Prevyu. "Paxtakor" - "Qizilqum"
"Paxtakor" Superliganing 19-turida Toshkentda "Qizilqum"ni qabul qiladi. Chempionat doirasida jamoalar 41 uchrashuvda maydonga tushgan. O‘zaro o‘yinlar bo‘yicha ustunlik yaqqol "sherlar" tarafida. 34 bahsda zafar quchgan "Paxtakor" 6 bor raqib bilan durang o‘ynagan va bir marta imkoniyatni boy bergan. "Qizilqum" darvozasiga 114 gol urilib, 23 to‘p o‘tkazib yuborilgan.
Toshkentdagi uchrashuvlarning 17 tasida mezbonlar g‘alaba qozonib, 2 durang va 1 mag‘lubiyatni qayd etgan. Navoiy jamoasi oxirgi marta safarda 2010 yil ochko olgan - 0:0. O‘z maydonida "Paxtakor" 7 bor ushbu raqibni yirik natija bilan taslim qilgan. O‘tgan mavsumda Toshkentda "Paxtakor" 8:0 hisobida zafar quchgandi.
O‘zbekiston oliy ligasi tarixida qayd etilgan eng yirik natija - 11:0 hisobi jamoalarning 2007 yili Navoiyda o‘tgan bellashuvida kuzatilgan. O‘shanda "Paxtakor" hozirgacha rekord sanalgan yirik g‘alabani qo‘lga kiritgan.
Bahsni jamoalardan diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuboradigan futbolchilar mavjud emas.
"Paxtakor" va "Qizilqum" o‘rtasidagi o‘yin 18 oktyabr, yakshanba kuni soat 17:30da "Paxtakor" stadionida boshlanadi.
Fikrlar