
Quvondiq Ro‘ziev Malayziya klubida qaysi raqamni tanlagani, bosh murabbiyi kechki ovqatga taklif qilgani, Abduraimov va Shkvirinni eslashlari haqida
Joriy mavsumni “Turon” safida boshlagan Quvondiq Ro‘ziev kuni kecha legionerga aylandi. Yaypanliklar bilan do‘stona xayrlashgan yarim himoyachiga Malayziyadan aniq taklif tushdi. Natijada Ro‘ziev “Sri Paxang” jamoasi a’zosiga aylandi.
Shu tariqa, 29 yoshli futbolchimiz faoliyatida ilk bor legionerga aylandi. Hamyurtimiz Malayziyada yangi klubiga qo‘shilganidan keyin ilk intervyusini Sports.uz saytiga berdi.
“O‘yinim murabbiylarga ma’qul keldi”
- Malayziyadan taklif bo‘yicha menga may oyining boshlarida tojikistonlik agent yozgandi. Malayziya klublari markaziy yarim himoyachi izlashyapti, agar ruxsat bersang seni tavsiya qilib ko‘rmoqchimiz deyishgandi. O‘shanda “Turon” rahbariyatiga agar chetdan yaxshi taklif chiqib qolsa, qo‘yib yuborishinglarni so‘rayman, deb iltimos qilgandim va ular rozi bo‘lishgandi. Shundan kelib chiqib, agentga ruxsat berganman. Hozirgi yangi jamoam murabbiylari o‘yinimni ko‘rib chiqishdi hamda ularga ma’qul keldi. Natijada bu klubga kelishim tezlashib ketdi.
“Bu erda o‘zbeklarni juda hurmat qilisharkan”
- Xudoga shukr, yangi jamoada meni yaxshi kutib olishdi. Birinchi kundanoq mashg‘ulotlarga qo‘shildim. Bosh murabbiy kechki ovqatga taklif qildi. U bilan 2-3 soatlik yaxshi suhbatimiz bo‘ldi. Xudo xohlasa, 9 iyul kuni juda muhim o‘yinimiz bor. Ushbu uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Murabbiy mendan hozirgi holatimni so‘radi va o‘ynay olasanmi-yo‘qmi, deb qiziqdi. Hozir bo‘lajak uchrashuvga tayyorlanyapmiz. Hozirda chempionatda 2-o‘rinda borayotgan jamoaga qarshi muhim uchrashuv kutib turibdi. Mening klubim esa musobaqa jadvalida 3-pog‘onada ketyapti. Ulardan uch ochko orqadamiz. Agar shu o‘yinni yutib olsak, 2-o‘ringa chiqib olish ehtimolimiz bor. Jamoaning maqsadlari yuqori. Bu tarixiy klub ekan. E’tiborlisi, bu erda o‘zbeklarni juda hurmat qilishar ekan. Sababi, o‘z vaqtida ushbu jamoada to‘p surgan Azamat Abduraimov va Igor Shkvirin o‘zlaridan juda iliq taassurot qoldirishgan ekan.
“Hozircha faqat til bilan bog‘liq muammolarga duch kelyapman”
- Bosh murabbiyimiz singapurlik. Singapurni mashhur o‘yinchilaridan bo‘lgan va hozirda ham uni qattiq hurmat qilisharkan. Singapur futbolining afsonalaridan biri. Til bo‘yicha menda biroz muammolar bor. 2-3 oy ichida o‘rganib, futbolchilar bilan tezroq muloqot qilib, buni engib o‘taman va hammasini yo‘lga qo‘yib olaman. Hozircha faqat til bog‘liq muammolarga duch kelyapman. Men bilan bir jamoada hamyurtimiz Sherzod Fayziev o‘ynaydi. Sherzod aka menga har tomonlama, maydonda va maydondan tashqarisida, yashash sharoitlari bo‘yicha ham katta yordam bermoqda. Uni bu jamoada borligi men uchun katta plyus vazifasini bajarib beryapti.
“Har qanday vaziyatda bizni qo‘llab-quvvatlab turishdi”
- “Turon”dagi faoliyatim qisqa muddat o‘tgan bo‘lsa ham jamoadagi ichki muhit ajoyib tarzda edi. Jamoadagi hamma futbolchilar aka-ukadek bo‘lib qolgandi, kollektiv yaxshi darajada yo‘lga qo‘yilgandi. Sababi, klub rahbarlari sofdil, ajoyib insonlar. Har qanday vaziyatda bizni qo‘llab-quvvatlab turishdi va biz tomonda bo‘lishdi. Ularga katta minnatdorchilik bildiraman. Aynan shu jamoa orqali legionerga aylandim. Taklif tushganida ham agar o‘zingga ma’qul keladigan variant bo‘lsa, doim futbolchi tomonidamiz, deb to‘g‘ri tushunishdi. Bundan tashqari, jamoaning muxlislari kam sonli bo‘lsa ham ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlab turishardi. Jonkuyar edilar. Doim qalbimda qoladi. Ular bilan xayrlashganim yo‘q, yaxshi kunlarda bu jamoa bilan birga ko‘rishamiz.
“Yaqin kunlarda uy va mashina bilan ta’minlashadi”
- Jamoa yaqin kunlarlda uy va mashina bilan ta’minlab beradi. 8-raqamni oldim, aynan shu raqam bo‘shligi uchun. Klubning mashg‘ulot o‘tkazadigan maydoni, markaziy stadoni ham ajoyib va katta sig‘imga ega ekan. Kelganimga endi 2-3 kun bo‘ldi. Hozircha hech qanaqa salbiy holatlarni ko‘rganim yo‘q. Futbolchiga mashg‘ulot va o‘ynash uchun hamma sharoit ajoyib tarzda yaratilgan.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar