
O‘zbek va tojik futboli haqida Yoxud Usmon Toshev bilan jiddiy tahlil
Ilgari Tojikiston futboliga unchalik qiziqmasdik va kuzatmasdik ham. Faqat u erdan ilgari ayrim nomi chiqqan sobiq futbolchilarni yaxshi bilardik xolos. Lekin oxirgi yillarda u erda futbol rostakamiga rivojlanayotgani sezilmoqda. Ayniqsa, o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarining muvaffaqiyatli ishtiroklarini aytish mumkin. Lekin bizda hozir vaziyat qanday? Bu borada ikkala mamlakat futbolidagi yutuq va kamchiliklarni solishtirish mumkin. Tojikiston milliy termasida esa hamyurtimiz Usmon Toshev bosh murabbiylik qilmoqda va u bu borada katta tajribaga ega.
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining alamli tarzda yana Olimpiada yo‘llanmasidan quruq qolib ketgani juda achinarli. Vaholanki, terma jamoamizda imkoniyat katta edi, sharoitlar ham ko‘ngildagidek bo‘lgandi. Lekin nima uchun yo‘llanmaga ega bo‘la olmadik? Mutaxassis sifatida Usmon Toshev dastlab ushbu masalaga fikr bildirdi.
- Nima uchun O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Olimpiadaga chiqa olmadi? Bunday vaziyatda men ham albatta sizdek holatdaman. Masalan, siz chetdan qanday ko‘rayotgan bo‘lsangiz, men ham xuddi shundayman. Rosti, bunday savollarga bosh murabbiy yoki uning shtabidagilar javob berishi mumkin. Shu bilan birga o‘sha murabbiylar bilan kim ishlayapti, balki o‘sha javob bersin. Umuman, terma jamoada kim ishlashidan qat’iy nazar ularni nazorat qiladiganlar ham javob berishi mumkin. Aslida murabbiylarni nazorat qiladigani bormi, o‘zi? Bizda esa shunaqaki, oxiriga borib yaxshi bo‘lsa yaxshi deymiz, yomon bo‘lsa yomon deymiz. Lekin ish jarayoni aslida qanday bo‘lgan? Ishni boshlagach, oxirigacha keldi. Biroq ularni kim nazorat qilib turdi, kim vaqtida savol-javob qilib turdi? Xo‘sh, murabbiyning qilgan ishlari to‘g‘ri bo‘ldimi, u erga, bu erga bordi, yig‘inlar o‘tkazdi. Menimcha, masalaning echimini o‘sha erdan qidirish kerak. Ammo e’tibor bersak, doim oxiriga borganda bizga qanaqadir bitta gol yoki bir ochko etishmay qoladi. O‘yinimiz yaxshi bo‘lsa, gol kamlik qilib qoladi. Bunday holatlar nechanchi marta sodir bo‘lyapti? Bu bahona emas, rostdan ham shunday. Mana shunday savollarga oldindan yaxshi bilgan holda javob topishimiz kerak. Ya’ni, qadamimizni o‘ylab, bilib bosishimiz lozim.
Milliy va olimpiya terma jamoalarimizning natijaga erishishi uchun xorijlik mutaxassislar olib kelingandi. Milliy termaga argentinalik Ektor Kuper bir yildan biroz ortiq vaqt davomida bosh murabbiylik qildi. Ammo Osiyo Kubogidagi muvaffaqiyatsizlik hamda jahon chempionati saralash bahslaridagi ishonchsizlik tufayli Kuper bilan xayrlashildi. Umuman olganda, uning uslubi futbolimizga mos tushmaganligi asosiy rol o‘ynadi. Shuningdek, o‘tgan yili olimpiya terma jamoasiga Lyubinko Drulovich bosh murabbiy etib tayinlangandi va asosiy vazifa jamoani Olimpiadaga olib chiqish edi. Afsuski, yaxshi imkoniyatga ega bo‘lsak-da, u ham ishonchni oqlay olmadi. Ko‘rinib turibdiki, xorijlik murabbiylarning terma jamoalarimizda faoliyat olib borgani o‘z natijasini bermadi. Yoki futbolimizdagi boshqa tizimlarda muammolar bormi? Ushbu masala bo‘yicha ham Usmon Qudratovich o‘z fikrlarini bildirdi.
