O‘zining sevimli uslubi va zarbalari orqali ayanchli mag‘lubiyatga uchragan UFC jangchilari bilan tanishing

  • 25 aprel, 2020, 17:38
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

UFC turnirlari hozirgi kunda tobora mashhurlik cho‘qqisiga chiqmoqda. Mazkur promoushen janglarini butun dunyoda qiziqib tomosha qilishmoqda desak yanglishmagan bo‘lamiz. Sababi, aralash jang san’ati ustalarining eng mashhurlari aynan UFC bilan hamkorlik qilmoqda. Ular orasida shunday jangchilar borki, har birining uslubi yoki zarbasi o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylangan. Misol uchun, Mirko Krokop va Xolli Xolmning “xay -kik” zarbalari, Lioto Machida hamda Anderson Silvaning “front-kik”i, Jon Jonsning tizza zarbasi, Ronda Rouzining “armbar” uslubi,  Ben Askrenning “sabmishn”larini aytib o‘tishimiz mumkin. Mazkur zarbalar va uslublarni san’at darajasiga olib chiqa olganliklari ham ularni yanada mashhur qilish barobarida muvaffaqiyatlarining asosiy omili bo‘lib xizmat qilgan va qilmoqda.

Albatta, bu mavzuga bekorga to‘xtalganimiz yo‘q. Chunki, bugun o‘zlarining eng sevimli uslublari orqali ayanchli mag‘lubiyatga uchragan UFC ning to‘rt nafar mashhur jangchisi hamda o‘sha to‘qnashuvlar haqida to‘xtalamiz.

1. Xolli Xolm &Amanda Nunes

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek amerikalik jangchi qizning kuchli jihati ajoyib “xay-kik” zarba sohibasi ekanligidir. U faoliyati mobaynida 18 ta jang o‘tkazib, ularning 13 tasida g‘alaba qozongan va 5 bora mag‘lub bo‘lgandi. U g‘alabalarining aksariyatini ya’ni 4 marotaba raqibalarini mazkur zarbasi orqali nokautga uchratgan bo‘lsa, qolgan g‘alabalarida ham betakror “xay-kik”ning foydasi katta bo‘lgandi. Ayniqsa, ayollar o‘rtasida engilmas chempion deb hisoblanib kelingan, Ronda Rouzini ushbu oyoq zarbasi bilan ayanchli nokautga uchratib, uning g‘alabali odimiga chek qo‘ygandi.

Lekin Xollining o‘zi ham faoliyatida aynan “xay-kik” zarbasi tufayli mag‘lub bo‘lgandi... Mazkur voqea, 2019 yil 6 iyul kuni UFC 239 turniri doirasida sodir bo‘lgan. Sababchisi esa, o‘ta engil vazn toifasining amaldagi chempioni braziliyalik Amanda Nunes edi.

xolli

2. Ben Askren & Demian Maya

Yarim o‘rta vazn toifasida o‘z janglarini o‘tkazgan amerikalik Ben Askren o‘z “sabmishn”lari ya’ni bo‘g‘ish uslublari bilan mashhurligini bilsangiz kerak. U faoliyati mobaynida “Bellator” bilan hamkorlik qilgan. Ayniqsa, “ONE Championship” promoushenining “qiroli”ga aylanagan edi. UFC da uchta jang o‘tkazdi va bir g‘alaba, ikki mag‘lubiyatni qayd etdi. Dana Uayt qo‘l ostidagi promoushenga o‘tgunga qadar u 16 ta jangda g‘alaba qozonib, mag‘lubiyatsiz odimini davom ettirayotgan edi. Faoliyatidagi 17 ta g‘alabaning 6 tasini o‘zining sevimli uslubi evaziga qo‘lga kiritgan. Bu 32 % degani... Askrenni Xorxe Masvidal 5 soniyada nokautga uchratganligini ham yaxshi eslasangiz kerak. Mazkur shov-shuvli muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, u yana UFCda oktagonga ko‘tarildi va “sabmishn”lar ustasi o‘zi xush ko‘rgan uslubida Demian Mayadan mag‘lubiyatni qabul qilib oldi va bu jang uning faoliyatiga tom ma’noda yakun yasadi. Bu to‘qnashuv 2019 yil 26 oktyabr kuni UFC Fight Night 162 turnirida yuz bergandi.

ben

3. Donald “Kovboy” Serrone &Konor MakGregor

Yarim o‘rta vaznning faxriy jangchilaridan biri sanaladigan Serrone ham “xay-kik” zarbasi ustasi sanaladi. U faoliyati mobaynida 36 ta g‘alaba va 14 mag‘lubiyatni qayd etgan. G‘alabalarining 6 tasini ushbu muvaffaqiyatli zarbasi orqali qo‘lga kiritgan. Ya’ni ushbu bahslarda raqiblarini nokaut hamda texnik nokautga uchratadi. Qolgan janglaridagi g‘alabalarida ham ajoyib “xay-kik”lari zafarlar omili bo‘lib xizmat qilgandi. “Kovboy” ham yuqoridagilar kabi o‘zining suyukli zarbasi tufayli mag‘lub bo‘lishdan qocha olmadi. Bunga irland Konor MakGregor yo‘l qo‘ymadi. Ular o‘rtasidagi jang 2020 yil 18 yanvarda bo‘lib o‘tdi va bahsning 40-soniyasida Konorning kuchli ko‘rinish olgan “xay-kik”i Serronening mag‘lubiyatiga sababchi bo‘ldi.

xay

4. Mirko Krokop & Gabriel Gonzaga

Og‘ir vazn toifasida o‘z janglarini o‘tkazgan afsonaviy jangchi, “Pride” yulduzi, xorvatiyalik politsiyachi Mirko Krokopni butun jahon bo‘ylab, millionlab muxlislari bor desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. U faoliyati mobaynida nufuzli “Pride”, “Bellator”, UFC promoushenlarida oktagonga ko‘tarilib, 49 ta jang o‘tkazgan. Ularning 38 tasida g‘alaba qozonadi. 11 bor mag‘lubiyatga uchragan. Yuqoridagilardan farqli ravishda Mirko haqiqiy “xay-kik” ustasi sanaladi. Uning janglarini tomosha qilganlar buni yaxshi bilishadi. Garchi, u bir necha bor muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsa-da, hali-hanuz MMA ixlosmandlarining diqqat-e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Xorvat jangchisining barcha g‘alabalarida “xay-kik” zarbasining o‘rni beqiyosdir. U muvaffaqiyatlarining 5 tasida ushbu oyoq zarbasi bilan raqiblarini chuqur nokautga uchratadi. Qizig‘i, bu boradagi  “qirol”ning ham “tashrif qog‘ozi”iga aylangan zarbasi bilan chuqur nokautga tushirishadi. Bu jang 2007 yil 21 aprelda UFC 70 turnirida bo‘lib o‘tadi va braziliyalik Gabriel Gonzaga ushbu ishni amalga oshiradi. Keyinchalik, Mirko 2015 yil 7 aprelda UFC Fight Night 64 turniridagi revansh jangida uni mag‘lub etishni uddasidan chiqadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!