Rasman! "Andijon"ning rahbari o‘zgardi

  • 29.08.2020 17:23
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Bugun Andijon shahridagi "Sog‘lom Avlod" stadionida navbatdan tashqari yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.

Unda Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari O‘tkirbek Shukurov, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi rahbari, viloyat futbol assotsiatsiyasi vakillari, "Andijon" futbol klubi rahbariyati va jamoa futbolchilari ishtirok etdi.

"So‘nggi paytlarda jamoamizda moliyaviy qiyinchiliklar boshdan o‘tkazildi. Jamoaning "Paxtakor" klubiga qarshi o‘yinga qanday qilib etib borgani hech kimga sir emas. Xudoga shukr, qiyin kunlar ortda qoldi. Mana Andijon o‘g‘loni, futbolning ashaddiy muxlisi hisoblangan Jur’atbek Quvvatov jamoani qo‘lga olmoqda. Biz bu inson uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Hozircha ishlarni yo‘lga qo‘yib olgunga qadar, natija talab qilmaymiz. Jur’atbek ham jamoani asta-sekinlik bilan mahalliylashtirish, viloyatdagi yosh futbolchilarga imkoniyat berish g‘oyasini o‘rtaga tashladi. Unutmanglar, Andijonda futbol o‘lmaydi, doim futbol bo‘ladi. Uzoq yillik tarixga ega bo‘lgan jamoa saqlanib qoladi", - dedi O‘tkirbek Ilhomovich.

So‘ngra, so‘zga "Andijon" futbol klubining yangi ta’sischisi chiqdi. "Avvalambor bildirilgan ishonch uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman. Natijani albatta qo‘lga kiritamiz, buning uchun biroz vaqt kerak. Lekin izlanishdan to‘xtamaymiz. Yaqin orada, albatta, natijani ham qo‘lga kiritamiz", - dedi Jur’atbek Quvvatov.

Klub bosh direktori Ma’rufjon Abdisalomov so‘zga chiqib, shunday dedi: "Bizni doim qo‘llab-quvvatlab turgan viloyat hokimligiga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Haqiqatdan ham, qiyin kunlarni boshdan kechirdik. Tan olish kerak, jonimizga Jur’atbek Quvvatov oro kirib, jamoamizni qabul qilib oldi. Uch yarim milliondan ziyod aholimiz bor, jamoaning esa 30-40 ming muxlisi bor. Mana shu stadion to‘lib-toshadigan jamoa barpo etilishini tilab qolaman. Futbol o‘yinlari kunlarini xalqimiz katta bayram sifatida qabul qiladigan jamoa bo‘lishini istayman".

Shu tariqa, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning topshirig‘iga asosan, "Andijon" futbol klubida ta’sischi o‘zgardi va klub "Makro Farm Andijon" korxonasi rahbari Jur’atbek Quvvatovga topshirildi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!