O‘zbekistonga armon bo‘lgan "JCh-2022"ga chiqqan 13 jamoa haqida siz bilmagan faktlar!

  • 21 noyabr, 2021, 09:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz JChda ishtirok etishi kerak bo‘lgan 32 jamoaning 13 tasi bilan tanishtirib o‘tadi.

1. Qatar (Osiyo). 2 dekabr 2010 yil.

- Qatar terma jamoasi JCh ishtirokchisiga aylanganini bilganiga 12 yildan oshdi. Osiyoliklar turnir mezbonligi uchun kurashda AQSh, Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya singari rivojlangan mamlakatlarni ortda qoldirgan.

- "Mitti" mamlakat o‘z tarixida ilk bor JChda ishtirok etadi. Bungacha Qatar naqd 11 bor saralash turnirlarida ishtirok etgan, ammo barchasi omadsiz yakun topgan.

- 2019 yilda ushbu yurt terma jamoasi o‘z tarixida birinchi bor Osiyo kubogida zafar quchishga muvaffaq bo‘ldi. Bunga qadar ular, hatto, musobaqaning yarim finalida ham to‘p surmagandi.

2. Germaniya (Evropa). 11 oktyabr 2021 yil.

- "Bundestim" JCh-2022 saralashida yo‘llanmani o‘ziniki qilgan birinchi terma jamoaga aylandi. Ular guruhda Shimoliy Makedoniya, Armaniston, Ruminiya, Islandiya va Lixtenshteyni ortda qoldirdi.

- 16 yil deganda ilk bor "nemis mashinasi" Yoaxim Lyovsiz mundialga tashrif buyuradi. Qahramonimiz Evro-2020dan so‘ng o‘z o‘rnini "Bavariya" sobiq ustozi Xans-Ditter Flikka bo‘shatib berdi. 2006 yildagi JChdan so‘ng, Lyov naqd 9 ta katta turnirda jamoa bosh murabbiyi sifatida ishtirok etgan.

- Rossiya yashil maydonlarida o‘tgan jahon chempionatida Germaniya guruhdan chiqa olmadi va musobaqani (hisob-kitoblarga qaraganda) 23-o‘rinda yakunladi. Bu ushbu mamlakat futbolidagi eng yomon ko‘rsatkich.

3. Daniya (Evropa). 12 oktyabr 2021 yil.

- Daniyaliklar guruh bosqichida Shotlandiya, Isroil, Avstriya, Farer orollari va Moldova bilan kuch sinashib, birinchi pog‘onani muammosiz zabt etdi.

- Kasper Xyulman shogirdlari JCh saralashi doirasidagi ilk 8 ta o‘yinda g‘alaba qozondi, to‘plar nisbati 27:0! 9-turda Farer orollari taslim etildi, ammo 1 gol o‘tkazib yuborildi. Shu tariqa, Daniya mundial saralashidagi 9 o‘yinda g‘alaba qozonib, o‘zining JCh saralashidagi rekord natijasini qayd etdi.

- Jahon futbolida ushbu yurt o‘z uslubi bilan ajralib turishiga qaramay, Daniya o‘z tarixida endigina 6-bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shunga qaramay, ular o‘zlari ishtirok etgan 5 ta JChning 4 tasida guruhdan chiqishni uddalagan.

4. Braziliya (Janubiy Amerika). 11 noyabr 2021 yil.

- "Pentakampeonlar" JCh saralashidagi 18 o‘yinning 12 tasida ishtirok etiboq, yo‘llanmani naqd qilib qo‘ydi.

- Futbol tarixidagi 22-Jahon chempionati ham Braziliyasiz o‘tmaydi.

- Charm to‘p sehrgarlari er sayyorasida barcha jahon chempionatlarida ishtirok etgan yagona jamoa. Braziliya o‘z tarixida so‘nggi bor Osiyo qit’asidagi (2002 yilda Yaponiya va Janubiy Koreya) chempionatda oltin medallarga ega chiqqan.

5. Frantsiya (Evropa). 13 noyabr 2021 yil.

- Frantsuzlar amaldagi JCh g‘oliblari sifatida mundialga tashrif buyuradi. So‘nggi turda qo‘shnilarimiz Qozog‘iston darvozasiga javobsiz 8 gol kiritgan "uch ranglilar" yakunda Ukraina, Bosniya va Gertsegovina, Finlyandiyani ortda qoldirib, yo‘llanmaga ega chiqdi.

- Frantsiya qatorasiga 7-bor JChda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Bunga qadar ular ikki bor turnir oltin medallariga ega chiqqan.

- E’tiborlisi, Dide Desham 1998 yilda jamoa sardori bo‘lgan bo‘lsa, 2018 yilda bosh murabbiy sifatida jamoasini g‘alaba sari etaklagan.

6. Belgiya (Evropa). 13 noyabr 2021 yil.

- Belgiya 2018 yildagi musobaqaning bronza medallari egasi.

