
Para engil atletikachilarimiz ulkan maqsadlar bilan Dubayga jo‘nab ketdi
10-14 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Para engil atletika bo‘yicha “Tokio-2020” yozgi Paralimpiya o‘yinlariga litsenziya beruvchi xalqaro Gran-pri turniri bo‘lib o‘tadi. Ushbu yirik musobaqada terma jamoamiz a’zolari ham ishtirok etadi.
Milliy terma jamoa sportchilari mahalliy ob-havo sharoitiga moslashgan holda ushbu muhim musobaqaga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rib, ko‘zlangan natijalarga erishishlari uchun 2021 yilning 4 yanvaridan 7 fevraliga qadar Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazishi rejalashtirilgan. Bugun tunda Para engil atletika bo‘yicha terma jamoamiz delegatsiyasi Dubayga jo‘nab ketadi. Kecha O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov va O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev nufuzli musobaqaga katta maqsadlar bilan yo‘l olayotgan sportchilarimiz bilan uchrashdilar.
Uchrashuvda assotsiatsiya mutasaddilari va sportchilar ishtirok etdi. MOQ raisi sportchilarimiz bilan suhbatlashar ekan, ularni kirib kelgan yangi 2021 yil – Olimpiya va Paralimpiya yili bilan qutlab, bo‘lajak musobaqalalda omad va zafarlar tiladi. O‘z navbatida milliy terma jamoa sportchilari yaratib berilayotgan barcha sharoit hamda yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Muthtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga o‘z minnatdorchiligini bildirdilar. Yig‘ilishda so‘z olgan sportchilar shuningdek, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Paralimpiya assotsiyasi rahbariyatiga ushbu yuksak ishonchni ajoyib g‘alabalar bilan oqlashga va’da berdilar.
Eslatib o‘tamiz, hozirgi kungacha 16 nafar Paralimpiya sportchidarimiz Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.
Fikrlar