"Paxtakor"ning chempionlik imkoniyati qanday?

  • 19 sentabr, 2022, 23:01
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 7
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, kechadan beri SPORTS.uz nashri O‘zbekiston Superligasining 2022 yilgi mavsumida qaysi jamoaning imkoniyati yaxshiroq ekanligi borasida o‘z taxminlarini bildirib kelmoqda. Hozircha, turnir jadvalidan kelib chiqib, ayni damda kuchli uchlikni band etib turgan klublar – “Nasaf”, “Paxtakor” va “Navbahor”ning imkoniyatlarini ko‘rib chiqamoqdamiz. Boisi, mazkur 3 klub qolganlardan biroz ilgarilab ketgan. Shu sabab, hozircha oltin medallar uchun da’vogar bo‘lgan ushbu jamoalarning musobaqada g‘alaba qozonish imkoniyatlarini baholaymiz. Kecha, biz sizlarga “Nasaf” haqida to‘xtaldik va Qarshi klubi borasida o‘z fikrlarimizni o‘rtoqlashdik.

Tecno

Bugun esa Superliga turnir jadvalida 2-o‘rinni egallab turgan Toshkentning “Paxtakor” jamoasining bosh sovringa ega chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz.

“Paxtakor”

“Sherlar” hozirda 19-turdan keyin 38 ochko to‘plab, turnir jadvalida 2-o‘rinni band etib turibdi. “Nasaf” ham xuddi shuncha ochko to‘plagan, ammo Shatskix shogirdlari to‘plar farqiga ko‘ra Berdiev jamoasiga imkoniyatni boy bermoqda. Toshkent klubi o‘tkazilgan 19 o‘yinda 10 g‘alaba, 8 durang va 1 marta mag‘lub bo‘lgan. To‘plar farqi – 29:14.

“Paxtakor”ni oldinda muhim 7 ta bellashuv kutib turibdi:

“Paxtakor” – “Nasaf”
“Surxon” – “Paxtakor”
“Paxtakor” – “Qo‘qon-1912”
“Paxtakor” – “Lokomotiv”
“Paxtakor” – “So‘g‘diyona”
“Paxtakor” – “Qizilqum”
“Bunyodkor” – “Paxtakor”

Xuddi, “Nasaf”singari “sherlar” uchun ham haqiqiy sinov endi boshlanadi. Chunki Maksim Shatskix jamoasini ham bir qancha muhim bahslar kutib turibdi. Xalqaro tanaffus yakuniga etgach, poytaxtliklar uchun printsipial bellashuv – “Nasaf”ga qarshi o‘yin bor. Ushbu bahs atrofida juda ko‘p gapirish mumkin. Chunki mazkur o‘yindagi g‘alaba har ikki klubga ham chempionlik uchun katta qadam tashlaganini bildiradi.

Ta’kidlash kerakki, 1 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan markaziy bahs oldidan Maks jamoasida bir qancha yo‘qotishlar bor – jarohat olgan Ikrom Aliboev va sariq kartochkalari 4 taga etgan Farruh Sayfiev. AGKM ustidan qozonilgan g‘alabada Ikrom Aliboevning yo‘qligi unchalik bilinmadi, ammo “ajdarlar”ga qarshi bahsda Farruh Sayfievning qatnashmasligi “sherlar”ning “minusi”ga qarshiliklarning “plyusi”ga ishlashi aniq. Chunki Farruhning Shatskix jamoasidagi rolini ortiqcha izohlashga hojat yo‘q. 

Barcha yo‘qotishlarga qaramay, “Nasaf” ustidan g‘alaba qozonilsa, poytaxtliklarni hech qanaqasiga to‘xtatib bo‘lmay qolishi mumkin. Sababi keyingi raqiblar “Paxtakor” uchun qulay “o‘lja”ga aylanishi ehtimoli bor – bir tekisda o‘yin namoyish eta olmayotgan “Surxon”, durangchi “Qo‘qon-1912” va muammolar girdobida qolgan “Lokomotiv”. Ha, birinchi davrada termizliklar Toshkentdan 1 ochko bilan ortga qaytishni uddalagan. Ha, qo‘qonliklar o‘z maydonida 1:1 hisobida durang o‘ynagan, lekin o‘sha paytdagi Slavche Voyneskining “Paxtakor”i va Maksim Shatskixning “Paxtakor”i o‘rtasida juda katta farq bor. Ushbu raqiblarga hurmat saqlagan holda aytishimiz mumkinki, hozirgi “sherlar” “Surxon”dan ham, “Qo‘qon-1912”dan ham, “Lokomotiv”dan ham bir bosh ustun.

Keyin esa “Paxtakor”ni yana muhim bahslar kutib turibdi – 3 ta.

Ancha yillar oldin vaqti kelib, “Qizilqum” yoki “So‘g‘diyona”ning “Paxtakor”ga qarshi bahslari markaziy o‘yin sifatida qaraladi deyilsa, hech kim ishonmas edi. Hatto, biz ham bu narsaga kulib qo‘yishimiz mumkin edi. Biroq bu mavum klublarimiz shunchalik kuchaydiki, mana 19 tur (!) ortda qoldiki, Superligada kim chempion bo‘lishini aniq ayta olmaymiz. Sababi, oxirgi yillardagi “Bunyodkor”, “Paxtakor” va “Lokomotiv”ning gegemonligi muxlislarni shunga o‘rgatib qo‘yishgan.