- Umuman olganda, terma jamoalarda qaysi murabbiylar ishlashining u qadar ahamiyati yo‘q. Aslida ularni kim taklif qiladi, oldiga qanday vazifalar qo‘yadi? Vazifa deganda qaysidir o‘yinni yutishni nazarda tutayotganim yo‘q, futbolimizni qanday o‘stirishni inobatga olyapman. Hattoki, yutib-yutib Olimpiadaga chiqqan taqdirimizda ham keyingi qadamimiz qanday bo‘ladi yoki bo‘lmasa olimpiya terma jamoasidan Vadim Abramov ustozlik qilayotgan milliy termaga nechta futbolchi o‘tadi? Ko‘ryapsizmi, mana shularni kim tekshiradi, kim savol beradi? Aslida o‘sha murabbiylarga shunday savollarni beradigan odamning o‘zi bormi? Kuper va Drulovich bir yil vaqt davomida ishlab ketishdi. Ularning saviyasi qanday, malakasichi? Umuman, javobdan ko‘ra dastlab savollarni berish kerak. Biz esa doim vaziyatning oxiriga borganda, qiyin ahvolga tushib qolganda chorasini izlashga tushib qolamiz. Lekin jarayon bunday ahvolga etib kelishidan avval o‘sha o‘ylantirgan savollarga aniq javoblarni topish kerak. Siz daraxt ekdingiz va uni meva berishini kutasiz. Birinchi mevasini berdimi, endi ikkinchi-uchinchi mevalarini ham kutasiz. Axir bir marta mevasini olganimizdan keyin uni kesib tashlamaymiz-ku. Unga suv quyib parvarishlash kerak. Vaziyatga jiddiy qaraylik, necha yildan beri doim bir xil holat kuzatilyapti. Lekin yakuniy xulosa yo‘q. Bir-ikki marta tanqidiy maqolalar yozib chiqaramiz, u yomon ishladi, bunisi bunday qildi deb va keyin ishdan bo‘shatiladi. Xo‘p, ammo undan keyin nima bo‘ladi? Yana o‘sha kamchiliklar takrorlanaveradi. Demak, balki bu jarayonda murabbiylar yoki futbolchilarda ayb emasdir...
Usmon Toshev tojik futbolini yaxshi biladi. Chunki u mamlakat terma jamoasiga bosh murabbiylik qilishi ortidan Tojikistondagi futbolga yanada chuqurroq kirib bormoqda. Agar kuzatayotgan bo‘lsangiz, oxirgi yillarda Tojikiston futbolida o‘sish kuzatilmoqda. Ayniqsa, o‘smirlar, yoshlar terma jamoalarida ijobiy ishlar ko‘zga tashlanmoqda. Shuningdek, yaqinda Tojikistonning “Istiqlol” klubi Osiyo Chempionlar ligasi pley-off doirasida Toshkentda “Lokomotiv”ni yutib ketdi. Yoki bo‘lmasa Belorussiyada yoshlar o‘rtasida o‘tgan “Rivojlanish Kubogi” musobaqasida Tojikiston yoshlar termasi finalgacha etib bordi. O‘sha turnirda qatnashgan Azamat Abduraimov boshchiligidagi O‘zbekston esa 8 ta jamoa orasida oxirgi o‘rinni egalladi. Qiziq, tojikistonliklar nimaga ko‘proq e’tibor qaratishyapti? Ularning yutug‘i nimada bo‘lmoqda? Bunday savollarga esa Toshev qanday javob berishni biladi.
