Raqib - nokautlar ustasi! Isroil Madrimov jangi rasmаn e’lon qilindi
WBA versiyasi boʻyicha sobiq jahon chempioni Isroil Madrimov 30 oktyabr kuni Toshkentda ozarbayjonlik bokser Seymur Isayevga qarshi jang qiladi.
Bu haqida Sports.uz nashri Oʻzbekiston Professional boks federatsiyasi matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
«Isroil Madrimov – Seymour Isayev
30 oktyabr kuni “Humo Arena” majmuasida professional boks muxlislarini yana bir qiziqarli xalqaro jang kutmoqda. Ringga Oʻzbekiston sharafini himoya qiladigan, WBA versiyasi boʻyicha sobiq jahon chempioni Isroil Madrimov hamda kuchli zarbalari bilan tanilgan tajribali ozarbayjonlik bokser Seymour “Grey Wolf” Isayev koʻtariladi.
Isroil Madrimov — “The Dream”
Isroil Madrimov 2024 yil mart oyida Magomed Kurbanovni beshinchi raundda texnik nokaut bilan magʻlub etib, WBA versiyasi boʻyicha jahon chempioni unvonini qoʻlga kiritgan. U shuningdek jahon boksi yulduzlari Terens Krouford va Vörjil Ortis kabi raqiblar bilan ham ringda toʻqnash kelgan. 2026 yil yanvar oyida Madrimov yana ringga qaytib, Luis David Salazar ustidan ochkolar hisobida gʻalaba qozongan edi.
Seymur Isayev — “Grey Wolf”
Ozarbayjonlik bokser Seymour Isayev chapqay uslubda jang qiladi va professional ringdagi nokautlari bilan mashhur. U UBO versiyasi boʻyicha jahon chempioni boʻlgan va professional faoliyati davomida bir qator muhim gʻalabalarni qoʻlga kiritgan», — deya qayd etilgan federatsiyaning instagram sahifasida.
Eslatib oʻtamiz, Madrimov WBA versiyasi boʻyicha birinchi oʻrta vazn toifasida jahon chempioni boʻlgan. Havaskorlar oʻrtasida u 2018 yilda Osiyo oʻyinlari chempioni, 2017 yilda Osiyo chempioni, 2014 yilda esa Osiyo oʻyinlarining kumush medali sohibi (75 kilogrammgacha vazn toifasi) sifatida tanilgan. Professional boksda esa birinchi oʻrta vaznda WBA Inter-Continental va IBF Inter-Continental mintaqaviy kamarlarini ham qoʻlga kiritgan.

Fikrlar