuski, oxirgi paytlarda futbolimizda shunga o‘xshash holatlar ko‘payib ketdi. Hattoki, shunday vaziyatlar bo‘lyaptiki, ishlab turgan murabbiyning o‘rniga ham ayrimlari harakat qilishyapti. Buni noto‘g‘ri deb hisoblayman. Xudoga shukrki, jamoa rahbarlari menga ishonch bildirib taklif qilishyapti. Qo‘qondan tushgan taklifning esa qadriga etishim kerak. Baribir oxirgi paytlardagi muvaffaqiyatsiz ishlarim biroz bo‘lsa-da, obro‘imga putur etkazdi. Ammo endi xato qilishga haqqim yo‘q. Qo‘qonda albatta natija ko‘rsatishga harakat qilaman.

«Baribir pulni birinchi o‘ringa qo‘ymayman»

- «Qo‘qon-1912» bilan qancha muddatga shartnoma imzoladingiz?

- Rahbarlar bilan gaplashganimda shartnoma muddati va uning bandlarini asosiy o‘ringa qo‘ymadim. Chunki men shunday ishlashga o‘rganganmanki, murabbiy sifatida yaxshi jamoa tuzib, natija ko‘rsata olsam, shartnoma muddati cho‘zilishi mumkin. Misol uchun «Navbahor» Jurjevichni taklif qilganida muammolarga uchradi. Chunki o‘rtada shartnoma tuzilgandi va natija bo‘lavermagach, bitimni bekor qilish uchun qanchadir miqdorda pul to‘lashi kerak bo‘ladi. Kanchelskis bilan ham shunaqa vaziyat. Ammo men shartnomamga bunday bandlarni kiritmaganman. Doim murabbiy sifatida rahbariyat va muxlislarning ishonchini qozonishni istaganman. Bu yil barqaror jamoa tuza olsak, yana rahbarlar bilan gaplashib, shartnoma muddatini uzaytiraveramiz. Shu bois shartnomam masalasi men uchun dolzarb emas.

ashurmatov3_1

- Lekin murabbiy bilan klub o‘rtasida tuziladigan shartnomaga ham ko‘p narsa bog‘liq deb o‘ylayman. Shunday murabbiylar borki, bitim tuzilayotganida uning bandlariga alohida ahamiyat qaratishadi va o‘zining qat’iy talablarini qo‘ya oladi yoki bandlarini o‘zgartiradi. Ammo o‘zingiz aytganingizdek, siz shartnomaga va uning bandlariga jiddiy e’tibor bermaysiz. Natijada ishlagan klublaringizda kerak bo‘lsa, shartnomada yozilgan mablag‘larni olmagan paytlaringiz ham bo‘lgan. Umuman aytganda, shartnomaga qat’iy amal qilmasligingiz sizning kamchilik tomoningizdan biri emasmikin?

- Balki shunaqadir. Balki boshqalar shartnomaga jiddiy ahamiyat qaratib to‘g‘ri qilishar. Lekin mutaxassis taklif qilinganida unga vaqt berish va ishonch bildirish kerak. Ana shunda murabbiyda o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat ko‘proq bo‘ladi. Shartnomadagi bunday band kiritilmaganidan esa  «Surxon»da ishlaganimda afsuslanganman. Bilasizmi, u erda bir-bir yarim oy davomida ishlab o‘zim ham, yordamchilarim ham bir so‘m pul olganimiz yo‘q. Balki shartnomaga o‘zimizning haq-huquqlarimizni talab qiladigan band kiritilganida bunchalik obro‘miz tushadigan darajada tez ishdan bo‘shab ketmagan bo‘lardik. Balki o‘shanda qolganimizda vaziyatdan chiqib ketgan ham bo‘lishimiz mumkin edi. Yoki o‘zbek murabbiylaridagi kamchiliklardan biri ham shu bo‘lsa kerak. Chunki biz ishonamiz va qo‘l tashlashimiz, kerak bo‘lsa do‘stona ravishda xayrlashamiz. Buni mentalitetimizga xos deb ham aytishimiz mumkin. Muxlislar yoki rahbarlar sizning ishlashingizni xohlashmayapti, siz esa bandni talab qilib, natija qilmasam-da, pulimni berasan, keyin ketaman yoki bo‘lmasa hech qaerga ketmayman, degan vaziyatni ham ilgari surishim mumkinligi haqida aytishganda buni noto‘g‘ri deb hisoblayman. To‘g‘ri, bu balki bizning kamchiligimizdir. Lekin, baribir pulni birinchi o‘ringa qo‘ymayman. Garchi «Surxon»da aynan shu masala bo‘yicha noto‘g‘ri qilgan ekanman, degan fikrga kelganimga qaramay, o‘zim qo‘qonlik bo‘la turib, «Qo‘qon-1912» bilan shartnoma tuzilayotganda o‘zimning qandaydir talab va istaklarimni ustun qo‘yganim yo‘q. Eng asosiysi, rahbarlar menga ishonishdi va endi buni oqlash kerak.

