O‘zbek MMA olamining uch avlodi bilan tanishing!

  • 29 aprel, 2020, 21:01
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
TIGGO 2 PRO

Hozirgi kunda butun jahon bo‘ylab aralash jang san’atlari, ya’ni MMA eng ommaviy sport turlari qatoriga qo‘shildi. Ayniqsa, UFC, “Bellator» ONE Championship promoushenlari o‘ziga xos brendga ham aylanib ulgurdi. Albatta, O‘zbekistonda ham mazkur yakkakurash turining o‘z tarixi bor. Garchi, yaqindagina yurtimizda rasman ushbu sport turiga ruxsat berilib, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi tashkil qilingan bo‘lsa-da, sportchilarimiz ancha yillar avval xorijda o‘z janglarini o‘tkazib, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilib kelishgan. Albatta, biz bu mavzu haqida bejiz so‘z yuritmadik. Chunki, navbatdagi maqolamiz o‘zbek MMA olamining uch avlodi haqida bo‘ladi.

Birinchi avlod vakillari juda ham yaxshi natijalar qayd etgan. Jumladan, bu borada bayroqdorimiz, ayni kunda O‘zbekiston professional MMA terma jamoasi murabbiyi Sunnat Ilyasov “Pankration” da jahon chempionligini qo‘lga kirita olgan va qaysidir ma’noda mamlakatimiz aralash jang san’atlariga asos solgan, deb bemalol ayta olamiz. Qolaversa, marhum Shavkat O‘roqov hamda Ayubxon Kamalovning ham ushbu sport turiga kirib kelishiga sabab bo‘lgan. Ular asosan tijoriy turnirlarda va klublar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etib, ko‘plab g‘alabalarni qayd etishgan.

Shuningdek, ayollar o‘rtasida ilk jangchimiz Gulbahor Amantaeva bo‘ladi. U ham bu yo‘nalishda ulkan g‘alabalarni qo‘lga kirita olgandi. Misol uchun, “Pankration” va “Pride» turnirlarida ishtirok etib, jahon chempionligiga erishgan.

Demak, birinchi avlod vakillari: Sunnat Ilyasov (Samarqand), Shavkat O‘raqov (Navoiy), Ayubxon Kamalov (Namangan), Gulbahor Amantaeva (Toshkent).

montaj

Bulardan so‘ng, mamlakatimizdan juda ko‘p iste’dodlar etishib chiqqan. Ularning barchasi mashhurlik cho‘qqisiga chiqa olgan desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Ayniqsa, “Buxoro yo‘lbarsi” nomi bilan mashhur Muzaffar Rajabov turli xil promoushenlarda ajoyib natijalar qayd etgan. “Osiyo ayigi” nomi bilan shuhrat qozongan, ayni kunda O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘raev butun MDH mamlakatlarida o‘z nomiga ega bo‘lgan. “Mangust” nomi bilan tanilgan Mansur To‘g‘izboev hozirda referi hamda murabbiylik bilan shug‘ullanmoqda. U ham o‘z vaqtida ajoyib janglar o‘tkazgan. “Bo‘ri” deb atashadigan Amin Ergashev ham yarim og‘ir va og‘ir vazn toifasida bir qator turnirlarda ko‘plab g‘alabaga erishib, xorij oktagonlarida o‘z so‘zini ayta olgan. “Sharq bahodiri” Aleksandr Stolyarov ham chiroyli janglari orqali muxlislar qalbidan joy olgandi. Shuningdek, Sirojiddin Eshonboev yurtimiz sha’nini xalqaro arenalarda muvaffaqiyatli himoya qila olgan. Bular qatoriga Mahmud Muradov, Nursulton Ro‘ziboev, hamda Azamat Bahodurzodani ham qo‘shish lozim.  To‘g‘ri, ular hali yosh lekin faoliyatlarini ancha avval boshlaganligi sababli ushbu avlod safiga qo‘shdik. Mahmud hamda Nursultonlar ayni kunda o‘zbek MMA olamining yorqin vakillari hisoblanadi va ular haqida batafsil ma’lumotga egasiz. Og‘ir vazn toifasida o‘z janglarini o‘tkazadigan Azamat Bahodurzoda 18 yoshida debyut jangini o‘tkazadi va keyinchalik bir qator turnirlarda yaxshi natijalarni qayd eta olgandi.

Ikkinchi avlod: Muzaffar Rajabov (Buxoro), Murod Xonto‘raev (Toshkent), Mansur To‘g‘izboev (Samarqand), Amin Ergashev (Navoiy), Sirojiddin Eshonboev (Toshkent), Aleksandr Stolyarov (Toshkent), Mahmud Muradov (Buxoro), Nursulton Ro‘ziboev (Andijon), Azamat Bahodurzoda (Toshkent)

So‘nggi avlod vakillari esa, ayni kunda ajoyib g‘alabalari bilan bizni xursand qilayotgan hamyurtlarimizdir. Ular orasida yaxshi natijalar qayd etayotganlardan “Bellator” da o‘z janglarini o‘tkazayotgan Zarruh Adashev (Samarqand), FFC ning og‘ir vazn toifasida chempionlik kamari sohibi Azamat Nuftillaev (Qashqadaryo), GFC chempioni Lilya Shakirova (Toshkent), Ahliddin Mirzadavlatov (Andijon), Avliyoxon Hamidov (Andijon), Bahodir Boqiev (Qashqadaryo), Hasan Bozorov (Buxoro), Humoyun Ibragimovni (Toshkent viloyati) ta’kidlab o‘tishimiz mumkin. Umuman olganda, bu avlod vakillarining barchasini sanab o‘tish amrimahol. Chunki hozirgi kunga kelib, juda ko‘plab yoshlarimiz ushbu yo‘nalishda o‘z janglarini o‘tkazmoqda.  

Shu o‘rinda, mazkur atletlarimizga ushbu sport turida o‘z yo‘lini topishiga sababchi bo‘lgan insonlar haqida ham to‘xtalib o‘tishni lozim topdik. Birinchi avlodda yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Sunnat Ilyasovning xizmatlari katta bo‘lgan. Qolaversa, hozirda ham ko‘plab yoshlar uning qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib boradi. Ikkinchi avlodning aksariyatini, jumladan, Mahmud Muradovdan boshqa barchasini muvaffaqiyatida murabbiy, menejer hamda promouter, ayni kunda “Axmat” ligasining Osiyo mintaqasi rahbari  Nodir Qodirovning o‘rni beqiyosdir! U mazkur avlod vakillariga ustozlik qilish barobarida oktagonga ilk bora olib chiqib, ular ishtirokidagi janglarni tashkil qilgan edi. Hozirgi avlod vakillarini kamol topishida ham juda ko‘plab murabbiylar, menejerlar faoliyat olib bormoqda. Ular haqida keyingi maqolamizda bayon etamiz.

Albatta, bu bizning shaxsiy fikrimiz edi. Agar, kimlarningdir faoliyatidan bexabar bo‘lib, sanab o‘tilganlar orasidan joy olmagan bo‘lsa, biz o‘z uzrimizni so‘raymiz!

mont

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!