Rasman! O‘zbekiston jahon chempionati ishtirokchisi bilan o‘yin o‘tkazadi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha yana bir xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. Bu safar raqib sifatida Eron terma jamoasi maydonga tushadi, deb O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv 2026 yil 24 sentabr kuni Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Italyalik mutaxassis Fabio Kannavaro boshqaruvidagi O‘zbekiston terma jamoasi Saudiya Arabistonida o‘tadigan 2027 yildagi Osiyo kubogiga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Ushbu bellashuvdan tashqari, o‘zbekistonliklar 6 oktabr kuni Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi yana bir o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishni rejalashtirgan.
O‘zbekiston va Eron terma jamoalari so‘nggi bor 2025 yil noyabrida BAAda o‘tkazilgan musobaqada to‘qnash kelgan edi. O‘yinning asosiy vaqti 0:0 hisobida yakunlangan, penaltilar seriyasida esa O‘zbekiston 4:3 hisobida zafar quchgan.
Shu bilan birga, o‘zbekistonliklar «Manchester Siti» himoyachisi Abdukodir Husanov maydondan chetlatilganidan so‘ng uchrashuvni kam sonda yakunlashga majbur bo‘lishgan.
2026 yildagi jahon chempionatida AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qilgan musobaqada Eron G guruhida to‘p surdi. Ushbu jamoa Yangi Zelandiya (2:2), Belgiya (0:0) va Misr (1:1) termalari bilan durang o‘ynab, uchta uchrashuvda uch ochko to‘pladi va guruhda uchinchi o‘rinni egallab, pley-off bosqichiga chiqa olmadi.
O‘zbekiston esa o‘z guruhi K da so‘nggi — to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Terma jamoa Kolumbiya (1:3), Portugaliya (0:5) va Kongo Demokratik Respublikasi (1:3) futbolchilariga qarshi o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchradi.

Fikrlar