
O‘zbekistonda yangi sport tashkiloti tashkil etildi
Mamlakatimiz sport oilasi yana bir yangi tashkilot hisobiga boyidi. Adliya vazirligi O‘zbekiston Funtsional ko‘pkurash federatsiyasini jamoatchilik tashkiloti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida Funktsional ko‘pkurash federatsiyasi raisi, Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari Ma’murjon G‘aniev boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. Aytish kerakki, yurtimizda engil va og‘ir atletika, badiiy gimnastika, suzish, velosport kabi sport turlarini o‘z ichiga olgan Funktsional ko‘pkurash sport turi tobora ommalashib bormoqda.
Mamlakatimiz aholisi, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari o‘rtasida mazkur yo‘nalishda ko‘plab musobaqalar tashkil etilib, shaxsiy tarkibning jismoniy tayyorgarligi, sportga bo‘lgan ishtiyoqi oshirilmoqda.
Yig‘ilishda insondan katta kuch, iroda va chidamlilikni talab etadigan ushbu sport turini yana-da rivojlantirish hamda yoshlarni Funktsional ko‘pkurash sportiga qiziqtirish borasida qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Funktsional ko‘pkurashni yangi bosqichga olib chiqish, hududlarda yangi to‘garaklar ochish, malakali murabbiylar jalb etish, respublika va xalqaro musobaqalarni tashkil etish, sportchilar uchun munosib sharoitlar yaratish, moddiy texnik bazasini yana-da mustahkamlash borasida qilinishi zarur bo‘lgan ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.
Mazkur yo‘nalishda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tegishli tadbirlarni tashkil etish borasida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.
Funtsional ko‘pkurash qanday sport turi?
Funtsional ko‘pkurash – bu ko‘p energiya talab qiluvchi, ko‘p bo‘g‘imli harakatlardan foydalanadigan sport turi bo‘lib, u erkin og‘irlikdagi mashqlar, shaxsiy tana og‘irligi bilan mashqlar, tsiklik (kardio) mashqlardan foydalangan holda maxsus tuzilgan komplekslar to‘plamlarini birlashtirib, bir vaqt davomida uzluksiz bajarishlarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu sport turining asosiy vazifasi – tananing turli tizimlarini jadal rivojlantirish va umumiy sog‘likni mustahkamlashdan iborat. Kombinatsiyalashgan mashqlar ishtirokchilarni chiniqtirish, ularni chidamlilik darajasini oshirish, jismoniy imkoniyatlarini har qanday yuklamaga moslashtirishdan iborat.
Mashqlar komplekslarini ishlab chiqishning asosi – bu ko‘p funtsionallik tamoyilidir. Bu esa tananing barcha funktsiyalarini raqobat yo‘li bilan ishlatish va jismoniy jihatdan eng yaxshi tayyorlangan sportchilarni aniqlash imkonini beradi.
Federatsiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
Respublikada oxirgi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda sportni rivojlantirish doirasida qator ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sportning turli va yangi turlari bo‘yicha federatsiyalar ochilmoqda. Funtsional ko‘pkurash federatsiyasi ham shular qatorida.
Federatsiya faoliyatini tashkil etish bo‘yicha asosiy hujjatlar (Nizom va majlis qarori) ishlab chiqildi, federatsiya rahbariyatining tarkibi tasdiqlandi va ularning vazifalari belgilandi. Milliy gvardiya Qo‘mondoni o‘rinbosari M.G‘aniev federatsiya prezidenti, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari B.Abdullaev hamda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi L.Rahmatullaeva esa vitse-prezidentlari etib tayinlandi.
Funtsional ko‘pkurash federatsiyasining asosiy maqsadi – sog‘lom turmush tarzi va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, yoshlarning ma’naviy va axloqiy tarbiyasini takomillashtirish, fuqarolar salomatligini muhofaza qilishga ko‘maklashish, aholi o‘rtasida funtsional ko‘p tomonlama ommalashtirish, xorijiy davlatlar bilan ushbu sohada xalqaro aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirish hisoblanadi.
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati
Fikrlar