“Real”ga 160 million yevroga ikki yulduz taklif qilindi. Bittasi Husanovning raqobatchisi
Madridning “Real” klubiga Yevropa futbolining ikki yulduzi – Ruben Diash va Joau Neves taklif qilindi.
El Debate nashrining ma'lumotiga ko‘ra, har ikki futbolchining xizmatlarini madridliklarga mashhur agent Jorje Mendes taklif qilgan. U so‘nggi oylarda “Qirollik klubi” rahbariyati bilan yana faol hamkorlik qilishni boshlagan.
Qayd etilishicha, PSJ va Portugaliya terma jamoasi yarim himoyachisi Joau Neves “Real”ga o‘tishga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Biroq transferdagi asosiy muammo futbolchining yuqori narxi. Parij klubi uni kamida 80 million yevro va bonuslar evazigagina qo‘yib yuborishni ko‘rib chiqmoqda.
Shu bilan birga, “Real” prezidenti Florentino Peres va PSJ rahbari Nasser Al-Xelaifi o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada yaxshilangani aytilmoqda. Bu esa ehtimoliy muzokaralarda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Ruben Diashga kelsak, “Manchester Siti” markaziy himoyachisi ham faoliyatini “Santyago Bernabeu”da davom ettirishga qarshi emas. Xosep Gvardiola ingliz klubini tark etganidan keyin jamoa yetakchilarining kelajagi noaniq bo‘lib qolmoqda.
Xabar qilinishicha, “Manchester Siti” o‘z himoyachisini taxminan 80 million yevroga baholamoqda. Biroq madridliklar muzokaralar boshlansa, transfer summasini pasaytirishga urinib ko‘radi.

Fikrlar