- To‘g‘ri, men ularning ichida yuribman va qanday ishlashayotganini, nimalarga e’tibor qaratishayotganini bilib turibman va bunday jarayonlarda o‘zim ham qatnashyapman. Chindan ham bu erda futbol o‘syapti. Birinchi navbatda aytishim mumkinki, tojik futbolining barcha bo‘g‘inlarida fidoyi insonlar ishlashyapti. Futbol federatsiyasi deysizmi, klublarda ishlayotgan murabbiylar yoki rahbarlarmi, bolalar futbolidami, umuman barchasi bir-biri bilan juda ahil va inoq. Bunday qarasangiz, aslida barchasi oddiy insonlar, ammo ular vatan uchun qattiq ishlashyapti. O‘zim ham ular bilan gaplashganda nimalarga e’tibor qaratish kerakligini, qanday ishlash lozimligini tushuntirib turaman. Albatta, ish bor joyda muammo va kamchiliklar ham bo‘ladi. Ayrim paytlarda vaqt etishmaydi. Bunday holatlar barcha federatsiyalarda bor. Avvalo, bu erda hamma o‘z ishini bilib qilyapti. U erda murabbiylar ham ko‘p. Albatta, ular super darajada emas. Lekin boya aytganimdek, hammasi nima qilishni biladi va o‘z vazifasini faqat to‘g‘ri yo‘nalishda bajarishyapti. Yana bir muhim jihat shundaki, federatsiya murabbiylar borasida to‘g‘ri tanlovni amalga oshirib, ularga o‘smirlar, yoshlar yoki boshqa jamoalarini ishonib topshiryapti. Bunday to‘g‘ri tanlovlar evaziga yuqoriga siljish bo‘lyapti. O‘zingiz aytganingizdek, Belorussiyadagi musobaqada finalgacha etib borishdi. “Istiqlol” esa “Lokomotiv”ni yutdi. Ko‘pchilik esa bu tasodifiy g‘alaba, shunchaki “Lokomotiv”ning o‘yini chiqmadi, qabilidagi gaplarni aytishdi. Lekin aslida bunday emas. “Istiqlol” jamoasi va undagi futbolchilar hammasini bilib turgandi va g‘alaba qozonishlariga ishonishgandi. Bilasizmi, “Istiqlol”ning barcha harakatlari faqat g‘alabaga qaratilgandi. Ularda juda qiziqarli futbolchilar bor. Men bu borada kimnidir alohida ko‘rsatmoqchi emasman. Lekin anig‘i shuki, u erda futbolchilar sezilarli darajada o‘sishyapti. O‘yinchilarda katta ishtiyoq bor. Men hali milliy terma jamoa bilan yig‘in boshlaganim yo‘q. O‘yinchilar esa mendan qachon to‘planamiz, qachon o‘ynaymiz deb o‘zlari katta ishtiyoq bilan so‘rashyapti. Bunday jarayon boshqa yoshdagi terma jamoalarda ham bor. Klublarida ayrim muammolar bor. Mening vazifam vaqtida yig‘inlar boshlash va o‘tkazish. U erda biror kunim bekor ketmaydi, doim qarayman, kuzataman, gaplashaman, ko‘rsatmalar beraman. Yaqinda barcha murabbiylar bilan uchrashib, hammamiz bitta yo‘nalish bo‘yicha ishlash borasida dasturlarni ishlab chiqamiz. Murabbiylar orasida ham o‘zaro ishonch, hurmat va ahillik yuqori darajada.
Terma jamoalari rivojlanish yo‘lidan ketayotgan ekan, unda ularning ichki chempionatida ham siljish kuzatilayotgan bo‘lsa ajablanmaymiz. Bunga misol qilib yuqorida aytganimizdek, “Istiqlol”ning Toshkentda yutib ketganini aytish mumkin. To‘g‘ri, birgina g‘alaba tufayli ularga u qadar yuqori baho berib yuborish ham balki noto‘g‘ridir. Lekin vaziyat shu darajaga keldiki, endi tojik klublari ham O‘zbekistonda o‘ynab yutib ketishyapti. Oldin bunaqasini eslay olmasangiz ham kerak. Shunday ekan, Tojikiston klublarida ham o‘sish kuzatilmoqda. Bu borada moliyaviy tomondan barqarorlik ham muhim ahamiyat kasb etadi. Toshev esa tojik klublari haqida shunday deydi:
- Albatta, klublarda o‘sish bor, ular harakat qilishyapti. Bungacha Tojikiston chempionatida 8 ta jamoa qatnashardi, bu yildan ularning soni 10 ta oshirildi. Bunday qarorga o‘z-o‘zidan kelishmadi, ko‘p muhokamalardan keyin ushbu yo‘lni ma’qul ko‘rishdi. Chunki bu ham o‘ziga yarasha mablag‘, infrastrukturaga borib taqaladi. Bungacha esa shunday yo‘l tutsak nima bo‘ladi, degan savolni o‘rtaga tashlashdi. Juda obdon o‘ylab, tahlil qilishgach, ishtirokchilar soni ko‘paytirildi. Bunday qilmasak bo‘lmasdi ham. Bizga birdaniga o‘sish kerak emas. Darhol natija talab qilinmayapti. Bu erda hamma o‘z qadamini bilib, o‘ylab bosishni o‘rganyapti. Albatta, hech qachon oson bo‘lmaydi. Pul bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘ladi. Rahbariyat boshqa chempionatlarni ko‘ryapti, tahlil qilyapti, natijada xatolardan voz kechishyapti. Umuman olganda, hammasi joyida. Qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, biz to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz. Chunki o‘zimiz tanlagan yo‘limiz mashaqqatli va qiyin ekanligini bilib turibmiz. Shunchaki, bir qadam tashlagan holda shunday yo‘ldan yurmasak bo‘lmasdi. Bo‘lmasa, futbolni o‘stira olmaymiz.
