
O‘zbekiston U-20 terma jamoasi ilk o‘yinda g‘alaba qozondi
Xabar berganimizdek, poytaxtimizdagi “Chig‘atoy” sport majmuasida Ravshan Haydarov murabbiyligidagi O‘zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida navbatdagi o‘quv mashg‘ulot yig‘inini davom ettirmoqda.
Kecha yoshlar terma jamoamiz ko‘rik nazorat uchrashuvida maydonga tushdi. "Metallurg" matbuot xizmatining xabariga qaraganda, sparring raqib “Bunyodkor U-21” jamoasi bo‘ldi. Qiziqarli o‘tgan o‘yinda O‘zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasining qo‘li baland keldi.
Mazkur uchrashuvda “Metallurg” jamoasidan terma jamoa yig‘iniga taklif etilgan futbolchilarning har ikkalasi maydonga tushdi. Humoyunshoh Sayyotov terma jamoa darvozasini himoya etgan bo‘lsa, Shahzodjon Ne’matjonov hujum chizig‘ini kuchaytirishga o‘z hissasini qo‘shdi. E’tiborga molik jihati terma jamoa gollaridan birini Shahzodjon Ne’matjonov kiritdi. O‘yin 3:2 hisobida O‘zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasining g‘alabasi bilan yakunlandi.
Ravshan Haydarov shogirdlari 26 mart sanasida ikkinchi nazorat o‘yinini “Metallurg” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar