"PROFORM CUP K-1" turniri Toshkentda bo‘lib o‘tadi

15 may kuni Toshkent shahrida "PROFORM DINAMO SPORTS FESTIVAL" doirasida "PROFORM CUP K-1"  professional turniri tashkil etiladi. Musobaqa "PROFORM DINAMO" bazasida bo‘lib o‘tadi va janglar soat 17:00 da boshlanadi.

Turnir doirasida professional K-1 qoidalari asosida janglar o‘tkaziladi. Musobaqada O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar tizimining yetakchi jangchilari taklif etilgan sportchilarga qarshi ringga chiqadi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 20 million so‘mni tashkil etadi.

Ichki ishlar tizimi sharafini quyidagi sportchilar himoya qiladi:

Bobur O‘rinboev (81 kg);

Davlatbek Marayimov (86 kg);

Samandar Eniboev (75 kg);

Janglar 3 raunddan iborat bo‘lib, har bir raund 3 daqiqa davom etadi. Raundlar orasidagi tanaffus — 1 daqiqa. Zarurat tug‘ilganda hakamlar qaroriga ko‘ra qo‘shimcha raund belgilanishi mumkin. G‘alaba nokaut, texnik nokaut yoki hakamlar qarori bilan aniqlanadi.

Turnirni tajribali hakamlar boshqaradi. Bosh hakam — Jaloliddin Shamuratov, hakamlar hay’ati tarkibida Gagik Sayadyan va Muhammadqodir Sobirov faoliyat olib boradi.

Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, barcha sportchilar janglardan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Turnir K-1 reglamenti talablariga muvofiq tashkil etiladi. Zarur hollarda tashkilotchilar musobaqa dasturiga o‘zgartirish kiritish huquqini saqlab qoladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!