
"O‘zbekiston bilan bir guruhga tushib qolishimizni kutmagandik" yoxud qirg‘izistonlik futbolchi nega Superligamizga qaytmadi?
Yaqinda Vetnam chempionatiga ko‘chib o‘tgan iqtidorli yarim himoyachi Odil Abdurahmonov ayni paytda Qirg‘iziston terma jamoasi bilan “JCh-2026” uchinchi saralash bahslariga tayyorlanmoqda. Ma’lumki, qirg‘izistonliklar ham O‘zbekiston guruhidan joy olgan. Abdurahmonov esa muxlislarimiz uchun yaxshi tanish. Ilgari “Bunyodkor” klubida to‘p surgan. Kuni kecha ushbu legioner Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Odiljon sizni “Bunyodkor”dagi faoliyatingiz orqali yaxshi bilamiz. O‘sha paytlardan qanday xotiralar qolgan?
- “Bunyodkor”dan juda iliq xotiraralar qolgan. Moslashish oson kechgan. Millatimiz ham bir-biriga yaqin. Til borasida ham qiynalmagandim. Meni o‘sishimda “Bunyodkor” katta yordam bergan. Keyin futbolchilik faoliyatim yaxshi tomonga o‘zgarib ketdi. Qozog‘iston chempionatiga borib o‘ynadim. “Bunyodkor” men uchun tramplin vazifasini bajardi.
- Yaqinda Vetnam chempionatiga o‘tdingiz. Bu chempionatda doim ham tanish legionerlarimizni ko‘ravermaymiz. Hammasi qanday bo‘ldi?
- To‘g‘ri, Vetnam chempionatida markaziy osiyoliklar juda kam. Asosan braziliyalik legionerlar ko‘p ekan. U erga o‘tishimga asosiy sababchi, “Bunyodkor”da ishlagan, men uchun qadrdon bo‘lgan Shaxriyor aka yordam ko‘rsatdi. Boshidan oxirigacha transferning amalga oshishida o‘zi bosh-qosh bo‘ldi. Shaxriyor akaga minnatdorchilik bildiraman. Xudo xohlasa, Vetnam chempionatida o‘zimni ko‘rsatib, yanada kuchliroq chempionatga yo‘l olishni maqsad qilib turibman.
- “Bunyodkor”da siz uchun yoqimli narsa nima edi?
- “Bunyodkor”dan yaxshi xotiralar qolgan. U erda ajoyib insonlar bilan tanishdim. Futbol agenti bilan bo‘lib ishlayotgan Shaxriyor aka klubga moslashishimda qo‘lidan kelgan hamma yordamni bergan. Klub rahbariyatiga ham rahmat aytaman. Boya aytganimdek, klubga kelganimda til masalasida muammo bo‘lmagan. O‘zbek tilida yaxshi gaplashaman. Chunki o‘zim Qirg‘izistondagi o‘zbeklardan hisoblanaman. “Bunyodkor”ni faqat yaxshi xotiralar bilan eslayman. Yaxshi do‘stlar, aka-ukalar orttirdim. Hech qachon yomon fikr bildirmayman.
- Tez orada “JCh-2026”ning navbatdagi saralashi boshlanadi. Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan bir guruhda. Buni kutganmidingiz?
- To‘g‘risi, O‘zbekiston bilan bir guruhga tushib qolishimizni kutmagandik. Bu futbol. Baribir hamma raqib bilan qachondir o‘ynash kerak. 10 sentyabr kuni Qirg‘izistonda O‘zbekistonni qabul qilamiz. Kuchligi yutadi. Hozir hamma joyda futbol rivojlanyapti. Hamma jamoa futbol o‘ynashni o‘rgangan. Biz ham qo‘limizdan kelganicha bor mahoratimizni ishga solib yaxshi o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz.
- Umuman, guruh favoritlari va Qirg‘izistonning imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Guruhda favorit deb hech kimni alohida ko‘rsata olmayman. Hali o‘yinlar boshlanmadi. 2-3 ta turdan keyin favoritlar ajralib qolsa kerak. Lekin hali oxirgi bosqich boshlanmasidan turib hech kim qo‘lini ko‘tarmaydi, biz kuchsizmiz demaydi. Bu futbol. Yaxshi o‘yin ko‘rsatib, qo‘ldan kelganicha yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga harakat qilamiz. Bu jamoadagi har bir futbolchining vazifasi.
- O‘zbekiston termasiga qarshi uchrashuvni sabrsizlik bilan kutyapsizmi?
- Nafaqat O‘zbekiston bilan o‘yinni, balki boshqa raqiblar bilan uchrashuvlarni ham sabrsizlik bilan kutyapmiz. Maydonda kuchli jamoa yutadi. Bor kuchimiz bilan o‘yin ko‘rsatib, guruhda yaxshi natija qayd etishga harakat qilamiz. O‘zbekiston terma jamoasini hurmat qilamiz. Osiyoda o‘z o‘rniga ega. Har doim yuqori o‘rinlarda yurgan va qit’ada o‘zining obro‘si bor.
- Sizga yana chempionatimizdan takliflar bo‘lganmidi?
- Takliflar bo‘ldi. Shu yili O‘zbekistonda birinchi davra tugaganidan keyin “Qizilqum”, “Metallurg” va yana ayrim klublardan takliflar bo‘ldi. Barchasi yil oxirigacha shartnoma taklif qilganligi uchun ikkinchi davrada oilamni olib borib, 3-4 oy uchun ularni ovora qilgim kelmadi. Shuning uchun takliflarni qabul qilmadim. Shaxriyor aka bilan doim aloqada edik. “Bunyodkor”dan keyin futbol agenti bo‘lib ishlayotganidan xabarim bor edi. Avgust oyida menga aloqa chiqdi. Vetnamdan yaxshi taklif bo‘layotganini, oylik maoshlari va sharoitlari yaxshiligini aytib, meni u erga bora olishim mumkinligi bilan qiziqdi. Bu taklif menga ham yoqdi va rozi bo‘ldim. 3-4 kun ichida hamma masala hal bo‘lib ketdi. Bir hafta ichida shartnomalarga qo‘l qo‘ydim. Hozirgi kunda esa terma jamoam bilan birgaman. Eronga kelganmiz. 5 sentyabr kuni ularga qarshi o‘yinimiz bor. 10 sentyabrda esa o‘z uyimizda O‘zbekiston terma jamoasini qabul qilamiz. Menga yordam ko‘rsatgan Shaxriyor akaga yana bir bor minnatdorchiligimni bildiraman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar