"Paxtakor"ning O‘zbekiston Kubogida bosib o‘tgan yo‘li

  • 29 oktabr, 2019, 17:33
  • 0
  • Futbol

2019 yilgi mavsumdagi O‘zbekiston Kubogi sohibini ham bilib oldik. 26 oktyabr kuni «Lokomotiv» stadionida bo‘lib o‘tgan «Paxtakor» hamda AGMK jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda 3:0 hisobida g‘alaba qozongan «sherlar» o‘z tarixida 12-bor O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Bunga qadar O‘zbekiston chempionligini ham rasmiylashtirib qo‘ygan «Paxtakor» uchun Kubokni yutish yanada maroqli bo‘ldi, hali oldinda Liga Kubogi finali ham kutib turibdi. Chindan ham bu yil «Paxtakor» sovrin yutishda xet-trik qayd etadiganga o‘xshayapti. E’tiborlisi, «Paxtakor» Superligada chempionlikni ham qo‘lga kiritdi. Bu borada ular 12-marta O‘zbekiston chempioni degan nomga sazovor bo‘lishdi. Demak, «Sherlar» mos ravishda O‘zbekiston chempionati va Kubogida 12 tadan muvaffaqiyat qozondi. Bugun esa O‘zbekiston Kubogi tarixi haqida so‘z yuritamiz.

«Paxtakor» klubi o‘z tarixida 15-marta O‘zbekiston Kubogi finalida o‘ynadi. Natijada 12-bor mamlakat Kubogini qo‘lga kiritdi. Qolgan uchta finalda esa imkoniyatni boy bergan. Xo‘sh, o‘sha finallarda «Paxtakor» kimlarga yutqazgan? Dastlab 1996 yili «Neftchi»ga qarshi uchrashuvda asosiy vaqtda hisob ochilmagan va penaltilar seriyasida farg‘onaliklar 5:4 hisobida g‘olib chiqishgan. Ikkinchi mag‘lubiyati esa 2008 yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi. O‘shanda «Paxtakor» hal qiluvchi uchrashuvda «Bunyodkor»ga 1:3 hisobida yutqazib qo‘ygan. Finallardagi oxirgi mag‘lubiyati esa o‘tgan yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi. Farg‘onadagi uchrashuvda «paxtakor»chilar AGMKga kutilmaganda yutqazib qo‘yishgandi. Ammo taqdir taqozosi bilan bu yil ham yana ushbu klublar finalda uchrashishdi va bu safar «Paxtakor» o‘tgan yilgi mag‘lubiyat uchun munosib ravishda revansh oldi.

paxtakor kubok

E’tiborlisi, Kubok tarixida birgina «Paxtakor» qatorasiga etti marta g‘olib chiqqan yagona klub hisoblanadi. Qolaversa, Kubokda eng ko‘p yutgan jamoa ham «Paxtakor» va bu klubning natijasini hali beri boshqa bir jamoamiz takrorlay olmasa ham kerak. Yana bir qiziq jihati shundaki, boya aytganimizdek, «Paxtakor» 1996 yili finalda «Neftchi»ga yutqazgan. Ammo oradan bir yil o‘tib, hal qiluvchi bahsda yana «Paxtakor» bilan «Neftchi» to‘qnash kelgan va bu safar toshkentliklar mag‘lubiyat uchun revansh olishgan. Shuningdek, 2008 yili «Bunyodkor»ga 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan «Paxtakor» oradan bir yil o‘tib finalda o‘sha «Bunyodkor»ni 1:0 hisobida enggan. «Paxtakor» - AGMK qarama-qarshiligi ham yuqoridagi finallarga o‘xshash. O‘tgan yilgi finalda olmaliqliklar g‘alaba qozonishgandi, bu yil esa «Paxtakor» AGMKni har tomonlama taslim eta oldi.

Joriy mavsumdagi final uchrashuvining yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, «Paxtakor»ning har uchala goliga serbiyalik hujumchi Dragan Cheran mualliflik qildi. Xet-trik qayd etgan bu legioner shubhasiz o‘yin qahramoniga aylandi. Qolaversa, u o‘zbek futbolida o‘ziga xos tarzda tarix yaratdi desak ham mubolag‘a qilmaymiz. Boisi, hali O‘zbekiston Kubogi finallarida biror-bir o‘yinchi uchta gol urib xet-trikka erishmagandi. Bu borada esa Dragan Cheran birinchisi bo‘ldi. Qolaversa, legioner futbolchi sifatida final qahramoniga aylangani ham e’tiborga molik. To‘g‘ri, bungacha finalda ikkita gol urgan o‘yinchilar bo‘lgan-u, biroq hech kim uchta gol urmagandi. Shuni inobatga olganda, Cheran O‘zbekiston Kubogi tarixidan joy oldi.

paxtakor kubok3

Shuningdek, AGMK tarkibida to‘p surgan Akmal Shorahmedov o‘tgan yili «Paxtakor» safida Kubok finalida o‘ynab aynan olmaliqliklarga yutqazgandi. Bu safar esa u Shorahmedov AGMK libosida maydonga tushib, «Paxtakor»ga engildi. Shu tariqa, ketma-ket ikkita finalda ikkala jamoa tarkibida maydonga tushib, Kuboksiz qolgan o‘yinchiga aylandi. Umuman olganda, joriy mavsumda «Paxtakor» AGMK bilan necha marta to‘qnash kelgan bo‘lsa, barchasida asosan yirik hisoblarda g‘alaba qozonib kelmoqda. Chempionatda bo‘lib o‘tgan ikkala uchrashuvda ham Shota Arveladze jamoasi olmaliqliklarni tor-mor keltirgandi va ko‘rib turganingizdek, Kubok finalida ham «Paxtakor» raqibini ayab o‘tirmadi. Oldinda esa O‘zbekiston Liga Kubogi finali ham turibdi. Ko‘ramiz, bu safar ham «Paxtakor» o‘zi uchun yoqimli ana’nani davom ettira olarmikin?

O‘zbekiston Kubogining barcha finallari

1992 yil        «Navbahor» - «Temiryo‘lchi» - 0:0 (pen.bo‘y. 6:5)

1993                «Paxtakor» - «Navbahor» - 3:0

1994                «Neftchi» - «Yangier» - 2:0

1995                «Navbahor» - MHSK – 1:0

1996                «Neftchi» - «Paxtakor» - 0:0 (pen.bo‘y.5:4)

1997                «Paxtakor» - «Neftchi» - 3:2

1998                «Navbahor» - «Neftchi» - 2:0

1999\2000       «Do‘stlik» - «Samarqand» - 4:1

2000\2001       «Paxtakor» - «Neftchi» - 2:1

2001\2002       «Paxtakor» - «Neftchi» - 6:3

2002\2003       «Paxtakor» - «Nasaf» - 3:1

2004                «Paxtakor» - «Traktor» - 3:2

2005                «Paxtakor» - «Neftchi» - 1:0

2006                «Paxtakor» - «Mash’al» - 2:0

2007                «Paxtakor» - «Quruvchi» - 0:0 (pen.bo‘y.7:6)

2008                «Bunyodkor» - «Paxtakor» - 3:1

2009                «Paxtakor» - «Bunyodkor» - 1:0

2010                «Paxtakor» - «Sho‘rtan» - 1:0

2011                «Paxtakor» - «Nasaf» - 3:1

2012                «Bunyodkor» - «Nasaf» - 3:0

2013                «Bunyodkor» - «Nasaf» - 2:1

2014                «Lokomotiv» - «Bunyodkor» - 1:0

2015                «Nasaf» - «Bunyodkor» - 2:1

2016                «Lokomotiv» - «Nasaf» - 1:0

2017                «Lokomotiv» - «Bunyodkor» - 1:0

2018                AGMK – «Paxtakor» - 3:1

2019                «Paxtakor» - AGMK – 3:0  

Kim nechta Kubok yutgan?

  1. «Paxtakor» 12 ta Kubok (1993, 1997, 2001, 2002, 2003, 2004, 2005, 2006, 2007, 2009, 2011, 2019).
  2. «Bunyodkor» 4 ta Kubok (2008, 2010, 2012, 2013).
  3. «Navbahor» 3 ta Kubok (1992, 1995, 1998).
  4. «Lokomotiv» 3 ta Kubok (2014, 2016, 2017).
  5. «Neftchi» 2 ta Kubok (1994, 1996).
  6. «Nasaf» 1 ta Kubok (2015).
  7. AGMK 1 ta Kubok (2018).
  8. «Do‘stlik» 1 ta Kubok (2000)

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!