
Ravshan Haydarov "Surxon" bilan birga emas, chunki...
Termizning “Surxon” klubida ham muvaffaqiyatsiz o‘yinlar ko‘payib ketdi. O‘tgan turda ular Qarshida “Nasaf”dan javobsiz beshta gol o‘tkazib yubordi. Ammo o‘sha uchrshuvda “Surxon” futbolchilari bosh murabbiysiz o‘ynadi. Ravshan Haydarovning ushbu o‘yinda qatnashmagani esa turli gap-so‘zlarga sabab bo‘layotgani tabiiy. Biz esa vaziyatga oydinlik kiritish ilinjida termizliklar ustozi bilan bog‘landik.
- “Surxon”ning “Nasaf”ga qarshi o‘yinida ko‘rinmadingiz...
- Ha, biroz mazam yo‘q. Hozir davolanyapman. Biz covid-19 bo‘yicha kasallanib o‘tdik. Endi uning asoratini bartaraf etish uchun muolajalar olyapman. Hozir biroz “davleniya” o‘ynab turibdi. Shifokorlarning nazoratida bo‘lib turibman.
- Qachon ishga qaytasiz?
- Avval davolanib olay, keyin ko‘ramiz. Hozircha bir nima ayta olmayman.
- Jamoangizning “Nasaf” bilan o‘tkazgan uchrashuvini televizor orqali ko‘rdingizmi yoki buning imkoni bo‘lmadimi?
- Ko‘rdim. Yomon o‘ynadik.
- Bosh murabbiyning yo‘qligi “Surxon” jamoasiga ta’sir ko‘rsatgani haqida ham eshityapmiz. Balki o‘zingiz bo‘lganingizda vaziyat bunchalik darajaga etib bormasmidi...Baribir sizga ham televizor orqali jamoangizning bunday o‘yinini kuzatish og‘ir bo‘lsa kerak?
- Nima sababdan bunday yirik hisobda yutqazganimizni bilmadim. Televizor orqali ko‘rib, bir nima deyishim noto‘g‘ri bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, o‘yinimiz qovushmadi va shuning evaziga jamoamiz yaxshi o‘ynay olmadi. “Qizilqum” bilan uchrashuvdan keyin mazam qochgach, davolanishga o‘tdim.
- Jamoadagi ishingiz kim bajarib turibdi?
- Vladimir Andreev va Shavkat Abduxo‘jaev birgalikda bajarishyapti.
- “Surxon”ning muvaffaqiyatsiz natijalari balki sog‘ligingizga ham ta’sir ko‘rsatgandir, nima deb o‘ylaysiz?
- (Kuladi) Bilmadim. Balki qoniqarsiz natijalar tufayli asabdan zo‘riqish bo‘lgandir.
- Umuman olganda, jamoangizning qiyin holatga tushib qolgani sizni tashvishlantiryaptimi?
- Albatta, tashvishlantiryapti. Qo‘limizdan kelgan hamma ishlarni qilyapmiz. Lekin kerakli ochkolarni to‘play olmayapmiz. Afsuski, hozir shunaqa og‘ir vaziyatdamiz. Balki bitta g‘alaba qozonib olsak, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarib ketar. Biz shuning uchun harakat qilyapmiz.
- Esimda, sizning boshchiligingizdagi “Surxon” Andijonda uch ochkoni qo‘lga kiritgandi va o‘sha g‘alaba siz kelgandan keyin hozircha yagonaligicha qolmoqda. Umumiy hisobda esa klubda ikkita g‘alaba bor. Ammo baxtga qarshi “Andijon” ham, “Buxoro” ham ochkolarini yo‘qotishmoqda. Turnir jadvalida esa aynan uchala klub autsayder maqomida bo‘lib turishibdi.
- Vaziyatdan chiqib ketish uchun g‘alaba kerak. Kerakli ochkolarni yig‘ishimiz juda muhim.
- Garchi “Surxon”da tajribali futbolchilar to‘planganiga qaramay, jamoaviy o‘yinni yo‘qligi natijalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmayapti. Bosh murabbiy sifatida bu xususida nima deya olasiz?
- O‘yin bobida, jismoniy tayyorgarlik jihatidan va tarkibdagi muammolarning hammasi bir paytga to‘g‘ri kelib qolmoqda. Buning ustiga pandemiya tufayli kasallanish holatlari ham ko‘paydi. Biz hali optimal tarkibda o‘ynay olmadik. Har doim jamoamizda qandaydir etishmovchiliklar yuz beryapti. Zaxira o‘rindig‘imiz esa uzun emas. Yosh o‘yinchilarga imkoniyat beryapmiz. Ularga esa tajriba etishmayapti. Xullas, ko‘plab omillar bor.
- Pandemiya sababli yana karantin joriy etilsa, bu chempionatimizga ta’sir ko‘rsatishi qanchalik o‘ylantirmoqda? Agar uchinchi marta Superliga bahslari to‘xtatiladigan bo‘lsa, bunga qanday qaraysiz?
- Albatta, sog‘lik birinchi o‘rinda. Nima bo‘lishidan qat’i nazar salomatlik asosiysi. Agar futbolchilar orasida ham kasallanishlar ko‘payib ketsa, iloji yo‘q, to‘xtatishlari mumkin bo‘ladi.
- Sizga sog‘lik tilaymiz. Tezroq sog‘ayib keting!
- Rahmat.
Fikrlar