"Qo‘qon-1912" futbolchisi jamoasining o‘z maydonida emas, balki safarda yutayotganiga va "Andijon"dan tushgan taklifga munosabat bildirdi
“Qo‘qon-1912” jamoasi ayni paytda Chimyonda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Qo‘qonliklar ortda qolgan 12 ta o‘yinda 15 ochko jamg‘arib, musobaqa jadvalida 9-o‘rinni band etib turibdi.
Ammo bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov va uning jamoasida yuqori o‘rinlarga ko‘tarilish uchun imkoniyat bor. Negaki, jamoa tarkibidagi futbolchilarning salohiyati yaxshi darajada.
Masalan, 26 yoshli iste’dodli yarim himoyachi Sardor Azimov ham jamoadagi muhim o‘yinchilardan biri. U shu kungacha 9 ta o‘yindan maydonga tushdi va 1 ta gol urdi. Sports.uz muxbiri ushbu o‘yinchining fikrlari bilan qiziqdi.
Ikkinchi davraga tayyorgarlik xususida
- Hozir Chimyon tog‘ yonbag‘ridamiz. Bu erda astoydil shug‘ullanyapmiz. Asosiy e’tiborni jismoniy tayyorgarligimizni oshirishga qaratganmiz. Chunki ikkinchi davra uchun jismoniy tayyorgarligimizni yanada yaxshilab olishimiz lozim. Shu orqali ikkinchi davraga yaxshi holatda kirib bormoqchimiz. Futbolchilarning kayfiyati a’lo darajada. Tog‘dagi mashg‘ulotlarimiz ancha samarali o‘tyapti. Bu erda kuniga ikki mahaldan murabbiylarimizning ko‘rsatmalariga asosan shug‘ullanyapmiz.

Birinchi davradagi ishtirok haqida
- Nimagadir o‘tgan yilgiga qaraganda, bu yil o‘z maydonimizda g‘alaba qozona olmayapmiz. Nima uchun bunday bo‘layotganini bilmayman. Mehmonda bo‘lsa, aksincha yaxshi natijalar ko‘rsatib kelyapmiz. Safarda to‘rtta uchrashuvda yutdik. O‘z maydonimizda “Qizilqum” va “Bunyodkor” bilan durang o‘ynadik. Ko‘rib turganingizdek, Qo‘qonda ikki ochkoni qo‘lga kiritibmiz. Umuman, to‘plagan 15 ochkodan 13 tasini mehmonda qo‘lga kiritdik. O‘z maydonimizda nimadir etishmayaptimi yoki hayajonlanganimizdan shoshib qolyapmizmi? Tezroq gol urib natijaga erishishni istayotganimiz uchun balki o‘yinimiz chiqmayotgandir. Safardagi uchrashuvlarda raqibning xatolarini kutib, qarshi hujumlarda gol urdik va himoyada murabbiylarning ko‘rsatmalari asosida mustahkam o‘ynadik. Tartibli o‘yinni yo‘lga qo‘ya olyapmiz. Ammo o‘z maydonimizda negadir shoshib qolyapmiz. Oqibatda raqiblar bizning xatolarimizdan foydalanib ketyapti.
“Qo‘qon-1912” safar jamoasimi?
- Fikrimcha, hali “Qo‘qon-1912” safar jamoasi emas. Oldinda ikkinchi davra turibdi. O‘zingiz ham ko‘ryapsiz, Superligada kutilmagan natijalar ko‘payib ketyapti. Masalan, Toshkentda “Lokomotiv”ni yutishimizni hech kim kutmagandi. O‘z maydonimizda “Metallurg”ga yutqazishimizni ham sira kutmagandik. Ular oxirgi daqiqada gol urib yutib ketishdi. Ikkinchi davrada o‘z uyimizda yo‘qotilgan ochkolar o‘rnini to‘ldiramiz.

“Andijon”ning taklifi to‘g‘risida
- Ha, “Andijon” klubidan taklif bo‘ldi. Andijonlik futbolchilarni yig‘yapmiz, shunga nima deysiz dedi. Meni “Qo‘qon-1912” bilan bir yillik shartnomam borligini va biror nima deya olmasligimni aytdim. Adashmasam, ikki marta qo‘ng‘iroq qilishdi. Jamoam bilan shartnomam borligi sababli meni u erga qo‘yib yuborishmasa kerak, buni o‘zlariga ham aytdim. Bu narsa bosh murabbiyimizga ham bog‘liq.
O‘ziga qolsa, klubdan ketadimi?
- Umuman olganda, “Qo‘qon-1912” bilan amaldagi shartnomam tugatib qo‘ymoqchiman. Chunki “Andijon”ga borib moslashish uchun ham yana vaqt kerak. Olti oy tezda o‘tib ketadi. Qo‘qonda bir yarim yildan beri o‘ynayapman va ikkinchi yili ketyapti. Bu jamoaga ko‘nikib ketganman, hamma bilan munosabatim yaxshi. “Qo‘qon-1912”da o‘zimni ancha erkin his qilaman. Meni xarakterimni ham yaxshi bilishadi.

Yana qanday takliflar bor?
- Menga boshqa klublardan jiddiy taklif bo‘lmadi. Shunchaki, ayrimlari shartnomang bormi deb qo‘yishdi. Ammo “Andijon”ning taklifi jiddiyroq bo‘ldi. Ular klubni Superligada saqlab qolishmoqchi. Biroq shartnomam bo‘la turib “Qo‘qon-1912”dan ketishga haqqim yo‘q. Bu professionallikka ham to‘g‘ri kelmaydi. Bo‘lmasa, rahbarlar bilan gaplashinglar, deb aytdim.
“Qo‘qon-1912” qaysi o‘rin uchun kurashadi?
- Aslida bizning vazifamiz uchtalikka kirish. Vaziyatga real qarasak, 4- yoki 5-o‘rinni egallasak kerak. Jamoamizning imkoniyatlari yaxshi. Chempionatdagi kurash va intriga ham kuchli bo‘lyapti. Har bir o‘ringa jamoalar o‘rtasidagi kurash ancha jiddiy bo‘lyapti. Ko‘ryapsiz-ku, kimdir yutqazsa pastga tushib ketyapti yoki yutsa yuqoriga ko‘tarilib ketmoqda. Shuning uchun hozir barcha klublar ikkinchi davraga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishyapti.
Fikrlar