Usmon Qudratovich Tojikistonda ishlayotganiga qaramasdan baribir o‘zbek futbolini ham kuzatib kelyapti va bu borada u befarq qarab tura olmaydi. Bizdagi xalqaro maydonlarda yuz berayotgan voqealardan keyin ko‘pchilik futbolimiz pastga qarab ketayotgani borasida munosabatlar bildirishyapti. Chetdan kuzatayotgan mutaxassis sifatida Toshevning bu boradagi qarashlari qanday ekan?
- Albatta, o‘syapti yoki pastga qarab ketyapti deb aytish mumkin. Bilasizmi, yuz berayotgan ishlarga o‘zimiz chetdan qarab baho berishimiz mumkin. Butun dunyoda futbol uchun qonun-qoidalar bir xil. Masalan, to‘p darvoza ortiga chiqib ketgan bo‘lsa, burchak to‘pini tepasiz. Autga ketsa, aut tashlaysiz. Ammo hech qachon to‘p autga chiqib ketsa, burchakdan to‘pni o‘yinga kiritmaysiz. Shuning uchun ham futbolning qoidalari hamma joyda bir xil. O‘sha reglamentdagi qoidalar bo‘yicha qandaydir Amerika kashf qilmasdan faqat to‘g‘ri yo‘lda ishlash kerak. Savol: o‘sha qonun-qoidalar bo‘yicha ishlashyaptimi yo yo‘qmi? Mana shunga javob kerak. Masalan, Bangladeshga borsam u erda ham futbol o‘syapti, Afg‘onistonga borsam ham futbol oldinga siljiyotganini ko‘ryapmiz, ammo buni hech kim tan olmaydi. Shu bois yuqorida aytganimdek, o‘z ishimizga chetdan turib qarashimiz kerak. Albatta, O‘zbekiston futbolida o‘zgarishlar katta. Lekin men o‘syapti yoki pasayyapti deb baho bera olmayman. Shunchaki, ishlash kerak. Reja bo‘yicha harakat qilish lozim. Lekin o‘sha rejaning o‘zi bormi?
