O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi ishtirokida voleybol sport turini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi ishtirokida voleybol sport turini yanada rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Ayni kunlarda O‘zbekiston voleybol federatsiyasining joriy faoliyatiga har tomonlama e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi Aziz Tashpulatov mazkur masalaga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi. Uchrashuv davomida federatsiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, voleybol sport turini yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator dolzarb masalalar, mavjud yutuqlar hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Xususan, yaqinlashib kelayotgan respublika va xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik jarayonlari, Osiyo voleybol konfederatsiyasi (AVC) prezidenti Ramon Suzaraning rejalashtirilayotgan tashrifining tashkiliy jihatlari muhokama markazida bo‘ldi. Shuningdek, hududlarda voleybol infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy sport inshootlari barpo etish hamda sportchilar uchun munosib mashg‘ulot sharoitlarini yaratish bo‘yicha istiqbolli rejalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tadbir doirasida voleybol bilan shug‘ullanaotgan yosh sportchilar bilan bevosita uchrashuv tashkil etilib, ularning jismoniy tayyorgarligi, sportga bo‘lgan qiziqishi va kelajakdagi maqsadlari bilan yaqinidan tanishildi. Shuningdek, yaqin kelajakda musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan sport maydoni ko‘zdan kechirilib, uning holatini yanada yaxshilash bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
Uchrashuv davomida federatsiya raisi U19 terma jamoasi a’zolari, sohil voleyboli sportchilari va murabbiylar — Mixail Kavalenko, Bobur Zaynitdinov hamda Shaylen Dev Ramdu bilan suhbatlashdi. Ularga kelgusi musobaqalarda oldilariga aniq va yuksak maqsad qo‘yish, O‘zbekiston bayrog‘ini xalqaro arenalarda aynan voleybol orqali baland ko‘tarish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida voleybol sport turini rivojlantirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi hamda sohadagi islohotlarni izchil davom ettirish, davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligi ta’kidlab o‘tildi.
Fikrlar