Parij Olimpiadasi 2-saralash bosqichi. O‘zbekiston va Yaponiya ayollar terma jamoasi bosh murabbiylari matbuot anjumanida ishtirok etdi

"Womenʼs Olympic Football Tournament Paris 2024" turniri doirasida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Yaponiya termasi bilan kuch sinashdi. Unda vakilalarimiz 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. 

Bellashuvda gollarga Minami va Chiba mualliflik qildi. Hamyurtlarimiz bu bahsni golsiz tark etdi. Mazkur o‘yindan so‘ng bosh murabbiylar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. 

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Midori Honda:

Har ikki jamoa g‘alaba qozonish uchun harakat qildi. Yaponiya juda kuchli jamoa, ularga qarshi bahs biz uchun katta tajriba bo‘ldi. Yaponiyalik futbolchilar to‘p bilan yaxshi muomala qilishdi va kuchli o‘yin namoyish etishdi.

Dastlabki daqiqalar biz uchun murakkab o‘tdi. Ikkita tezkor gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsak-da, qarshi hujumlarga tayandik. Biroq futbolchilarning ruhiyati tushmadi va aksincha yanada kuchliroq o‘yin ko‘rsatishga harakat qildik.

Asosiy maqsadimiz 3-saralash bosqichiga yo‘l olish. Shu sababdan Hindiston bilan o‘yinda faqat g‘alaba uchun maydonga chiqamiz.

Yaponiya ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Futoshi Ikeda:

Guruhdagi asosiy uchrashuvda chiroyli g‘alabaga erishdik. Ushbu bahs uchun o‘z rejalarimiz bor edi. Barcha futbolchilar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarini a’lo tarzda bajardi. Vetnamga qarshi o‘yinda ham g‘alaba uchun maydonga chiqamiz. Biroq futbolchilarning jismoniy holatiga ham e’tibor qaratamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!