Shuningdek, o‘zbek murabbiyining Tojikiston terma jamoasidagi ishlari qanday ketmoqda? Futbolchilarni saralashda nimalarga ahamiyat qaratmoqda? Umuman, navbatdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
- Tojik futbolida o‘sishlar bor deyapmiz, demak bu ham bizning terma jamoaga ta’sir qiladi. O‘sish uchun asosiy yo‘nalish va turtki berayotgan bu – terma jamoada o‘ynayotgan o‘yinchilardir. “Istiqlol”dan terma jamoada Yatimov, Jo‘raboev, Boboev, Tabrezi kabi futbolchilar to‘p surishyapti. Bilasizmi, milliy terma jamoani qabul qilib olganimda ular o‘z klublarida hatto zaxirada o‘tirardilar. Bilasiz, hamma vaqt terma jamoa saviyasi boshqacha bo‘ladi. O‘sha yigitlarni olib, tayyorlab shuni ko‘rsatdikki, yosh futbolchilarga ishonish kerakligini yana bir karra boshqalarga bildira oldik. Natijada o‘sha futbolchilar “Istiqlol”da ham etakchilarga aylanishdi. E’tibor beryapsizmi, bu erda vaziyat teskarisiga tus oldi. Ya’ni, biz futbolchilarni tayyorlab klublarga beryapmiz. Vaholanki, hamma joyda klublar o‘z o‘yinchilarini tarbiyalab terma jamoalarga beradi. Terma jamoada ish boshlaganimda 25-26 nafar o‘yinchining ro‘yxati bor edi va ulardan 23 tasini tanlab olishim kerak edi. Keyin esa Tojikiston chempionatidagi barcha jamoalarni ko‘rib chiqdim, birinchi ligasini ham, o‘rinbosarlar bahsini ham kuzatdim. Endilikda terma jamoaga nomzod 60 ga yaqin futbolchilarni to‘pladim. Bizda faqat hujumda biroz muammolarimiz bor. Hozir shu haqida o‘ylayapmiz. Muhimi, Tojikiston futbolida o‘sish bor va federatsiya rahbarlari bundan xursand. Muxlislarniku, gapirmasa ham bo‘ladi. Ko‘cha-kuyda yursam ular meni tanishadi, hol-ahvol so‘rashadi. Bilasizmi, endilikda menda asosiy tarkibni tanlashda muammolar paydo bo‘lyapti. Ya’ni, bitta joyga ikkinchi va uchinchi da’vogarlar chiqyapti. Bu esa juda yaxshi holat. Bosh murabbiy kimni tushirish va tushirmaslik borasida boshi og‘risa bu yaxshi. Boshida esa tarkibga kimlarni topaman, degan muammo qiynardi. Hozir esa vaziyat o‘zgardi. Lekin terma jamoani faqat FIFA kunlari doirasidagina yig‘a olasiz. E’tiborlisi, o‘tgan yili birdaniga 8 nafar o‘yinchimiz xorij klublariga ketishdi. Rahbariyat bilan uchrashganimda ham futbolchilarning xorijga ketishlariga ruxsat berish va bu tojik futboli uchun foydali ekanligini aytganman. Kimdir “Rubin”, kimdir Germaniya ikkinchi bundesligasiga ketdi. Bu ham katta yutuq, aslida.
Tojik futbolidagi o‘zgarishlarni ko‘rib turibsiz. Hammasini tahlil qilib, dangal aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda tojik futbolining mavqei biznikidan o‘tib ketdimi? Bunga Toshev shunday fikr bildirdi:
- Men bunday taqqoslay olmayman. Chunki bu noto‘g‘ri bo‘lardi. Lekin sizga shuni ayta olamanki, Tojikiston futboli o‘syapti. Biz bilib turib, qadamimizni bosyapmiz. Lekin muammolar bor, bu borada bahs-munozaralar bo‘lib turadi. Bu normal holat, qachonki, bir kishini aytgani bo‘lib, o‘sha yo‘ldan yursa, unda bu xatolik bo‘lishi mumkin. Yaqin vaqtlarda yana yaxshi natijalar bo‘ladi. Men uchun o‘smirlardan yoshlarga, yoshlardan olimpiya termasiga, olimpiyadan esa milliy terma jamoaga yoshlar qo‘shilib kelaversa, o‘sha yutuq bo‘ladi. Aynan shu narsani o‘sish deb aytsa bo‘ladi. Shundan keyin natijalarimiz ham ijobiylashib boradi. Agar bu yil birinchi o‘rinni oldik va buni tasodif deyishlari, keyin o‘sha jamoa pastlab ketishi mumkin. Lekin bunday bo‘lmasdan o‘sha ijobiy natijalarning davomiyligini saqlay olishimiz kerak. Shu javobimni chuqurroq tahlil qilish kerak. Umuman, o‘zbek futbolining ham kelajagi bor. Faqat nima qilish kerakligi haqida jiddiyroq o‘ylash lozim. Belgiya, Gollandiya, Ispaniya futboli misollarida ko‘rib o‘rganish kerak. Buning uchun bilim ham kerak. Uyquni biroz chetga surib, izlanish talab etiladi. Vaholanki, O‘zbekistonda ajoyib sharoitlar bor, faqat ishlash kerak. Ko‘rasiz, yaqin vaqtlarda yana ijobiy o‘zgarishlar bo‘ladi. O‘sha paytda yana gaplashamiz.
Fikrlar