
“Roma” Shomurodov bo‘yicha qarorini o‘zgartirdi!
Qishki transferlar davrida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri hamyurtimiz Abduqodir Husanovning qaysi grand klubga o‘tishi bo‘lib turibdi.
Ayniqsa, o‘zbek futbolchisi uchun kurashga “Manchester Siti” va “Real” kabi qudratli klublarning qo‘shilgani deryali barcha o‘zbekistonlik ishqibozlarini bu mavzuni yanada diqqat bilan kuzatishga majbur qilmoqda.
Abduqodir Husanovning mashhurligi ortib ketgani ta’sirida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning holati biroz e’tibordan chetda qolib ketgandek. Zero, 29 yoshli hujumchining nomi Italiya transfer bozorida ko‘p aylanmoqda.
Ma’lumki, o‘zbek futboli tarixida terma jamoamiz uchun eng ko‘p gol urgan Shomurodovning klub miqyosidagi faoliyati o‘zi kutganidek kechmayapti. Mana nechanchi mavsumdirki, hamyurtimiz “bo‘rilar”ning asosiy tarkibida etarli o‘yin amaliyotiga bo‘lmayapti. Har transfer oynasi ochilgan vaqtda Eldor o‘ziga jamoa tanlashiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bu gal ham legionerimiz oldida ana shunday mas’uliyat turibdi. Italiya matbuoti, xususan siamolaroma.it sayti eksperti Federiko Toninining ta’kidlashicha, yanvarning dastlabki kunlarida o‘zbek futbolchisiga jiddiy qiziqish bildirayotgan klublar uchtani tashkil qilmoqda. Bular “Kalyari”, “Empoli” va “Venetsiya”.
Qizig‘i shundaki, Eldor Italiyadagi faoliyati davomida turli yillarda har uchala jamoa darvozasini ishg‘ol qilgan.
“Roma” rahbariyati anchadan beri Eldor Shomurodovni boshqa klubga to‘liq transfer qilish yo‘lini qidirib keladi. Biroq o‘zbek futbolchisiga qiziqayotgan klublar asosan musobaqa jadvalining quyi qismidan o‘rin olgan va o‘yinchiga maosh to‘lash borasida poytaxt klubi bilan tenglasha olmaydi. Eldorning maoshi ularga og‘irlik qiladi.
Il Messaggero gazetasiga ko‘ra, “Roma” mutasaddilari Shomurodov bo‘yicha qarorini o‘zgartirdi. Endi klub da’vogar jamoalarga osiyolik legionerini to‘liq sotib olish talabini qo‘ymaydigan bo‘ldi.
- Eldor Shomurodov “Roma” bilan vaqtinchalik bo‘lsa-da, xayrlashishga tayyor. O‘zbek hujumchisi Klaudio Raneri rejalariga kirmaydi, klub unga qimmatli o‘yin vaqtini kafolatlaydigan variant qidirmoqda. Ayni paytda Shomurodovga “Kalyari”, “Venetsiya” va “Empoli” kabi hujum chizig‘ini kuchaytirishni ko‘zlagan jamoalar qiziqish bildirmoqda.
“Roma”ning maqsadi o‘zbek legionerini ajaraga jo‘natish va bu orqali uning transfer narxini ko‘tarish. Shomurodov o‘tgan mavsum og‘ir jarohat tufayli uzoq muddat maydondan tashqarida qolgan bo‘lsa-da, keyinchalik “Kalyari” uchun muhim bo‘lgan gollarni ura oldi. Endi u boshqa jamoada bo‘lsa-da, mavsum oxiriga qadar o‘zini ko‘rsatib, faoliyatini tiklab olishi kerak, - deb yozmoqda siamolaroma.it sayti eksperti Federiko Tonini.
To‘g‘risini aytganda, Eldor Shomurodov “Roma” uchun biroz qimmatroqqa tushgan. Transfermarkt portalida rimliklar o‘zbek hujumchisi uchun “Jenoa”ga jami 19,6 million evro to‘lagani qayd etilgan. Ushbu nufuzli manbada o‘zbek futbolchisining ayni paytdagi transfer summasi 4 million evrogacha arzonlagani ko‘rsatilgan.
Demak, “Roma”ning hozircha Eldor Shomurodov bilan to‘liq xayrlashish rejasi yo‘q. Biroq qishki transferlar vaqtida boshqa klubga ijaraga jo‘natish varianti birlamchi bo‘lib turibdi. Kutamiz, tez orada yangilik bo‘lib qolish ehtimoli katta...
Fikrlar