"Real"ni 3 ta sovrin yutgan murabbiy boshqarishi mumkin
Madridning "Real" klubi bosh murabbiy lavozimiga yana bir nomzodni ko‘rib chiqmoqda.Ma’lum qilinishicha, jamoani hozir boshqarayotgan Alvaro Arbelоaning 2025/26 mavsum yakunidan so‘ng o‘z vazifasida qolish ehtimoli juda past baholanmoqda.
ESPN xabariga ko‘ra, mutaxassis jamoada qolishi uchun yo mo‘’jiza sodir bo‘lishi, yoki Chempionlar ligasida g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi. Manbaga ko‘ra, Arbeloa o‘rniga hozirda AQSh terma jamoasini boshqarayotgan Maurisio Pochettino tayinlanishi mumkin.
Ma’lumotlarga qaraganda, yozda madridliklar argentinalik mutaxassisni taklif qilishi, Arbelоaga esa klubda boshqa lavozim berilishi ehtimoldan holi emas. Klub prezidenti Florentino Peres Pochettino bilan shartnoma imzolashni 2019 yildayoq istagan va 54 yoshli murabbiyni yuqori baholaydi.
Ma’lumot uchun, hozirda "qaymoqranglilar" La Liga turnir jadvalida 27 turdan so‘ng 63 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Peshqadam "Barselona"dan farq 4 ochkoni tashkil qilmoqda.
Chempionlar ligasi 1/8 finalida madridliklar "Manchester Siti"ga qarshi o‘ynaydi. Uchrashuvlar 11 va 17 mart kunlari bo‘lib o‘tadi. Agar "Real" keyingi bosqichga chiqsa, "Bavariya" yoki "Atalanta" bilan to‘qnash keladi. Maurisio Pochettino 2009 yildan beri murabbiylik qilib keladi. U 17 yillik faoliyati davomida Fransiyada PSJ bilan Liga 1 chempionligi, Fransiya kubogi hamda Superkubokni qo‘lga kiritgan.
Fikrlar