Bo‘ldi, mavzudan chetlashmaymiz. Xullas, “sherlar”ni yana bir qancha qiyin bahslar kutib turibdi. Klubning Superligada uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni band etgan “So‘g‘diyona” va “Qizilqum”ga qarshi o‘yinlari bor. Mazkur bahslarning ham keskin kurashlarga boy o‘tishiga shubha yo‘q. Boisi, garchi qiyin bo‘lsa-da, Jizzax klubida ham, Navoiy klubida ham medallar uchun kurashishda yaxshigina imkon mavjud. Yaqinda “Qizilqum” ustozi “Navbahor”dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin “oltin izlovchilar” chempionlik uchun oxirigacha kurashishini ta’kidladi. Baqoev boshchiligidagi “So‘g‘diyona” esa o‘tgan mavsum ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, medallarga ega chiqish “ta’mi”ni totib ko‘rgan. Shuning uchun ular bu mavsum ham oxirigacha kurashishi tayin. Anglaganingizdek, “Paxtakor”ga mazkur bahslarda qiyin bo‘lishi tabiiy. Agarda, har ikki klub ham poytaxtliklarga qarshi o‘yingacha yo‘qotishlarsiz kela olsa, o‘yinga bo‘lgan intriga ikki marta oshadi.

Hozirgacha “sherlar” bir marta mag‘lub bo‘lgan – “Paxtakor” – “Bunyodkor” - 2:3. Aynan o‘sha bahs Slavche Voyneskining iste’fosiga sabab bo‘ldi deb aytish mumkin. Superliganing so‘nggi turida esa Shatskix birinchi davradagi mag‘lubiyat uchun revansh olishga harakat qilib ko‘radi. Hozirgi “qaldirg‘ochlar” haqida aniq bir narsa deyish qiyin. Chunki mavsum boshlangandan beri “Bunyodkor”da 2 marta murabbiy almashdi. Yangi kelgan Ivan Boshkovich “qaldirg‘ochlar”ning o‘yinini qanchalik yaxshi tomonga o‘zgartira oladi, noma’lum. Lekin hozirda ular 21 ochko bilan autsayderlar qatorida ekanligini hisobga olsak, qolgan bahslarda “Bunyodkor”ni faqat g‘alaba qanoatlantirishiga shubha yo‘q.

Agarda, biz 100 foizlik kategoriyada oladigan bo‘lsak, “Paxtakor”ning chempion bo‘lish imkoniyatini “Nasaf”ga qaraganda biroz balandroq 85 foizga baholagan bo‘lar edik. Sababi Shatskix va uning “sherlari” faqat bitta musobaqada ishtirok etmoqda. Tabiiyki, ular bor e’tiborini Superliga bahslariga qaratadi. Shu bois, ularning imkoniyatlarini biroz yuqori baholagan bo‘lar edi.

Albatta, bu bizning sub’ektiv fikrlarimiz hisoblanadi. Barcha natijalar esa maydondagi futbolchilar va murabbiylarning qarorlari evaziga qayd etiladi.

P.S. Ertaga “Navbahor”ning chempionlik imkoniyatlari haqida gaplashamiz.

 Jamshidbek Mahmudov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Alisher Kamalov
20/09/2022 10:47
7 тадан 7 таси Тошкентда
Tohir Otaxanov
20/09/2022 11:24
Paxtakor toʻpi jarima maydoni chizigʻidan tashqarida tursa ham gol deb xisoblansa albatta chempion boʻladi
&
Олға насаф
20/09/2022 11:08
Пахтакор стадионида мухлисларнинг 12 ўйинчи сифатида ташриф буюриши инобатга олинмаган шекилли. Фикримизча, Пахтакорнинг рақибларининг мухлислари ҳар бир ўйинда Пахтакор стадионини тўлдиришса керак (ҳар холда Пахтакор мухлисларидан кўпчиликни ташкил қилса керак). Фақатгина ҳакамлар Пахтакорга ёрдам беришмаса Худо хохласа яхши ўйинларни кўрсак керак. Шунинг учун ҳали шошмаган маъқул.
Alisher Kamalov
20/09/2022 10:52
Пахтакор-Насаф 0:0
Сурхон-Пахтакор 0:0
Пахтакор-Кукон. 1:1
Пахтакор-Локомотив 2:0
Пахтакор-Сугдиена 2:2
Пазтакор-Кизилкум 1:0
Бунедкор-Пахтакор 1:3
Alisher Kamalov
20/09/2022 10:48
Бу Спорт.уз сайти Пазтакорни хотиними дейман. Хаммаси Пахтакор учун курасиз Худо хохласа шу 7 та уйиндан Пахтакор факат 15 очко олади
Alisher Kamalov
20/09/2022 10:46
Канакасига йил буйи уйинларни уйида утказган жамоа яна уйида уйнайди. 7 тадан 6 таси Тошкент вилоятида
&
Muhiddin
19/09/2022 23:29
Пахта охирги 7 турдан 5 тасини ўз майдонида ўтказадими? Ёки хатолик ёзилганми? Тақвимни боблашибди лекин.