Rekordlar va tarixiy natijalarga boy o'tgan Jahon kubogi xalqaro OAV e'tirofiga sazovor bo'ldi!

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

8–10-oktyabr kunlari Toshkent ilk bor suzish boʻyicha Jahon kubogi bosqichiga mezbonlik qildi. Poytaxtimizda tashkil etilgan nufuzli musobaqada dunyoning 40 mamlakatidan 230 nafar sportchi ishtirok etdi. Ular orasida Olimpiya oʻyinlari va jahon chempionatlari gʻoliblari, shuningdek, jahon rekordchilari borligi bellashuvlarning yuqori saviyada va keskin raqobat ostida oʻtishini taʼminladi.

Uch kun davomida dunyoning kuchli suzuvchilari bir qator yoʻnalishlarda oʻz mahoratini namoyish etib, tomoshabinlarga murosasiz bahslar va unutulmas lahzalarni taqdim etdi. Musobaqa nafaqat ishtirokchilarning sport natijalari, balki Oʻzbekistonning xalqaro suzish hamjamiyatidagi mavqeini mustahkamlash nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Bellashuvlarda Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Ilya Sibirsev 800 metrgа erkin usulda suzish bahsida bronza medalini qoʻlga kiritib, mamlakatimiz hisobiga yana bir xalqaro sovrinni qoʻshdi. Mahalliy sportchilar uchun dunyoning eng kuchli suzuvchilari bilan bir maydonda raqobatlashish katta tajriba va oʻz imkoniyatlarini namoyish etish uchun muhim imkoniyat boʻldi.

Toshkentdagi musobaqa rekord natijalari bilan ham tarixda qoldi. Erkaklar oʻrtasida 50 metrgа chalqanchа va batterfly usullarida suzish boʻyicha jahon rekordlari yangilandi. Bundan tashqari, Jahon kubogining uchta, Yevropaning uchta va Afrikaning ikkita rekordi qayd etildi. Oʻzbekiston suzuvchilari ham oʻz natijalarini yaxshilab, yettita dasturda milliy rekordlarni yangilashga muvaffaq boʻldi.

Mazkur koʻrsatkichlar musobaqaning yuqori sport darajasida oʻtganini, unda nafaqat xalqaro yulduzlar, balki oʻzbekistonlik suzuvchilar ham munosib ishtirok etganini koʻrsatadi. Rekordlar va sovrinlar bilan boyigan uch kunlik bellashuvlar Toshkentning yirik xalqaro sport tadbirlarini qabul qilish salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.

Musobaqaning tashkil etilishi va xalqaro ahamiyati xorijiy sport nashrlarining ham eʼtiborini tortdi. Jumladan, Qatarning “al-kas.com nashri, xalqaro sport axborot portali Inside the Games, Fransiyaning Francs Jeux nashri hamda Buyuk Britaniyaning Sports Insight platformasida Toshkentdagi Jahon kubogi haqida materiallar eʼlon qilindi.

Xorijiy OAV eʼtibori Oʻzbekistonning xalqaro sport maydonidagi faolligi ortib borayotgani, mamlakatimizning yirik musobaqalarni tashkil etish borasidagi tajribasi va imkoniyatlari kengayib borayotganini koʻrsatuvchi muhim omillardan biridir.
Toshkentda ilk bor oʻtkazilgan suzish boʻyicha Jahon kubogi mamlakatimiz sport tarixida yangi sahifa ochdi. Musobaqa davomida qayd etilgan jahon va qitʼa rekordlari, oʻzbekistonlik sportchilarning natijalari hamda xalqaro nashrlarning eʼtibori ushbu tadbirning ahamiyatini yanada oshirdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!