Rivojlanishda davom etayotgan Malayziya futboli va Shoahmedov to‘p surayotgan liga
Malayziya so‘nggi yillarda Osiyoda futboli rivojlanayotgan davlatlar sirasiga kiradi. Aytish lozimki, ushbu mamlakatda klublarning moliyaviy imkoniyatlari juda yaxshi. Shu bois chempionat saviyasini oshirish maqsadida legionerlar taklif etilmoqda. Quyida Malayziya futboli va u erda to‘p surayotgan legionerlarimiz borasida so‘z yuritamiz.
Kimlar bor?
Sanjar Shoahmedov ("Terengganu"), Nikita Pavlenko ("Selangor Yunayted")


O‘tgan yillarga nisbatan Malayziyada hamyurtlarimiz soni biroz qisqardi. Bu yil ikki nafar o‘zbekistonlik futbolchi faoliyatini ushbu mamlakatda davom ettirmoqda. "Olmaliq" va "Lokomotiv" jamoalaridagi yorqin o‘yinlari bilan muxlislar mexrini qozona olgan Sanjar Shoahmedov yil boshida "temiryo‘lchilar"ni tark etdi va Malayziyaga yo‘l oldi. Sanjarning "Terengganu" bilan shartnoma imzolashida "Paxtakor"da ajoyib o‘yinlar namoyish qila olgan Boyan Miladinovichni o‘rni katta bo‘ldi. Miladinovich oxirgi vaqtlarda futbol agenti sifatida faoliyatini boshlagan va Shoahmedovni Malayziyaga yo‘l olishiga asosiy sababchi bo‘la oldi. Shuni qo‘shimcha qilish kerakki, Sanjarning ayni vaqtdagi jamoasida ilgari Lutfulla To‘raev ham faoliyat olib borgan.
"Mash’al"da to‘p surgan Nikita Pavlenko ham Malayziya Premer-ligasi (nufuzi bo‘yicha Pro-ligaga teng) yangi a’zosi "Selangor Yunayted" bilan shartnoma imzoladi. Bugungi kunda har ikki futbolchi ham Malayziyada yorqin futbol namoyish etish uchun harakat qilmoqda.

Chempionat va uning formati borasida
Malayziyaning Superligasi va Premer-ligasida 12tadan jamoa ishtirok etadi. Bu yil ham Premer-ligada "Perlis" klubi ortda qolgan uch turdan keyin musobaqani tark etishga majbur bo‘ldi. Chunki klub futbolchilarning maoshlarini bera olmaganligi tufayli, Malayziya Futbol Federatsiyasi tomonidan musobaqadan chetlatildi. Ma’lumot uchun, o‘tgan mavsumda ham Premer-ligada "Kuantan" klubi moliyaviy muammolar sababli, musobaqadan chiqarib yuborilgandi.
Malayziya Superligasida so‘nggi yillarda "Joxor" klubi etakchilikni hech kimga bermay kelmoqda. Mamlakat shahzodasiga qarashli bo‘lgan ushbu jamoa har yili chempionlik poygasida g‘olib chiqmoqda. Bu yil esa "Paxang", "Terengganu" klublari "Joxor"dan chempionlikni tortib olish uchun kurashmoqda.
E’tiborlisi, har ikki ligada ham teng ravishda ikki klub pastki ligaga ravona bo‘ladi.Superliga g‘olibi esa Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichiga yo‘llanma olsa, keyingi o‘rin sohibi OFK Kubogida o‘z yurishini davom ettiradi.
Legionerlar va ularga qo‘yilgan talab xususida
Joriy yildan boshlab Malayziya Futbol Fedearatsiyasi klublarga bir qancha qulayliklarni yaratib berdi. Oxirgi yillarda Malayziyaga keladigan legionerlar oxirgi vaqtlarda faqat top liga klublarida o‘ynagan bo‘lishi, o‘z mamlakatida asosiy yoki kichik toifadagi terma jamoalarda o‘ynagan kamida bir nechta uchrashuvlarda qatnashgan bo‘lishi lozim edi. Mavsum starti arafasida esa bu cheklov olib tashlandi. Endi klublar o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, legionerlar taklif qilishga odatlandi. Malayziyada 3+1+1 shaklidagi limit amal qiladi. Ya’ni, klublar 3ta xorijlik legioner va 1ta osiyolik futbolchini olishdan tashqari, yana bir kvotaga esa Sharqiy osiyolik bo‘lgan charm to‘p ustasini jalb qilishi mumkin. Bu kvotaga Indoneziya, Singapur, Filippin, Sharqiy Timor, Bruney, Laos, Tailand, Kambodja mamlakatlardan futbolchi taklif eta oladi.
Premer-ligada esa 3+1 limiti amalda qo‘llanilmoqda. Agar klublar istasa, osiyolik va Sharqiy osiyo mintaqasida joylashgan mamlakatlardan ham futbolchi taklif etish imkoniyatiga ega.
Klublar har yili moliyaviy ko‘mak olishadi
Olgan ma’lumotlarimizga ko‘ra, Malayziya Futbol Federatsiyasi Superliga va Premer-liga klublari uchun qo‘shimcha yordam sifatida grant beradi. Bu esa klublarning moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilab olishlari uchun ko‘mak bo‘ladi. Superliga klublari 250-300 ming dollar miqdorida grant olish imkoniyatiga ega. Premer-liga klublarida esa bu ko‘rsatkich 150-200 ming dollarni tashkil qiladi.
Stadionlar va muxlislar tashrifi

Malayziyada stadionlarning holatiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Bu erda ikkala chempionat ham bir vaqtda , ya’ni fevrlarda start oladi va iyulning oxirgi kunlariga qadar davom etadi. Shu boisdan klublar mamlakatdagi iqlimdan kelib chiqib, o‘yingohlarni mavsumga tayyorlaydi. Qolaversa, stadionlar sig‘imi ham ancha yuqori. Ayrim jamoalar ishtirokidagi bahslarni 20-30 ming muxlis tomosha qilishadi. O‘rtacha 10 ming atrofidagi ishqibozlar bevosita uchrashuvlarni kuzatish uchun stadionlarga tashrif buyurishadi.
Fikrlar