O‘zbek futbolchilari mag‘lubiyatiga Osiyodan qanday munosabat bo‘ldi?

  • 09.11.2025 09:04
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Qatar maydonlarida jahonning barcha qit’alaridan kelgan 48 mamlakatning 17 yoshgacha futbolchilardan tarkib topgan terma jamoalari ishtirokidagi jahon chempionati qizg‘in davom etmoqda.

Amaldagi Osiyo chempioni sifatida nafaqat yurtimiz, balki butun qit’amiz sharafini mundialda himoya qilayotgan O‘zbekiston U-17 terma jamoasi “J” guruhidagi ikkinchi turni Irlandiya Respublikasi vakillariga qarshi o‘tkazdi.

Irlandiya birinchi turda Panamani 4:1, O‘zbekiston esa Paragvayni 2:1 hisobida mag‘lub etgani bois, ikki peshqadamning o‘zaro to‘qnashuvida g‘olib chiqqan jamoa keyingi bosqichga muddatidan oldin chiqardi.

Islom Ismoilov shogirdlari ana maqsadda shiddatli o‘yin ko‘rsatishga harakat qildi. Garchi hisobni ochish futbolchilarimizga nasib qilgan bo‘lsa-da, raqib ikkita gol urib, g‘alabani ilib ketdi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘zbekiston terma jamoasi mag‘lubiyatiga quyidagicha munosabat bildirdi.

- Qatarda 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi davom etayotgan FIFA jahon chempionatining “J” guruhida Irlandiya Respublikasidan 1:2 hisobda mag‘lubiyatga uchraganidan keyin O‘zbekiston terma jamoasining muddatidan oldin pley-offga chiqish rejasi barbod bo‘ldi.

O‘zbek futbolchisi Abubakr Shukrullaev 20-daqiqada irlandiyaliklar darvozaboni Aleks Nunan qaytargan to‘pni bir zarba bilan darvoza to‘riga joylab qo‘yib hisobni ochgandi.

Lekin o‘zbekistonliklarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Greydi Makdonnel jamoadoshi Ade Solanke to‘p uzatgan vaziyatda ikki himoyachidan yuqori sakrab, boshi bilan aniq zarba berdi va hisobni tenglashtirdi.

Ikkinchi bo‘limda ham har ikki jamoa gol urish uchun bir necha marotaba qulay imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Ana shunday vaziyatlardan birida Ade Solankening yuqoridan bergan pasini bu gal Maykl Nunen golga aylantirdi.

Markaziy osiyoliklar mag‘lubiyatdan qutilib qolish yo‘lini qidirdi, oxirigacha kurashdi. Mo‘minxon Bahodirxonov yuzaga kelgan vaziyatni gol aylantira olmadi.

Endi O‘zbekiston guruhda yakkapeshqadamga aylangan Irlandiyadan uch ochkoga ortda qolmoqda va kvartetdagi uchinchi uchrashuvda ikkita o‘yinni boy bergan Panamaga qarshi maydonga chiqadi. Pley-offga chiqish imkoniyatini kafolatlash uchun o‘zbeklar seshanba kuni bo‘ladigan to‘qnashuvda g‘alaba qozonishi shart, - deb yozdi Osiyo futbol konfederatsiyasi ekspertlari the-afc.com saytida.

Ayni paytda Qatardagi jahon chempionatida ikkitadan g‘alabaga erishgan Irlandiya Respublikasi, Portugaliya, Argentina, Italiya, Braziliya, Zambiya, Avstriya hamda AQSh muddatidan avval pley-off bosqichiga yo‘llanma olib bo‘ldi.

O‘zbek futbolchisi jahon chempionati “Oltin butsa”siga da’vogar!

O‘zbekistonning jahon chempionatidagi g‘alabasiga qanday munosabat bo‘ldi?

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!