O‘zbek legioneri maydonga qaytib, hammasini joy-joyiga qo‘yishi kerak!
Belarus futbolining etakchilaridan hisoblangan BATE bugungi kunda avvalgi qudratini yo‘qotib bo‘lgani haqida ko‘p gapirilmoqda. Borisovliklar oliy ligada ketma-ket ikki g‘alabadan keyin Balurs kubogi yarim finalining dastlabki uchrashuvida mag‘lubiyatga uchradi.
Grodno shahrida “Nyoman” klubi vakillari bilan bellashgan BATE futbolchilari o‘yinda 12-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘limda ikkita to‘p o‘tkazib yubordi va 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
BATE bosh murabbiyi Aleksandr Mixaylov ketma-ket uchinchi uchrashuvda ham o‘zbek legioneri Shahboz Umarovni o‘ynatgani yo‘q. Yosh murabbiy o‘ta iste’dodli, shu bilan birga o‘ziga xos xarakterga ega bo‘lgan jamoaning eng etakchi o‘yinchisi bilan oradagi mojaroni unutmagan ko‘rinadi. U o‘zidagi tarkib tanlash vakolatidan foydalanib, Shahbozga o‘ynash imkoniyatini bermayapti.
Muxlisu mutaxassis BATEning xalqaro miqyosdagi turnirlarda ham ishtirok etishini inobatga olib, o‘zbek futbolchisiga ehtiyoj borligini ta’kidlamoqda. Xususan, Belarus futbolini yoritib kelayotgan jurnalistlardan biri Vladislav Tatur BATEning mag‘lubiyatidan keyin quyidagicha post qoldirdi:
Grodno safari BATE uchun murakkab bo‘ldi. Hamma uchun ham. Mixaylovning birinchi mag‘lubiyatini shu erda ko‘rdik. O‘ylashimcha, BATEning eng katta muammosi zaxira o‘rindig‘ining qisqaligida. Bir tarkib bilan butun mavsumni o‘tkazib bo‘lmaydi.
Balki Umarovni qaytarish vaqti kelgandir?
Vladislav Tatur Shahboz Umarovni o‘yinga qo‘yishi borasida ko‘targan savolga muxlislar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

E’tiboringizga BATE muxlislarining izohlarini havola etamiz:
Egor:
Haqiqatan Umarov etishmayapti.
Anton Shinelko:
Hozirgi sharoitda mavsumning boshidayoq jamoa jismonan charchab qolishi noto‘g‘ri.
Timmi Aleks:
Umarovni o‘ynatish vaqti kelib bo‘ldi. Bundan tashqari, rotatsiyaga yana bir juft yaxshi o‘yinchi kerak. Berezkinni olishmagani yaxshi bo‘lmadi. Bu mag‘lubiyatning ham kamchiliklarni aniqlashga foydasi bor. Bor kurash hali oldinda.
Ruslan:
Shahbozni o‘ynatish kerak, hozirgi vaziyatda mahoratli o‘yinchilarni chetlatib bo‘maydi. Sotib yuborishdan ham foyda yo‘q. Zaxira o‘rindig‘imiz juda qisqa.
Logs Cloud Developer:
Butun mavsum davomida og‘irlikni faqat Umarovga yuklab ham bo‘lmaydi. Yaxshi o‘yinchilarni olish kerak edi.
Artem Rabtsevich:
Umarovni qaytarish kerakligi haqida aytgandim, qolganlar BATEni mavsum favoritiga chiqarib qo‘ydi. Bunga tarkib kaltalik qiladi.
Sigizmund:
Jamoa yangi o‘yinchilarga sarflashda baxillik qildi. Umarov esa... Umarovni maydonga qaytargunicha Mixaylovning shartnomasi tugab bo‘ladi. Jamoa chempionat boshida ikkita zaif jamoani yuti, o‘zini chempion his qila boshladi. Bu o‘yinda ularning o‘rnini ko‘rsatib qo‘yishdi. Bunaqada BATEga juda qiyin bo‘ladi.
Andrey Makarskiy:
BATEning birinchi muvaffaqiyatsizligida Umarov masalasi ko‘tarilishi kutgandim. Shunday hissiyot borki, o‘zbek futbolchisi kelib hammasini joy-joyiga qo‘yishi kerak bo‘ladi.

BATE Belarus chempionatidagi uchinchi tur uchrashuvini 10 aprel kuni o‘tkazadi. Musobaqa peshqadami bo‘lib turgan jamoa shu kuni "Dnepr-Mogilyov" jamoasi mehmoni bo‘ladi. Yaqinda Shahboz Umarovning asosiy jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazayotgarini aytgan bosh murabbiy Aleksandr Mixaylov balki endi hamyurtimizga ishonch bildirar. Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi.

Fikrlar