O‘zbekiston va Portugaliya futzal federatsiyalari o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi
O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamaqulov xizmat safari doirasida Portugaliyada bo‘lib turibdi. Tashrif chog‘ida O‘FF rahbari Portugaliya futbol federatsiyasining futzal yo‘nalishi rahbari, mamlakat milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Xorxe Braz, shuningdek, futzal bo‘yicha yo‘nalish rahbari Antonio Ferreyra bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati ma’lum qildi.
Muzokaralar davomida ikki mamlakat futzalining rivojiga xizmat qiluvchi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish hamda o‘zaro do‘stona aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Xorxe Braz o‘zbek delegatsiyasiga mamlakat terma jamoalari infratuzilmasi, murabbiylar shtabi faoliyati va futzalchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar quyidagi muhim yo‘nalishlarda kelishuvga erishdilar:
Portugaliyalik mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb etib, futzal terma jamoasi murabbiylarining malaka oshirishi va amaliyot o‘tashi uchun sharoit yaratish;
Futzal sohasida mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish dasturini yo‘lga qo‘yish;
Yaqin kelajakda O‘zbekiston va Portugaliya milliy, yoshlar hamda o‘smirlar futzal terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish.
O‘FF prezidenti Bekzod Mamaqulov uchrashuv natijalari haqida fikr bildirar ekan, bu tashrif O‘zbekiston futzali taraqqiyotida yangi davrni boshlab berishiga urg‘u berdi:
“Portugaliya futzali bugungi kunda dunyoning eng ilg‘or tizimlaridan biridir. Biz uchun ularning tajribasini o‘rganish va o‘z tizimimizga tadbiq etish nihoyatda muhim. Ushbu hamkorlik O‘zbekiston futzali rivojida yangi sahifa ochadi”, — dedi B. Mamaqulov.
Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi sport aloqalarini yanada mustahkamlash, futzal yo‘nalishida xalqaro hamkorlik va tajriba almashuvini kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Tashrif yakunida tomonlar esdalik sovg‘alarini almashdilar. Bekzod Mamaqulov uchrashuvdan so‘ng xizmat safari bilan London shahriga jo‘nab ketdi.



Fikrlar