Qozogʻistonlik bokschi vakant qolgan chempionlik kamari uchun jang qiladi
Ikkinchi oʻrta vaznda vakant qolgan WBO chempionlik kamari uchun jang yanvar oyida Daniyada oʻtkaziladi. Ringga oʻrta vazn sobiq chempioni Janibek Alimxanuli (17-0, 12 KO) hamda tashkilot reytingida uchinchi oʻrinni egallab turgan daniyalik bokschi Yakob Bank (20-0, 11 KO) koʻtariladi. Bu haqida Daniyaning "Primetime Promotions" va "Goldstar Promotions" promouterlik kompaniyalari maʼlum qildi. Jang sanasi va oʻtkaziladigan arenaning aniq nomi keyinroq xabar beriladi.
"Bu, shubhasiz, kompaniyamiz tarixidagi eng muhim kunlardan biri. Biz "Goldstar Promotions" bilan birgalikda ushbu jangni aynan Daniyada tashkil etish uchun juda katta ish qildik va nihoyat bunga erishdik. "Top Rank" kompaniyasi bilan samarali muzokaralar oʻtkazdik va jarayonda ishtirok etgan barcha tomonlarning yuqori darajadagi professional yondashuvini yuksak qadrlaymiz", — deyiladi "Primetime" tarqatgan rasmiy bayonotda.

Fikrlar