O‘zbekiston kubogi. Yarim finallarda qaysi jamoa g‘olib chiqadi?

  • 19 oktabr, 2023, 08:41
  • 0
  • Futbol

SPORTS.uz sayti jurnalisti Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev o‘z telegram kanalida O‘zbekiston kubogi yarim final bahslarida kim g‘olib chiqishi borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Unga ko‘ra, Qarshi va Olmaliqda o‘tadigan bahslar bir-biridan keskin farq qiladi.

"Nasaf" - "Dinamo".

Darhaqiqat, "Dinamo" ayni damda chinakam syurpriz jamoaga aylanib bormoqda. Allaqachon, elitaga chiqishni uddalagan Abramov shogirdlari juda yaxshi kayfiyatda Qarshiga tashrif buyurmoqda.
Shunga qaramay, ularni "Nasaf" kutib turganini ham unutmaslik lozim. "Ajdarlar" mavsum o‘rtasidagi krizis holatidan chiqib ketibgina qolmay, xalqaro va ichki maydondagi g‘alabalar seriyasini boshlab olgan. Legionerlar ham sekin-asta jamoa o‘yin strukturasiga moslashishni boshlagani (ayniqsa, "Neftchi" bilan o‘yinda) ko‘zga tashlanmoqda.

Berdiev - Abramov o‘rtasidagi g‘oyalar to‘qnashuvi ajoyib futbol o‘yinini bizga sovg‘a qilishi turgan gap. Bahs favoriti - "Nasaf"! "Dinamo" Qarshida natija qilishi uchun himoyaviy futbol o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. Abramovning futbol tushunchalari bunga zid ekanligini hisobga olsak, ertaga "Nasaf" uslub jihatdan o‘zi uchun qulay bo‘lgan raqib bilan maydonga tushadi. Agar bahs Samarqandda (liq to‘la arenada) bo‘lganida, balki imkoniyatlar tenglashgan bo‘lar edi. Hozirgi ko‘rinishda "Nasaf" keyingi bosqichga chiqish uchun asosiy nomzod.

Kutilmagan voqealar sodir bo‘lmasa, "ajdarlar" birinchi finalchiga aylanishi ehtimoli yuqori.

OKMK - "Navbahor".

Nom jihatdan birinchi yarim finaldan ancha yorqinroq bo‘lishiga qaramay, bu o‘yinda bizni katta ehtimol bilan taktik to‘qnashuv kutib turibdi. Xatoning narxi baland bo‘lgani uchun ham bahsda ko‘proq himoya birinchi planga ko‘tarilsa kerak. Uchrashuv Olmaliqda bo‘lishi namanganliklar uchun qo‘shimcha imkoniyat taqdim etadi. Sababi, o‘z muxlislari oldida jamoa bosim ostida palapartish bo‘lsada, hujumga o‘tishga harakat qilishi ko‘p bor pand berganiga guvoh bo‘ldik. Sovuqqonroq "Navbahor" hujumkoriga qaraganda ancha kuchliroq. OKMK esa mavsumni qutqarib qolish uchun maydonda har bir metr uchun "jang" qilishi aniq.

Qosimov - Babayan qarama-qarshiligi bizga katta ehtimol shaxmat partiyasini taqdim etadi. Namanganliklar ijrochilar darajasi evaziga natijaga erishishi ehtimoli yuqori. Bu qarama-qarshilikda kichik ustunlik mehmonlar tomonida.

Agar o‘yin Namanganda bo‘lganida, olmaliqliklar final uchun asosiy da’vogarga aylangan bo‘lar edi."

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!