- Demak, murabbiy sifatida ularga o‘zingizning talablaringizni qo‘ymadingiz, shundaymi?

- Avvalgi jamoalarimdagi ishlarimni tahlil qiladigan bo‘lsam, mablag‘ tomonidan barqaror bo‘lgan klubim AGMK bo‘lgandi. Ba’zi muxlislar esa Ashurmatov kelib nima qilib qo‘yibdi, deb gapirishadi. Ammo tahlil qilib chiqilsa, men asosan qiyin vaziyatga tushib qolgan klublarni qabul qilib olganman. Shu bois doim rahbarlar aytgan shartlar va byudjetdan chiqib ketmasdan, men esa ularga yaxshi jamoa tuzish kerak deb yo‘q narsani va’da qilmasdan bor narsa bilan ishlaganman. Balki shuning uchun menda natija ko‘rsatishim ham qiyin bo‘lgan bo‘lishi mumkin. «Navbahor»da ishlaganimda esa mablag‘ masalasida qiyin holatda edik. Biz o‘shanda 6-o‘rin uchun kurashganmiz va yakunda 7-pog‘onani egallaganmiz. Hozirgi «Navbahor»dagi sharoit va mablag‘ tomonlama solishtirsak, o‘shanda bizning imkoniyatimiz 4-5 barobar kamroq edi. Bu yil esa «Navbahor» anchagina salmoqli mablag‘ ishlatgan bo‘lsa-da, 9-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Aytmoqchimanki, imkoniyati yaxshiroq bo‘lgan jamoada ishlasangiz, natija ko‘rsatishingiz ham ko‘proq bo‘ladi. Mana, AGMKda pul tomonlama muammolar bo‘lmagani uchun futbolchilarni har tomonlama ruhlantira olganimiz tufayli balki Kubokni qo‘lga kiritgandirmiz. Agar moliyaviy tomondan yaxshiroq bo‘lgan jamoalarda ishlaganimda hozirga kelib natijalarim ham shunga yarasha bo‘lishi mumkin edi. Masalan, «Buxoro»ni ham qiyin sharoitda qabul qilib olgandim. Aniq bilamanki, o‘shanda klubning yillik smetasi AGMKnikidan to‘rt barobarga kam  edi. Xo‘sh, endi ayting, kimda imkoniyat ko‘proq? «Buxoro»ni boshqarib, xohlagan o‘yinchisini ololmay turgan Ashurmatovdami yoki mablag‘ tomonlama 3-4 barobar imkoniyati ko‘proq bo‘lgan boshqa murabbiydami? Lekin vaziyatning bu tomoniga har doim ham e’tibor berilmaydi. Ammo bu har doim asosiy faktorlardan biri bo‘lib kelgan. Baribir moliyaviy tomondan imkoniyat yaxshiroq bo‘lsa, o‘z-o‘zidan natija ko‘rsatish borasida ham imkoniyat ko‘proq bo‘ladi. «Qo‘qon-1912» bu borada barqaror klublardan biri. U erda yuqori darajada bo‘lmasa-da, ammo doim barqaror ravishda ish haqlari to‘lab boriladi. Rahbarlari esa klub qiyin ahvolda qolmasligi uchun doim izlanishadi. Shu bois Qo‘qonda mablag‘ masalasida muammo katta bo‘lib ketmaydi. Biz sabr bilan va to‘g‘ri yo‘nalishda ishlasak, yaxshi natija ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘lamiz.

ashurmatov5

«Legionerlarni chaqirishimiz mumkin, ammo bu biz uchun oxirgi chora»

- Shuningdek, oldingi xatolardan xulosa qilgan bo‘lsangiz, endi yoningizga bilimdon, malakali bo‘lgan mutaxassisni maslahatchi qilib olish niyatingiz bormi?

