O‘zbekiston kubogi finalining sanasi o‘zgardi

  • 21 oktabr, 2019, 15:39
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ayollar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogining final uchrashuviga Toshkentning “Bunyodkor” hamda Qarshining “Sevinch” jamoalari etib kelishdi. Chempionlik poygasida ham jiddiy raqobat qilayotgan mazkur ikki klub o‘rtasidagi hal qiluvchi o‘yinga bo‘lgan qiziqish katta.

Rejaga ko‘ra final o‘yini 25 noyabr kuni o‘tkazilishi kerak edi. Taqvim bo‘yicha 17-26 oktyabr kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida ayollar o‘rtasida CAFA kubogi bo‘lib o‘tishi belgilangandi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra, Bishkekdagi musobaqa keyinroqqa qoldi. Natijada oktyabr oyining yuqorida keltirib o‘tilgan kunlarida bo‘shliq yuzaga keldi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Professional futbol ligasi o‘zaro kelishib, mana shu vaqt oralig‘ida mamlakat kubogining final uchrashuvini o‘tkazishni lozim deb topdi. Bu qaror shuningdek kubok finalining noyabr oyi so‘ngiga qolib ketmasligini ham ta’minlab beradi. O‘z navbatida Toshkent va Qarshi jamoalari ham yuqoridagi qarorni qo‘llab-quvvatlashdi. Bu haqda PFL matbuot xizmati xabar berdi.

Shundan kelib chiqib, 24 oktyabr — payshanba kuni final uchrashuvi Toshkentdagi “To‘qimachilik” stadionida o‘tadigan bo‘ldi. Bellashuv soat 15:00 da start oladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!