- Saralashda Belarus, Uels, Chexiya va Estoniya ularga hech qanday qarshilik ko‘rsata olmadi.

- Qatardagi mundial Belgiyaning "oltin tarkibi" uchun musobaqada g‘alaba qozonishning so‘nggi imkoniyati bo‘ladi.

7. Xorvatiya (Evropa). 14 noyabr 2021 yil.

- Xorvatiya Rossiya yashil maydonlarida o‘tgan Jahon chempionati finalchisi sanaladi.

- Xorvatlar hal qiluvchi "loy jangi"da g‘alaba qozonib, peshqadam Rossiyani ortda qoldirdi va birinchi pog‘onani zabt etdi.

- 2018 yilgi "Oltin to‘p" egasi Luka Modrich o‘z faoliyatidagi so‘nggi mundialda ishtirok etadi. Bir yildan so‘ng Luka 37 yoshni qarshi oladi.

8. Ispaniya (Evropa). 14 noyabr 2021 yil.

- Ispaniya guruhdagi so‘nggi turda Shvetsiyani taslim etib, JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

- "Qizil furiya" ketma-ket 12-Jahon chempionatida ishtirok etadi. XXI asrda ispanlar futbol olamidagi eng katta forumlarda 3-bor g‘alaba qozondi.

- O‘sha paytdagi tarkibdan faqat Serxio Busketsgina hozir termadagi faoliyatini davom ettirmoqda.

9. Serbiya (Evropa). 14 noyabr 2021 yil.

- Mitrovich Portugaliya bilan mehmondagi o‘yinning 90-daqiqasida gol kiritib, jamoasini mundial ishtirokchisiga aylantirdi.

- Serblar guruh bosqichidagi 8 o‘yinning birortasida mag‘lubiyatga uchramadi. 6 g‘alaba, 2 durang yakunda ular Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi jamoani ortda qoldirishi uchun kifoya qildi.

- Serbiya hech qachon JCh pley-off bosqichida to‘p surmagan.

10. Angliya (Evropa). 15 noyabr 2021 yil.

- Inglizlar Evropa qit’asi saralash bahslaridagi eng sermahsul jamoa sanaladi. "Uch sherlar" mundial sari ishtirok etgan o‘yinlarda 39 bor raqib darvozalarini ishg‘ol etgan. Bu gollarning 12 tasi Xarri Keynga tegishli.

- 2018 yildagi Jahon chempionatida yarim final, 2020 yildagi qit’a birinchiligida finalda to‘p surgan inglizlar tobora kuchli jamoaga aylanib bormoqda.

11. Shveytsariya (Evropa). 15 noyabr 2021 yil.

- Tog‘li o‘lka vakillari, kutilmaganda, amaldagi Evropa chempioni Italiyani dog‘da qoldirib, JChga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqdi.

- Aholisi 9 millionni tashkil etuvchi mamlakat qatorasiga 9-bor futbol bo‘yicha eng nufuzli musobaqa ishtirokchisiga aylanmoqda.

- Evropa chempionatidan so‘ng terma jamoa postini sobiq futbolchi Murat Yaqin qabul qilib olgan. U 2014/15 yilgi mavsumda ham bosh murabbiy sifatida Shveytsariyani boshqargan.

12. Niderlandiya (Evropa). 16 noyabr 2021 yil.

- Lui van Gal murakkab ahvolda qolgan Niderlandiya futbolini yana bir bor qutqarib qolmoqda. Ushbu mutaxassis 2014 yilda "lolalar yurti vakillari"ni Jahon chempionatining bronza medallariga ega chiqishiga imkon yaratgan edi.

- Niderlandiya JCh saralashini Turkiyaga 2:4 hisobida mag‘lubiyatga uchrab boshlagan edi. Yakunda turklardan tashqari Norvegiya, Chernogoriya, Latviya va Gibraltar guruhda qolib ketdi.

- Memfis Depay ortda qolgan 2021 yilda terma jamoalar safida harakat qilgan futbolchilar orasida yaqqol peshqadam.

13. Argentina (Janubiy Amerika). 17 noyabr 2021 yil.

- Bugungi ro‘yxatimizdan o‘rin egallagan ikkinchi Janubiy Amerika vakili. Leo Messi jamoasi bilan birgalikda Braziliya bilan durangga imzo chekib, ikkinchi o‘rinni o‘zlari uchun naqdlab qo‘yishni uddaladi.

- Argentina mazkur musobaqada qatorasiga 13-bor ishtirok etmoqda. Bundan avval 1978 va 1986 yillarda "albiseleste" mundialda tengsiz bo‘lishni uddalagan. 1990 va 2014 yillarda esa, finalda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan.

- Katta ehtimol bilan, Messi uchun bu musobaqa terma jamoa safidagi so‘ngisi. Qatardagi Jahon chempionati boshlanganida, Leo 35 yoshni qarshi olgan bo‘ladi.

Ya . U

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!