- Misol uchun «Surxon»ga  tajribali Tachmurod Agamurodovni taklif qilib xijolat ham bo‘lib qoldim. Taniqli mutaxassisni olib keldim, ammo bir oy ham ishlash nasib qilmadi va mablag‘ tomonlama ham bir so‘m ishlamadi. Obro‘si to‘kilsa to‘kildiki, hech nimaga erisha olmadi. Shu bois bu vaziyatda ham ehtiyotkor bo‘lgan yaxshi. Albatta, yaxshi mutaxassisni chaqirish g‘oyangiz yomon taklif emas. Aytaylik, Qo‘qonda ustozim Bahrom aka Hakimov bor. Qachon bo‘lsa ham u kishidan maslahat olishim mumkin. Evropa yoki boshqa joydan murabbiyni taklif qilish esa oson jarayon emas. Ularning talabi ham o‘ziga yarasha bo‘ladi. Biz o‘zimizning kuchimiz bilan vaziyatdan chiqishga harakat qilamiz. Lekin kelajakdagi rejalarimda albatta xorij klublariga borib futboldagi bilimlarimni yangilash niyatim bor. Umid qilamanki, bu yo‘lda «Qo‘qon-1912» rahbariyati ham imkoniyat yaratib berishadi. Bu borada Shota Arveladze bilan ham maslahatlashib, biror-bir klubda amaliyot o‘tashga imkoniyat bormi deganimda qo‘ldan kelganicha qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

- Klubdagi legionerlar masalasi nima bo‘ladi?

- To‘g‘risi, mavsumning oxirigacha birgina Milich o‘ynadi va o‘zidan o‘rtacha taassurot qoldirdi. U jamoamizda qolmaydi deyishim mumkin. Legioner taklif qilindimi, u mahalliy yigitlardan har tomonlama kuchli bo‘lsin. Mahalliy futbolchilar bilan bir xil darajadagi legionerni olib kelishdan esa hech qanday foyda yo‘q. Shu bois hozirgi maqsadimiz jamoani mahalliy o‘yinchilar bilan boyitish. Etakchi o‘yinchilarni saqlab qolmoqchimiz. Kerakli pozitsiyalarga esa boshqa klublarda o‘zini ko‘rsatgan ajoyib futbolchilarni jalb qilmoqchimiz. Agar shunda ham muammolarimizni yopa olmasak, unda rahbariyatga bir-ikkita yaxshi saviyadagi legionerlarni taklif qilsak bo‘lardi, degan g‘oyani aytishim mumkin. Ha, legioner chaqirishimiz mumkin, ammo bu biz uchun oxirgi chora.

- Qishki yig‘indagi rejalaringiz qanday?

- 20 dekabrdan  yig‘inni Qo‘qonda boshlaymiz. 4 yanvardan esa Toshkentda mashg‘ulotlarga kirishamiz. 25 yanvarda Farg‘onada Hokim Kubogi bo‘ladi va unda qatnashamiz. Keyin esa imkon bo‘lsa Turkiyada shug‘ullanamiz, bo‘lmasa yana Toshkentda yig‘in o‘tkazamiz.

- Hozirdan yangi futbolchilar bilan gaplashib, selektsiyani boshlab yubordingizmi?

- Bu yilgi tarkibdagi futbolchilar bilan uchrashib, gaplashdim. Albatta, kelasi yili jamoamizni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilar bilan ham gaplashishni boshlayapman. Lekin bu oson emas. Hozir shunday paytki, qaysi klub yaxshiroq pul taklif qilsa, futbolchilar o‘sha joyga o‘tib ketishadi. Endi biz ham «Navbahor», AGMK, «Surxon» kabi yaxshi mablag‘ taklif qiladigan jamoalar bilan raqobatlashishimizga to‘g‘ri keladi. O‘ylaymanki, bu vaziyatdan yorug‘ yuz bilan chiqib ketamiz.

ashurmatov222

- Jamoangiz qaysi o‘rin uchun da’vogarlik qiladi?

- Bu avvalo selektsiyaga bog‘liq. Rahbarlar ham, muxlislar ham bizdan yaxshi natijalarni kutishyapti. Mavsum oldidan rahbarlar bilan bo‘ladigan uchrashuvda oldimizga aniq maqsad qo‘yiladi. Lekin shaxsiy oldimga ham maksimal natijalarni qo‘yaman.

- Murabbiylar shtabingizni aniqlashtirib bo‘ldingizmi?

- Hali 100 foiz aniq emas. Klubning og‘ir va yaxshi kunlarida ham ishlagan Aziz To‘xtaboev jamoada qoladi. Darvozabonlar bilan Andrey Baklanov ishlaydi. Qolgan shtab bo‘yicha rahbarlar bilan gaplashyapmiz. Yangi yilgacha hammasini aniqlashtirib olamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Илхом Anvarov
17/12/2019 20:44
Ашурматов агарда "санга" именно санга ФК"Сурхон" хатто бу́лган бу́лса нимага сан ( как женщина с низкой социальной ответсвенностью) тезда рози бу́либ,шартномага ку́л куйгансан муррабий бу́лишга ФК"Сурхон"да??? Хазар килинадигон инсонлардан бирисан Ашурматов!!! Русларни пословицаси бор
"Плохому танцору и яйца мешают"!