Vadim Abramov: "O‘zimiz o‘yinni raqibga topshirib qo‘ydik"
“Andijon” – “Dinamo” (2:1) oʻrtasidagi oʻyindan keyingi matbuot anjumanida dastlab mehmonlar ustozi Vadim Abramov qatnashdi.
- Oʻyin haqida nima deyishim mumkin? Barcha oʻyinni koʻrdi. Kichik hisobda magʻlubiyatga uchradik. Toʻgʻrisi, uchrashuv haqida hech narsa ayta olmayman. Bunday holat birinchi marta roʻy berayotgani yoʻq. Xatolar tufayli gol oʻtkazib yuboryapmiz va magʻlubiyatga uchrayapmiz.
- “Dinamo” gol urgach, vaqtni choʻza boshladi. Oqibatda birin-ketin ikkita gol oʻtkazib yubordi.
- Yuqorida aytganimdek, qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻyyapmiz va shuning natijasida gol oʻtkazib magʻlubiyatga uchrayapmiz. Jamoada qandaydir ishonchsizlik paydo boʻlgan. Gol urdik, lekin undan keyin darvozamizdan toʻplar olib chiqdik. Oʻzimiz oʻyinni raqibga topshirib qoʻydik. Siz haqsiz. Bunday holatda oʻyin haqida qanday izoh berish mumkin?
- Jamoangiz oxirgi 15 daqiqada muvozanatni yoʻqotib qoʻydi. Buning sababi nimada?
- Fikr bildirish qiyin. Balki jismoniy holatimiz yaxshi emasdir. Albatta, bu toliqishlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Markaziy himoyachilarimiz bir necha bor xatolarga yoʻl qoʻyishdi. Yaxshi oʻynadik, ammo “Andijon”ni darvozamizga birinchi zarbasi gol bilan yakunlandi.
- Maydon chimi oʻsib ketganiga nima deysiz? Bu magʻlubiyatga taʼsir qildimi?
- Magʻlubiyatga uchradik. Endi bu haqida gapirishga hojat yoʻq. Balki shundaydir, ammo raqib ham shu maydonda oʻynadi. Yomon oʻynamadik, biroq xatolarga yoʻl qoʻydik va magʻlubiyatga uchradik. Albatta, alamli boʻldi. Gol urganimizdan keyin yana toʻp kiritishimiz mumkin edi. Eʼtiborliysi, “Andijon” bizdan kuchli oʻynamadi. Lekin ular gʻalaba qozonishdi.
- Anvar Hojimirzaevni oʻzini tutishi sizga gʻalati tuyulmadimi? U agressiv oʻynadi, raqib bilan tortishib yurdu va yakunda qizil kartocha oldi. Oʻtgan turda esa Salim Mustafoev chetlatilgandi.
- Oʻyinchilarni toʻgʻri tushunaman. Anchadan beri oylik maosh olmagandan keyin har xil ruhiy holatlar yuz beradi. Muammolarimiz yetarlicha bor. Futbolchilarni ayblash ham qiyin. Kimdir ketmoqchi, yana boshqasi boshqa fikrda.
- Xislat Halilov va braziliyalik legioner klubdan ketishdimi?
- Nima deyishim mumkin? Ular kelishdi, qarashdi, jamoadа oylik berilmayapti. Shu sabab ular oʻynamaydigan boʻlishdi. Pul yoʻq boʻlsa, biz nima qila olamiz? U ketdi va menimcha, FIFAga murojaat qilsa kerak. Xislat Halilov oldimga keldi va ketishini aytdi. Nima ham qila olardim, rozilik berdim. Xohlamagan oʻyinchini majburlab oʻynatib boʻlmaydi. Shu bois hech qanday eʼtiroz bildirmadim. Jamoada faqat oʻzini emas, butun jamoani oʻylash kerak.

Fikrlar