“Real” futbolchilari Arbeloaga ishonmay qo‘ydi
Madridning “Real” jamoasi La Liganing ikki turida oʻrtamiyona jamoalardan ketma-ket magʻlubiyatga uchraganidan keyin klub ichidagi muhitning sogʻlomligi shubha ostida qoldi.
El Larguero nashri maʼlum qilishicha, “Real” futbolchilari bosh murabbiy Alvaro Arbeloaga ishonmay qoʻygan. Jamoa ichidagi fikrga koʻra, mavjud muammolarni tez fursatda hal qilish mushkul.
Xususan, futbolchilar Alvaro Arbeloani tobora kamroq qoʻllab-quvvatlamoqda va u yaqin kelajakda lavozimidan ayrilishi mumkin. Omadsiz natijalar silsilasi muhitga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatdi.
The Athletic nashriga koʻra, Arbeloa kelganidan soʻng jamoa ruhiyati dastlab yaxshilangan boʻlsa-da, soʻnggi La Liga va Ispaniya kubogidagi magʻlubiyatlar 43 yoshli mutaxassisga boʻlgan ishonchni susaytirgan. Hozircha uni ishdan boʻshatish masalasi koʻrib chiqilmayapti. Biroq jamoadagi keskinlik kuchayishda davom etsa, vaziyat sobiq murabbiy Xabi Alonso bilan boʻlgan holatni takrorlashi mumkin.
Alvaro Arbeloa joriy yil yanvar oyida “Real”ni boshqarishni oʻz zimmasiga olgan. Uning qoʻl ostida jamoa 12 ta oʻyin oʻtkazib, 8 ta gʻalaba va 4 ta magʻlubiyat qayd etdi.
Fikrlar