Rayan Garsiya jangga chaqirdi, Teofimo Lopes esa rad etmadi, biroq...
Yarim oʻrta vaznda WBC chempioni Rayan Garsiya WBA kamari sohibi Teofimo Lopesni jangga chaqirishdan toʻxtayotgan yoʻq. Ikki hafta avval Konor Benni ikkinchi raundda texnik nokautga uchratgan zahoti Rayan ringdayoq Lopesga qarata "Keyingisi sensan!" deya baqirgandi. Garsiya hozir ham dekabrda u bilan jang qilish fikrida qatʼiy turibdi.
Teofimo Lopes esa bu taklifni ochiqchasiga rad etmayapti. Biroq yaqinda "Golden Boy Boxing" promouterlik kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvdan soʻng unga ushbu bahsni 2027 yil may oyiga qoldirish taklifi berilgani maʼlum boʻldi. Bundan tashqari, Lopesni oktyabr oyida WBA tomonidan tayinlangan majburiy raqibi — Jek Ketterallga qarshi toʻqnashuv kutmoqda.
Mutaxassislar fikricha, Garsiya va Lopes oʻrtasidagi qarama-qarshilik yilning eng yirik boks voqealaridan biriga aylanishi mumkin. Chunki har ikki sportchi ham soʻnggi paytlarda juda faol va tomoshabop janglar oʻtkazmoqda. Shu bilan birga, Garsiyaning Lopesdan tashqari ham bir qator qiziqarli variantlari bor: jumladan, Devin Xeyni yoki Shakur Stivenson bilan ehtimoliy janglar muxlislar eʼtiborini oʻziga jalb qilyapti.

Fikrlar