
Qiziq, Yorqin Nazarov Hindiston matbuotiga intervyu berdi. Unda qanday masalalar ko‘tarildi?
Iqtidorli murabbiy Yorqin Nazarovni O‘zbekistondan tashqarida ham yaxshi bilishadi. Ayniqsa, uni Hindistonda ham tanishadi.
U futbolchilik faoliyatini aynan Hindiston chempionatida tugatganini bilasizmi? 2008 yili Navoiyning “Qizilqum” klubida to‘p surgach, Hindistonning “Vasko Da Gama” klubidan taklif tushgan. Natijada Nazarov hind diyoriga ketgan va u erda bir yil davomida to‘p surgan.
Hindistondan qaytganidan so‘ng butsalarini mixga ilishga qaror qildi. Ayni paytda Nazarovni murabbiy sifatida o‘quvchilarimiz yaxshi bilishadi. O‘tgan yili "Andijon" va "Surxon" klublarida ishladi.
48 yoshli mutaxassisni haligacha Hindistonda eslab turishadi. Bunga misol tariqasida kuni kecha Yorqin Nazarovning xorijlik hamkasblarimiz bilan suhbatlashganini aytishimiz mumkin. Aniqrog‘i, Indian Football Reports Yorqin Nazarov bilan intervyu tashkil qildi.
- Siz Hindiston futboli haqida nima deya olasiz? 4-5 yildan so‘ng hind futboli o‘zini qaysi bosqichda ko‘rishi mumkin deb o‘ylaysiz?
- Keling, avvalo faktlar bilan boshlaymiz. Men Hindistonda o‘ynagan paytimda milliy chempionat ISL ko‘rinishida bo‘lmagandi. Ikkita qiziqarli liganing mavjudligi mamlakat futbolining o‘sishiga katta yordam beradi.
- Siz I liga, Hindiston Superligasi o‘yinlarini kuzatib borasiz. Nima deb o‘ylaysiz, bu o‘yinlar sizga qanchalik qiziqarli tuyuladi?
- Men I liganing birinchi davrasidagi barcha o‘yinlarini ko‘rib chiqdim. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, Hindiston futbolining o‘yin uslubi, o‘yin dinamikasi o‘sganligi va rivojlanib borayotgani menga juda ham yoqdi. Buni bilishdan xursand bo‘ldim. Qiziqish haqida gapiradigan bo‘lsak, “Real Kashmir” jamoasi faqat natija uchun o‘ynaydi. Asosan burchak va jarima zarbalaridan gollar urishadi. Ha, balki bu uslub juda ham tomoshabop bo‘lmasligi mumkin. Lekin jamoaga g‘alabalar keltiradi.
Andrey Chernishov boshqaruvidagi “Muxammedan” klubi ham boshqacha futbol namoyish etadi. Bu klubning o‘yin uslubi ham menga yoqadi. Bundan tashqari, mahalliy murabbiylar boshqarayotgan jamoalarni ham yaxshi ko‘raman. Ularda o‘zgacha uslub ko‘zga tashlanadi. Bir narsa nihoyatda rivojlanganki, bu chempionatga oldingidan ko‘proq turli davlatlardan legionerlar kela boshlashgan. Shuningdek, legionerlarning kelish nuqtalari ham o‘zgargan. Masalan, Afrika, Braziliyadan futbolchilar bor. Shu ham chempionatni ancha qiziqarli qilgan.
“Goa” jamoasi Hindiston Superligasida 6-pog‘onada boryapti. “Churchil” esa birinchi bosqichni boy berdi. To‘g‘risi, ularni kuchli futbol ko‘rsatdi deb ayta olmayman. Chunki to‘pni nazorat qilishning uddasidan chiqishmadi. Goadagi jamoalar esa doim texnik futbol namoyish etishgan. O‘ylaymanki, yaqin orada ular mana shunday yaxshi o‘yin ko‘rsata olishadi.
- Nima deb o‘ylaysiz, Hindiston va O‘zbekiston futboli orasida qanday farqlanishlar bor?
- O‘zbekiston futboli Hindistonnikiga qaraganda biroz tezroq va texnik tomondan ancha rivojlangan. Misol uchun, bu so‘zning isboti sifatida “Nasaf” hamda “Moxan Bagan” jamoalari o‘rtasidagi OFK Kubogidagi bellashuvni tomosha qilishingiz mumkin. O‘sha uchrashuvda 6:0 hisobida “Nasaf” ustun kelgan. Bunga sabab sifatida keltirishim mumkinki, O‘zbekistonda futbol akademiyalari yaxshi ishlaydi. Ko‘plab iqtidorli o‘yinchilar o‘sha akademiyalardan etishib chiqib, o‘zbek jamoalarini kuchaytirishadi. Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab o‘tishim kerakki, Hindiston Superligasida ham hind futbolchilari o‘rtasida yuqori divizionda o‘ynashga ishtiyoq va buning istagi katta.
- Siz qaysi hindistonlik futbolchini kelgusida kelajagi bor deb ayta olasiz?
- Nomma-nom bir narsa deyishim qiyin. Lekin shuni ayta olamanki, hindistonlik futbolchilar yaxshi mashg‘ulot o‘tkazib, yaxshi tajribaga ega bo‘lib borishyapti. O‘ylaymanki, ular kelgusida kuchliroq ligalarda faoliyat olib borishga qurbilari etadi. Buning uchun ularda barcha imkoniyatlar hamda futbolchilardan talab qilinadigan xususiyatlar etarli. Men ham umid qilamanki, tez orada Hindiston futboli o‘zining yangi Sunil Chetrisini topa oladi.
Fikrlar