O‘zPFL Tartib-intizom qo‘mitasi 1-turdagi qoidabuzarliklar yuzasidan qaror chiqardi
Avvalroq, Liga qoʻshidagi Tartib-intizom qoʻmitasining dastlabki yigʻilishi boʻlib oʻtgani haqida xabar qilingan edi.
Superliga 2026-yilgi mavsumining 1-turida sodir etilgan qoidabuzarliklarni koʻrib chiqish maqsadida oʻtkazilgan yigʻilishda ikkita ish koʻrib chiqildi. Jumladan, 27 fevral sanasida oʻtkazilgan Andijon — Soʻgʻdiyona uchrashuvining 44-daqiqasida andijonliklar bosh murabbiyi — Samvel Babayan maydon chetida raqib futbolchisining toʻp bilan harakatlanishiga ataylab halaqit bergani aniqlandi. Qoʻmita Tartib-intizom kodeksining 61-moddasiga asosan Andijon bosh murabbiyiga nisbatan jarima intizomiy jazo choramini qoʻlladi.
Shuningdek, 1 mart sanasida boʻlib oʻtgan OKMK — Bunyodkor uchrashuvi hakamidan bildirgi kelib tushgan boʻlib, Bunyodkor futbolchisi — Dmitriy Pletnyov hakam qaroriga norozilik bildirgani uchun ogohlantirilgani maʼlum qilingan. Qoʻmita Superliga Reglamentining 15.37-bandiga muvofiq, Bunyodkor klubiga ogohlantirish intizomiy jazo choramini belgiladi. Reglamentning mazkur bandiga muvofiq, mavsumning qolgan qismida mazkur klub futbolchilari tomonidan simulyatsiya, uchrashuv vaqtini choʻzganlik yoki hakam qaroriga eʼtiroz tufayli sariq kartochka olinsa, ularga nisbatan jarima intizomiy jazo chorasi qoʻllanadi.

Fikrlar