
Qiyin liga, hech kimga oson emas
Kontrast nima ekanligini bilasizmi? Ikki predmet o‘rtasidagi farq - rang, shakl, narx va boshqa nedir xususiyatlari bilan. Ko‘proq dizaynerlar bu terminni qo‘llaydi. Men futbol bilan bog‘lamoqchiman. APLda ortda qolgan turni ko‘rgan futbol muxlisining aqli shoshib qolishi tabiiy. "Liverpul" bu turda yutdi, "Siti", MYu va "Chelsi" kabi grandlar ham. Ikki London grandi "Tottenxem" va "Arsenal" mag‘lub bo‘ldi. Bir necha tur avval "Fulxem"ga 5:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan "Vest Hem" "Arsenal"ni yutsa va jarohatlar haddan ziyod ko‘pligi bois muvaffaqiyatsizliklar girdobiga tushib qolgan "Brayton", "Tottenxem"ni 4:2 hisobida parchalab tashlasa, bu nima degani?
APLda kuchli jamoalar, o‘rtamiyonalar va autsayderlarni farqlab bo‘ladimi o‘zi? Kontrast qayoqda qoldi? Nimaning evaziga natijalar e’tibori bilan bu qadar tartibsizliklar vujudga kelaveradi? Oxirgi 9 turdagi natijalar bo‘yicha "Bornmut" eng zo‘ri bo‘lsa, dodingizni kimga aytasiz?
Balki kuchli tarkib, zaxira va moliyaviy tomonlardagi ustunlik stabillikni ta’minlab bera olar. Ammo shunday holatlar bo‘ladiki, APL "xaos"lar markaziga aylanadi. Yana bu kabi "xaos"lar tez-tez sodir bo‘lib turaveradi.
Aslida, kontrast bor. O‘ta zaif, bilinar-bilinmas. 1-o‘rindagi "Liverpul" "Luton" bilan durang o‘ynagan bo‘lsa, "Aston Villa" "Siti" va "Arsenal"ni yutib, "Sheffild" va "Bornmut"ni yuta olmasa, siz darajalarni darhol farqlay olmaysiz. Bu turdagi "Arsenal"ni ko‘rib, "oxirida baribir "Siti" chempion bo‘lib ketadi", deymiz. O‘tgan tur boshqacha fikrda bo‘lgandirmiz, ehtimol. Mavsum boshidagi "Tottenxem"ni chempionlik uchun da’vogar deb, hozir kuchli to‘rtlikdan joy topib berolmayatganimiz kabi. Bilmay qolamiz, kim kuchli, kim kuchsiz. Qiyin liga, hech kimga oson emas.
Fikrlarimni tushunishga harakat qilayotgan sizga ham va tushuntirishga urinayotgan menga ham.
Xudayqulov Karim maqolasi
Fikrlar