Rasman! "Mash’al" nigeriyalik hujumchi bilan shartnoma imzoladi
Muborakning "Mash’al" futbol klubi yangi mavsum oldidan tarkibni kuchaytirish borasida navbatdagi muhim qadamni tashladi. Jamoa nigeriyalik tajribali markaziy hujumchi Ogastin Chidi Kvem bilan rasmiy shartnoma imzoladi. Bu haqida klub matbuoti xabar berdi.
"28 yoshli forvard «gazchilar»ning oldingi chizig‘ida asosiy kuchga aylanishi kutilmoqda. Bo‘yi 187 santimetr bo‘lgan futbolchi jismoniy tayyorgarligi, havo kurashlaridagi ustunligi va raqib jarima maydonchasidagi faolligi bilan ajralib turadi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Kvemning bozor qiymati 350 ming yevroga baholangan bo‘lib, bu uni jamoadagi eng qimmat legionerlardan biriga aylantiradi.
Chidi Kvem professional faoliyati davomida asosan Janubiy Afrika va Vetnam chempionatlarida to‘p surgan. U Janubiy Afrika Premer-ligasida «Chippa United», «TS Galakhy» va «AmaZulu» klublari sharafini himoya qilgan. Ayniqsa, «AmaZulu» safidagi o‘yinlari e’tiborga molik bo‘lib, qariyb 50 uchrashuvda 11 bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan. O‘zbekistonga kelishidan oldin esa Vetnamning «Xanoy» hamda Iroqning «Al-Naft» jamoalarida harakat qilgan.
«Mash’al» uchun mazkur transfer hujumdagi samaradorlikni oshirish va raqib jarima maydonchasida bosimni kuchaytirish yo‘lidagi muhim qaror hisoblanadi. Kvemning to‘pni ushlab qolish mahorati va to‘g‘ri pozitsiya tanlashi jamoa taktik qurilishlariga yangi nafas olib kirishi kutilmoqda", - deyiladi xabarda.
Fikrlar