
O‘zbekistonlik hakamlar Tokio olimpiadasida hakamlik qiladi
Bu haqda Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) Hakamlar qo‘mitasi ma’lum qildi. Tashkilot bu borada O‘zbekiston dzyudo federatsiyasiga rasmiy maktub yo‘llagan hamda tegishli sertifikatlarni taqdim etgan.
Unga ko‘ra, Tokio-2020 yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida hamyurtlarimiz Ramziddin Saidov hamda Vyacheslav Pereteyko hakamlik vazifasini bajaradi. Bu haqda jismoniy tarbiya va sport vazirligi rasmiy sayti xabar tarqatdi.
Ramziddin Saidov qisqa fursatda Jahon va Osiyo chempionati, "Masters", "Katta Dubulg‘a", Gran-Pri hamda IJF bayrog‘i ostida o‘tkaziladigan boshqa nufuzli musobaqalarda hakamlik qilib, xalqaro ekspertlar tomonidan ijobiy baho oldi.
Xalqaro toifadagi referi Ramziddin Saidov shu kungacha O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, "O‘zbekiston belgisi" ko‘krak nishoni, "Shuhrat" medali kabi yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
Ramziddin Saidov – 1982 yil 14 aprelda Buxoroda tug‘ilgan. Dzyudo sir-asrorlarini O‘zbekistonRespublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy, "El-yurt hurmati" ordeni sohibi, Olot dzyudo maktabi asoschisi Rustam To‘raevdan o‘rgangan. Saidov sportchi sifatida Afina-2004 va London-2012 Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. Shuningdek, Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari sovrindori bo‘lgan. 2013 yilda -100 kg vazn toifasida dunyo reytingida 1-o‘ringa ko‘tarilgan. 2010 yilda Abu-Dabi Gran-Prisi, Toshkentda o‘tgan Jahon kubogi, 2012 yilda Moskvada o‘tkazilgan "Katta Dubulg‘a" turnirlarida shoxsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan.
Xalqaro toifadagi referi Vyacheslav Pereteyko ham IJF bayrog‘i ostida o‘tkazib kelinayotgan barcha turdagi musobaqalarda hakamlik qilib, o‘zini ijobiy tomondan namoyon eta oldi.
Vyacheslav Pereteyko – 1981 yil 19 yanvarda Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Sportchilik faoliyati davomida asosan -90 kg vazn toifasida bellashgan. Afina-2004 Olimpiadasi ishtirokchisi, Osiyo chempionatlarining kumush va bronza, Osiyo o‘yinlarining bronza medali sovrindori.
Fikrlar