
“Roma” Shomurodov bo‘yicha muhim qarorga keldi!
“Roma” klub xo‘jayinlari – Fridkinlar oilasi va rimlik muxlislar orzu qilgan marra – Evropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma olishga har qachongidan ham yaqin turibdi.
A Seriya o‘yinlari yakunlanishiga uch tur qolgan pallada “Napoli” va “Inter” chempionlik masalasini hal qilmoqda. “Atalanta” uchinchi o‘ringa mustahkam joylashib olgan.
Qit’aning eng nufuzli musobaqasiga yo‘llanma beradigan so‘nggi – to‘rtinchi pog‘onaga bir xil tarzda 63 tadan ochko jamg‘argan “Yuventus”, “Roma” va “Latsio”, shuningdek, ulardan bir ballga ortda qolayotgan “Bolonya” da’vogarlik qilmoqda.
Italiya chempionatining 36-tur uchrashuvi ko‘p narsaga oydinlik kiritishi kutilmoqda. Chunki bu turda “Roma” safarda uchinchi pog‘onada borayotgan “Atalanta” mehmoni bo‘ladi. “Latsio” futbolchilari “Olimpiko” stadionida yo‘llanma yo‘lidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchi “Yuventus”ni qabul qiladi.
“Roma” xaloskoriga aylangan Klaudio Raneri Bergamoda bo‘ladigan muhim uchrashuv oldidan to‘g‘ri tarkib tanlash borasida bosh qotiryapti.
Joriy mavsum davomida “Roma”ni uch murabbiy boshqargan bo‘lsa, ularning barini eng ko‘p o‘ylantirgan masala hujum chizig‘i bo‘lib turibdi. Chempionatning hal qiluvchi pallasida Klaudio Raneri tarkibda atigi ikkita markaziy hujumchi borligiga qaramay, oxirgi uchrashuvlarda ularning har ikkisidan bir paytda foydalanishni ma’qul ko‘rmoqda.
Italiya matbuoti “Atalanta”ga qarshi bahs oldidan Klaudio Ranerining taktik topilmalari haqida fikr yuritdi. Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga “Roma” murabbiylar shtabining rejalari tahlil qilingan maqolani havola etadi.
- Klaudio Raneri “Fiorentina” ustidan qozonilgan g‘alabani unutib, shogirdlarini yana maydondagi mashg‘ulotlarga jalb qildi. Rim “bo‘rilari” Bergamoda “Atalanta”ga qarshi bo‘ladigan to‘qnashuvga tayyorgarlikni boshlab yubordi.
Raneri mashg‘ulotlarida jarohat tufayli mavsumning qolgan qismini o‘tkazib yuboradigan Paulo Dibaladan boshqa barcha futbolchilar ishtirok etmoqda.
“Roma” asosiy maqsadi – Chempionlar ligasiga yo‘llanma olishi uchun uchta hal qiluvchi o‘yin qoldi. Bu o‘ringa to‘rt klub da’vogarlik qilyapti. Mavsum oxirida ajoyib stsenariy yuzaga keldi.
Klaudio Raneri “Atalanta” bilan bo‘ladigan safar o‘yiniga ham “Fiorentina”ni enggan tarkibni deryali o‘zgartirishlarsiz tushiradigan bo‘ldi. Bu futbolchilar bir tur avval Milanda chempion “Inter”ni ham engib keldi.
Demak, Bergamoda darvozani mustahkam qo‘riqlab kelayotgan Mile Svilar egallaydi. Bu posbon jamoaning 19 ta uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasida muhim rol o‘ynaganini ta’kidlash lozim. Himoya vakillaridan uch nafari – Zeki Chelik, Janluka Manchini va Evan Ndikaning joyi ham kafolatlangan. Jahon chempioni Mast Xummels futboldan ketish oldidan bir marotaba bo‘lsa ham, Raneri unga imkon berishini kutyapti.
Maydonning ikki qanoti Matias Sule va Anxelinoga topshiriladi. Markazda Brayan Kristante va Manuel Kone joylashishi aniq, pleymeyker vazifasi yo Lorentso Pellegrini, yoki katta tajriba egasi Leandro Paredesga topshiriladi.
Klaudio Raneri Eldor Shomurodovni yana ilk daqiqalardan maydonga tushirishga qaror qilgan. O‘zbek legioneri Artyom Dovbik bilan hujum tandemini tashkil qiladi. Shuningdek, zaxiraga o‘tirib qolgan Aleksis Salemakers ham murabbiylar shtabi Bergamoda unga imkon berishini kutmoqda, - deb yozdi ilromanista.eu portali eksperti Yakopo Mirabella.
Ta’kidlash joizki, Shomurodov “Roma”ning so‘nggi o‘yinlarida Klaudio Ranerining maydondagi tayanchiga aylandi. Ayniqsa, oxirgi beshta uchrashuvga e’tibor qaratsak, shulardan to‘rttasida 29 yoshli hamyurtimiz samarali harakatlarni amalga oshirdi.
Xususan, Eldorning ikki golidan biri “Yuventus” bilan o‘yinda durangni ta’minlagan bo‘lsa, ikkinchisi “Verona” ustidan qimmatli g‘alabani keltirdi.
Amaldagi chempion “Inter” maydonidagi o‘yinda Matias Sule, “Fiorentina” bilan bahsda Artyom Dovbik aynan Shomurodovning paslaridan keyin g‘alaba to‘pini kiritdi.
“Atalanta” va “Roma” o‘rtasidagi uchrashuv A Seriyaning 36-turini yakunlab beradi. Bu bahs 12 may kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi.
Fikrlar