
Ravshan Ermatov milliy terma jamoalar ishtirokida CAFA kubogini tashkil etishni taklif qildi
Bugun, 2 dekabr kuni butun Osiyo qit’asi futbol jamoatchiligi diqqat-e’tibori Gonkongga qaratildi.
Boisi Osiyo futbol konfederatsiyasi bugun 2019 yil yakunlariga ko‘ra, qit’aning eng yaxshilarini taqdirlash marosimini o‘tkazdi.
"The AFC Annual Awards-2019" oldidan bugun kunning birinchi yarmida Osiyo futbolini yanada rivojlantirish masalasi bo‘yicha qator uchrashuv va tadbirlar ham o‘tkazildi. Jumladan, Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasiga a’zo mamlakatlar vakillari mintaqamizda futbol darajasini yanada oshirish, o‘zaro aloqalar va hamkorlikni yangi darajaga olib chiqish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi. Qit’a va mintaqamiz futboli kelajagi muhokama etilgan uchrashuvda O‘FA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ham ishtirok etdi va endilikda milliy terma jamoalar o‘rtasida ham mintaqa chempionatini tashkil etish vaqti kelganini bildirdi.
- Markaziy Osiyoda futbol darajasini yanada oshirish, mintaqa jamoalarining xalqaro maydondagi natijalarini yanada yaxshilashda a’zo futbol assotsiatsiyalar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash juda muhim jihat sanaladi. Futbol insonlarni do‘stlashtiradi va birlashtiradi, bu borada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qo‘shni mamlakatlar bilan yanada yaqindan hamkorlik qilishga va o‘zaro tajriba almashishga hamisha tayyor. Shu o‘rinda, Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi tomonidan turli yosh toifalarida mintaqa birinchiligi tashkil etilgani, biroq milliy terma jamoalar miqiyosida hamon turnir o‘tkazilmaganini ta’kidlash zarur. Agar milliy terma jamoalar o‘rtasida ham shunday musobaqa yo‘lga qo‘yilsa, bundan assotsiatsiyaga a’zo mamlakatlarda yashovchi barcha futbol muxlislari birdek xursand bo‘lishadi. Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron hamda O‘zbekiston milliy terma jamoalari ishtirok etadigan musobaqa qit’a miqiyosida ham katta qiziqishga sabab bo‘lishi tayin, - deya O‘zbekiston tomoni bunday musobaqa tashkil etishda Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasiga yaqindan ko‘mak berishga tayyorligini va musobaqaga mezbonlik qilishdan mamnun bo‘lishini bildirdi O‘FA Birinchi vitse-prezidenti.
Qayd etish lozim, bugun kunning ikkinchi yarmida OFKga a’zo barcha mamlakatlar delegatsiyalari vakillari OFKning yil yakunlariga bag‘ishlangan taqdirlash marosimida ishtirok etishdi.
Fikrlar