
Qibrayda xotira turniri o‘tkazildi
Joriy yilning 10 iyun kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi "Aziya elektr-energiya yuksalish" ma’suliyati cheklangan jamiyatida mazkur MChJ asoschisi Egambergan ota Bekchonov xotirasiga bag‘ishlangan turnir tashkil etildi.
Asli Xorazm viloyatining Urganch tumani Chekka sholikor qishlog‘idan bo‘lgan Egambergan ota turmush o‘rtog‘i Yoqutjon opa bilan 60 yildan ortiq bir yostiqqa bosh qo‘yib, 9 ta farzandini to‘g‘ri tarbiyalab, o‘qimishli, ilm-ma’rifatli qilib kamolga etkazishdi. Ibratli turmush kechirgan ushbu oila uzoq yillar ahil-inoq hayot kechirdi. Egamberdi ota temirchilik va chorvachilik sohalarida halol mehnati bilan hurmat-e’tibor topgan va hamisha elda aziz insonlar, namunali oilalardan bo‘lishgan.
Egambergan Bekchonovning farzandi, "Aziya elekt-energiya yuksalish" MChJ rahbari Beknazar Bekchonov tashabbusi bilan tashkil etilgan turnirda ushbu korxonaning 60 nafar ishchi-xodimlari o‘rtasida
shaxmat-shashka, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish, tosh ko‘tarish, armrestling, xalqada mashq bajarish va kurash bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Qiziqarli va murosasiz o‘tgan bellashuvlarda Mavluda Ahmedova, Rahima Azimova, Oxunjon Rahmonqulov, Aziz Xojiev, Oybek Kistaboev, Baxtiyor Abdullaev singari ishchi-xodimlari yuqori natijalar qayd etib, korxona rahbari tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanishdi. Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlanishdi.
Tadbirda Egamberdi otaning farzandlari, yaqinlari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Fikrlar