"Paxtakor" sobiq futbolchisi O'zbekistonning "JCH-2026" oldidan qilgan noto'g'ri qarorini aytdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionati oldidan bosh murabbiy etib italyalik mutaxassis Fabio Kannavaroni tayinlashi unchalik mantiqiy qaror bo‘lmagan. Bu haqida Toshkentning "Paxtakor" klubi sobiq hujumchisi Valeriy Kechinov fikr bildirdi.
"Jamoani Jahon chempionatiga olib chiqqan bosh murabbiy ishdan bo‘shatilib, uning o‘rniga bunga hech qanday hissa qo‘shmagan mashhur va yulduzli murabbiy kelishi biroz g‘alati ko‘rinadi. Bu, albatta, rahbariyatning qarori. Ular jamoa uchun shu yaxshiroq deb hisoblashgan. Ammo ko‘rib turibmizki, mo‘jiza bo‘lmaydi. Jamoaga mahorat, tajriba va hissiyotlarni nazorat qilish yetishmadi. Bunday muhit, e’tibor va bosimga har qanday futbolchi ham ruhiy jihatdan tayyor bo‘lavermaydi. Shu jihatlar bo‘yicha jamoa tayyor emasdi. Qolaversa, ular juda kuchli guruhdan o‘rin olgandi", — dedi Kechinov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixidagi ilk Jahon chempionatida guruh bosqichida Kolumbiya (1:3), Portugaliya (0:5) va Kongo DR (1:3)ga mag‘lub bo‘lib, pley-offga chiqa olmagan edi.
Terma jamoani mundialga Timur Kapadze olib chiqqan bo‘lsa-da, 2025 yil oktyabr oyida uning o‘rniga Fabio Kannavaro tayinlangan.

Fikrlar