"Real" bir yulduz uchun uch futbolchisini tikdi
Zo'rini olish kerak
Madridning «Real» klubi yaqin vaqt ichida «Liverpool» va Argentina terma jamoasi yarim himoyachisi Aleksis Mak Allisterani oʻz safiga qoʻshib olishni rejalashtirmoqda.
El Intransigente nashri xabariga koʻra, «qirollik klubi» 27 yoshli argentinalik futbolchining transferi boʻyicha «Liverpool»ga rasmiy taklif yoʻllashga tayyorlanyapti. Maʼlumotlarga qaraganda, madridliklar kelishuvni yengillashtirish maqsadida bitimga oʻz futbolchilaridan birini qoʻshib berishga rozi. Gap marokashlik Braim Dias, fransuz Eduardo Kamavinga yoki ingliz himoyachisi Trent Aleksandr-Arnold haqida ketmoqda. Manbalar taʼkidlashicha, hozircha Aleksis Mak Allisterning bozor qiymati taxminan 70 million yevro atrofida baholanmoqda.
Eslatib oʻtamiz, joriy mavsumda Mak Allister «Liverpool» tarkibida Angliya chempionatida sakkizta oʻyin oʻtkazdi va shu vaqt ichida ikki marta sariq kartochka oldi.

Izohlar (0)